SHAHAR EKOLOGIK MUAMMOLARI

Tabiat va jamiyat o‘rtasidagi munosabat ekologiya fanining bosh masalalaridan hisoblanadi. Bu munosabatning markazida tabiiy sharoit va resurslardan oqilona foydalanish turadi. Biroq, ekologiya umuman tabiiy resurslardan foydalanish emas, balki ushbu jarayonning hududiy tarqalish jihatlarini o‘rganadi. Bu borada ekologiya fanining tarkibiy qismlari bo‘lgan sanoat ekologiyasi va ijtimoiy ekologiya o‘rtasida o‘ziga xos hamkorlik, integratsiyasi tabiat va jamiyat munosabatlarini yagona hududiy tizim sifatida tahlil va tadqiq qiladi, ularni boshqarishning ilmiy asoslarini ishlab chiqadi.

SHuni ta’kidlash joizki, fan – texnika taraqqiyoti davomida tabiat va jamiyat orasidagi munosabat ko‘proq jamiyat “foydasiga” o‘zgarib boradi; agar dastlab tabiat ustunlikka ega bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda insoniyatning unga ta’siri va tazyiqi kuchaymoqda. SHu ma’noda tabiat o‘zining “tabiiyligini”, ya’ni bizga bog‘liq emaslik xususiyatini yo‘qotib, uning rivojlanish qonuniyatlari tobora o‘zgarib bormoqda.

Ilgari tabiiy resurslardan foydalanish tartibsiz bo‘lib, ko‘p mehnat talab qilinmas edi, hozir esa bu jarayon miqdor va miqyos jihatidan intensivlashgan. Natijada, tabiiy resurslarning insoniyat rivoji uchun cheklanganlik alomatlari sezilib borgan va ulardan foydalanishda iqtisodiy tejamkorlik masalasi vujudga kelgan. Ayni vaqtda atrof-muhit muhofazasi, tabiatdan foydalanishda ekologik yondoshuv zarurligi dolzarb bo‘lib qoldi. So‘nggi yillarda tabiatda biologik turli-tumanlikni saqlab qolish, tabiatga yangicha munosabat, barqaror rivojlanish konsepsiyasi kabi olamshumul (global) ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy g‘oyalar kun tartibiga chiqmoqda. Tabiat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning bunday evolyusion tarzda o‘zgarib borishi muammoni konstruktiv yoki amaliy hal etishni taqozo etadi.

Tahlillarning ko‘rsatishicha, jahonning etakchi, rivojlangan sanoat bosqichidan o‘tgan (postindustrial) davlatlarida axborot tizimi va noishlab chiqarish sohalarining rivojlanishi ko‘proq bevosita tabiiy resurslarga bog‘liq bo‘lmagan holda, asosan, innovatsiya va intellektual salohiyat, inson omili ta’sirida yuzaga kelmoqda. Bunday mamlakatlarda an’anaviy bioekologiya emas, inson yoki ijtimoiy ekologiya muammolari keskinlashgan. Ammo ko‘pchilik davlatlarning milliy iqtisodiyoti eng avvalo ulardagi boy tabiiy resurslardan foydalanish hisobiga rivojlanib bormoqda.

Ma’lumki, har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasi hududiy mehnat taqsimotining qay darajada shakllanganligiga bog‘liq. Bu esa, o‘z navbatida, tabiiy sharoit va resurslar ta’sirida vujudga keladi. Binobarin, u yoki bu hududning iqtisodiy rivojlanishida qaysi bir foydali qazilma yoki boshqa turdagi tabiiy resursning mavjudligigina emas, balki ularning turli –tumanligi, ekologik nuqtai nazardan o‘zaro bir-biriga yaqin joylashganligi muhimdir. Mamlakatda har xil tabiiy sharoit va tabiiy resurslarning borligi, masalan. CHo‘l va voha, tog‘ va vodiylar, mineral resurs va boshqa xom-ashyo turlarining hududiy mujassamlashuvi uning rivojlanishidagi muhim ekologik omil hisoblanadi.

