Qadrli ustoz va murabbiylar!

Dunyodagi eng ulug‘, sharafli kasb egasi bo‘lgan aziz, muhtaram ustoz va muallimlar! Sizni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman.

Hayotining o‘tgan kunlariga nazar solgan inson faqat bir zotni samimiy o‘y-fikr, sog‘inch va chuqur ehtirom ila yodga oladi. Bu zot – purma’no so‘zli, donishmandlarga xos nigohli, ko‘zingizga qarab ko‘nglingizdagini sezib turuvchi Ustoz, muallimdir. Xalq bolasini o‘z bolasidek bag‘riga bosgan, ilm-fan sir asrorlarini hijjalab o‘qitgan, odamiylik sabog‘ini bergan ustoz- muallim “otadek ulug‘lanuvchi” muhtaram zotdir.

 Ayagan hayotning sanchiqlaridan,

Yiqilsa ko‘targan to‘siqlaridan,

Otadek ezilgan, g‘ussaga botsa,

Boladek quvongan yutuqlaridan.

Uyquda shogirdin o‘ylab yotgan kim?

Oddiy muallim-da, oddiy muallim!

Bugun men shoirning so‘zlarini “Buyuk muallim” deya o‘zgartiraman. Negaki, bugun butun jamiyatimiz muhtaram Prezidentimizning ta’lim siyosati, o‘qituvchi nufuzini ulug‘lashday oqilona tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Xalqimiz va Prezidentimizning ta’lim sohasidagi islohotlariga kamarbasta bo‘lish, jahon miqyosida  milliy yuksalish orzusida yashayotgan mamlakatimiz ravnaqiga hissa qo‘shish siz-u bizdek ziyolilar mas’uliyatidadir.

Muhtaram ustoz va murabbiylar! Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar bayrami bilan chin dildan tabriklayman. YUksak parvozlarga shaylanayotgan ilmu tolib yoshlarimizga ma’rifat ziyosini taratishda aslo charchamang. Hamisha sog‘ va salomat bo‘ling.

 

Ehtirom bilan     Alisher Samadov,

Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali direktori.