Tabiatdan foydalanishning muhim asosi, eng avvalo, ishlab chiqarish tarmoqlari va aholini to‘g‘ri hududiy tashkil qilishda o‘z aksini topadi. Hududiy tashkil qilish tizim-tarkib nuqtai nazaridan boshqarish demakdir. Ishlab chiqarish tarmoqlari, xuddi shaxmat doskasida joylashgan figuralar singari, hudud va korxonaning xususiyatlarini uyg‘unlashtirgan holda, maqsadga muvofiq tarzda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlari kerak. Aytaylik, tog‘ kon metallurgiya kombinati, sement va kimyo zavodi, ishlab chiqarish korxonalari, kasalxona, chorva fermasi, maktab, bozor, vokzal, universitet va hakozalar bir joyda emas, to‘g‘ri hududiy tashkil etilishi, ma’lum shart-sharoitlar, ilmiy yondoshuvni talab qiladi. Bu erda barcha sohalarning standarti, tabiat va aholi manzilgohlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan ishlab chiqarishni joylashtirishning maqbul tizimi bo‘lishi talab etiladi.

Ba’zi hollarda iqtisodiyot tarmoqlari, aholi joylashuvi va tabiiy sharoit o‘rtasida ekologik nomuvofiqlik vujudga keladi, natijada ekologik muhit buziladi, hudud imkoniyati va xususiyatidan to‘g‘ri foydalanilmaydi. Zero, har bir joyning aynan ma’lum bir sohaga qulayligi yoki moyilligi mavjud, ekologiyaning asosiy maqsadi esa hududning xosiyati va xususiyatini aniqlash, to‘g‘ri baholash va ulardan samarali foydalanish yo‘llarini asoslab berishdan iboratdir.

Ekologik fikrlash, ekologik bilim va madaniyat tabiat va jamiyat,aholi va ishlab chiqarish joylanishi o‘rtasidagi ijobiy munosabatni shakllantirishga yordam beradi. CHunki, ekolog hamma vaqt masalaga kompleks yondoshadi, faqat iqtisod emas, ekologiya va ijtimoiy vaziyatni ham e’tiborga oladi, har qanday ta’sirda aks ta’sir borligini unutmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi ancha katta er resurslariga ega. Biroq ulardan foydalanish imkoniyati, shart-sharoiti va darajasida ichki hududiy tafovutlarda kuzatiladi. Ma’lumki, er ko‘p maqsadlarda foydalaniladigan muhim tabiiy resurs va boylikdir. Sanoat, transport, ijtimoiy soha korxonalari, uy-joy qurilishi, aholi joylashuvi ma’lum miqdorda er maydonini talab qiladi. Bu muammo, ayniqsa bozor munosabatlari davrida birmuncha keskinlashadi. Ayni vaqtda, erdan ma’lum bir rejaga asoslanmagan holda foydalanish hollari yuzaga keladi. Masalan, shaharlar hududi atrofiga kengayishi bilan birga ichkaridan zichlashib bormoqda, qishloq joylarda ham uy-joy qurilishi ba’zan tartibsiz olib borilmoqda. Bunday sharoitda erdan to‘g‘ri foydalanish, uning o‘zini turli sohalar joylashuvi uchun tashkil etish muhim muammo bo‘lib qoldi.

Albatta, bizning sharoitda er, eng avvalo, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va hududiy tashkil etishda asosiy resurs hisoblanadi. Ammo, er maydoni kattaroq joylarda suv manbalari yo‘q yoki oz va, aksincha, nisbatan suv bilan ta’minlangan hududlarda obikor dehqonchilik uchun er maydoni etishmaydi. Er resurslari aholi zich joylashgan Farg‘ona vodiysi, Xorazm va boshqa viloyatlarning voha joylarida ancha kam.

Umuman olganda esa, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida suv resurslaridan foydalanish yanada, keskinroq. CHunki, respublikamizning asosiy gidrologik shaxobchalari transchegaraviy xarakterga ega. Binobarin, suv resurslaridan foydalanish muammosi xalqaro hamkorlik, o‘zaro manfaatlarni muvofiqlashtirgan holda, tegishli huquqiy-tashkiliy asoslar doirasida hal etilishi lozim. Hududiy tutash davlatlar faqat milliy manfaatdor bo‘lib emas, balki yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishi, Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘ziga xos geosiyosiy va yagona iqtisodiy makonni yaratish nuqtai nazaridan sa’y-harakat qilishi zamon talabidir.Qolaversa, har qanday gidrotexnik inshoatlar puxta ishlangan bo‘lishi va ularning ekologik ta’siri ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

Respublikamiz yirik yoqilg‘i-energetika hamda turli xil mineral resurs xom ashyolariga boy. Ayniqsa, tabiiy gaz, oltin, uran, mis, har xil tuz zahiralari ko‘p. Navoiy viloyati rangli va nodir metallar, fosforit, qurilish materiallari sanoati xom ashyosiga, Qashqadaryo neft-gaz, har xil tuz va polimetal rudalariga, Toshkent viloyati ko‘mir, rangli metallar, qurilish materiallari sanoati xom ashyosiga ega va h.k.

Tabiiy resurslarning hududiy birikmalari asosida tarmoqlararo va hududiy ishlab chiqarish majmualari shakllandi. Jumladan, Angren-Olmaliq tog‘-kon, Qashqadaryo yoqilg‘i-energetika majmualari bunga misol bo‘la oladi.

XXI asr boshlariga kelib barqaror rivojlanishni ta’minlash milliy, mintaqaviy va global miqyoslarda olamshumul ahamiyat kasb etmoqda.

Yirik sanoat shaharlarning ekologik muammolarini o‘rganish va istiqbolda barqaror rivojlanishini ta’minlash dolzarb masalalardan hisoblanadi. SHaharlar quruqlikning 3-4% dan oshiqroq erini egallaydi, lekin ular ekologik muhitning ifloslanishida asosiy rol o‘ynaydi. Yirik shaharlarda atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatadigan sanoat korxonalari, transport eng ko‘p to‘plangan, maishiy chiqindilar miqdori ham ortib bormoqda. Aynan yirik shaharlar katta masofalarda atrof-muhitga kompleks zararli ta’sir ko‘rsatadi. SHaharlarda murakkab ekologik vaziyatning kuzatilishi natijasida aholi kasallanishining yuqori ko‘rsatkichlari qayd qilinadi.

SHuningdek yirik sanoat majmualari joylashgan hududlarda ya’ni Angren – Olmaliq, Farg‘ona va Marg‘ilon, Navoiy va boshqa shaharlarda ijtimoiy ekotizim holati yaxshi emas. CHunki sanoat markazlarida chiqayotgan turli-xil gazlar va chiqindilar atrof-muhitning ekologik holatini buzilishiga olib kelmoqda. Atmosfera havosini ifloslanish darajasi bo‘yicha Olmaliq, Angren, Navoiy, Farg‘ona, Toshkent va boshqa shaharlar minglab tonna chiqindi va zararli gazlar orqali ifloslanish kompleks indeksi ko‘rsatkichlarining o‘sishi kuzatilmoqda.

SHahar hududida joylashgan monitoring postlari ma’lumotlari bo‘yicha atmosfera havosi ifloslanishining yuqori ko‘rsatkichlari aynan shu sanoat shaharlarida kuzatiladi. SHaharda atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirish uchun:

  • korxonalarda zaharli gazlar va xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilishda nazoratni kuchaytirish;
  • zamonaviy chiqindilarni qayta ishlash korxonalarining loyihalarini tayyorlash va qurilishini ta’minlash;
  • zamonaviy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy qilish va boshqalarni amalga oshirish lozimdir;
  • korxonalarda zamonaviy suv tozalash va qayta suv ta’minoti tizimlarini joriy qilish;
  • er osti ichimlik resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash;
  • aholi o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini rivojlantirish va boshqa choralarni ko‘rish zarurdir;
  • avtomobillarni bosqichma – bosqich ekologik xavfsiz yoqilg‘i turlariga to‘la o‘tkazish;
  • tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish amaliyotini ommalashtirish;
  • aholining ekologik savodxonligini oshirish, chiqindilar yoqish va atrof muhitga tashlamaslik kabi tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Respublikamizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan katta xajmdagi obodonlashtirish faoliyati, aholi o‘rtasida olib borilgan ta’lim – tarbiya, tushuntirish ishlari natijasida ekologik vaziyat keskinligi sezilarli darajada pasaydi. SHaharlar hududlarida O‘zbeksiton Respublikasi tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi talablarining bajarilishini ta’minlash kelajakda ekologik barqaror rivojlanishga erishishga puxta zamin yaratadi. Ekologik vaziyatni boshqarish bo‘yicha strategik faoliyatda yirik sanoat shaharlari, poytaxt shaharlari ekologik sog‘lomlashtirish, aholi uchun qulay sharoitlarni ta’minlashda xalqaro amaliyot va tajribalarni o‘rganish va joriy qilish kutilgan natijalarga olib keladi.

Shahar va tabiiy muhitning bog‘liqligi

Islom Karimov nomidagi ToshDTU “Umumkasbiy va iqtisodiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi. A.Hunarov