Flat Preloader Icon Loading...

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali tarixi

XX asrning 50-yillarida O‘zbekistonda yirik metallurgiya zavodlarining qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 60-yillarda ushbu rejani amalga oshirish ishlari boshlab yuboriladi. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekoltin” birlashmasiga qarashli Chodak, Angren, Marjonbuloq oltin saralash fabrikalari, keyinroq esa Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari qurildi. Bu davrda Bekobod metallurgiya zavodi, Chirchiq o‘tga chidamli va qiyin eruvchi metallar (volfram va molibden) ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kombinat faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Ushbu zavodlarda ishlash uchun mutaxassislar – injener metallurglar tayyorlash davr talabiga aylangan edi.

Bu vazifa Toshkent politexnika instituti (Xozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) tarkibidagi Konchilik Fakultetiga yuklatiladi. Shu munosabat bilan 1961-yili Olmaliq shahrida kechki, 1962-yili Toshkentda kunduzgi bo‘limga “Rangli metallar metallurgiyasi” ixtisosligi bo‘yicha abiturientlar qabul qilinib, injener metallurglar tayyorlash boshlab yuboriladi. Fakultet dekani dots. U.A. Isomuxammedov, dekan o‘rinbosari  I.I.Inag‘amov bo‘lgan. Rahbariyatning “Oliy o‘quv yurtlari ishlab chiqarish korxonalariga yaqin joylarga ko‘chirilsin” degan buyrug‘iga binoan Toshkent politexnika instituti tarkibidagi kon-metallurgiya Fakulteti 1963-yil sentyabrida Olmaliq shahriga ko‘chiriladi. Fakultet Olmaliqqa ko‘chirilgandan keyin U.A. Isomuxammedov o‘quv ishlar bo‘yicha prorektor lavozimiga o‘tkazilib, Olmaliqdagi fakultetga 1961 yil  A.P.Turchits tayinlandi.1963-1967 yillari Olmaliq kon metallurgiya fakultetining kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘limlari tashkil etildi va texnika fanlari nomzodi, dotsent Ilhom Inag‘amovich Inag‘amov dekan vazifasida ish yuritdi.1967 yilda Olmaliq kon metallurgiya fakultetining kunduzgi bo‘limi ToshPIga o‘tkazildi kechki, sirtqi bo‘limlarda Olmaliqda foliyat olib borildi.1967-1976 yillarda texnika fanlari nomzodi Djaymagambetov Djetis Satxalievich dekan vazifasida ish yuritdi.1976-1981 yillar Olmaliq KMF yana texnika fanlari nomzodi, dotsent Ilhom Inag‘amovich Inag‘amov dekan vazifasida ish yuritdi.1981-1993 yillarda texnika fanlari nomzodi, dotsent Yusupxodjaev Anvar Abdullaevich dekan vazifasida ish yuritdi.1993-1995 yillarda texnika fanlari nomzodi, dotsent Xolmatov Miraxmad Maxamadovich dekan vazifasida faoliyat olib bordi.Olmaliq kon metallurgiya fakultetida 1961-1995 yillarda ishlagan professor -o‘qituvchilar B.A. Stepanov V.N.Chazov, R.Sharipkulov, B.V.Popova, V.Ivanova, N.Nexoroshov, A.Zubkov, L.Chazova, M.I.Shupak, S.Abduraxmanov, M.Askarov, A.Yusupxodjaev, A. Mutalov, M.Abduraxmonov, M.Mutalova, T.Maxmadiyorov, M.Xolmatov, M.YAkubov,  A.Xasanov kabi mutaxassislar talabalarga saboq berganlar.1995 yilda Olmaliq kon metallurgiya fakulteti Olmaliq davlat texnika kollejiga aylantirildi.2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatining tez rivojlanayotgan kon-metallurgiya sohasi, asosan Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatining tegishli bo‘limlarini va qolaversa Respublika sanoatining tog‘-metallurgiya sohasini tayyorlangan malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun Navoiy davlat konchilik instituti tarkibida Olmaliq kon-metallurgiya fakulteti tashkil etildi.

O‘sha vaqtda fakultetni tashkil qilishda quyidagi insonlar tashabbus ko‘rsatishgan: Rossiya konchilik fanlari akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori B.R.Raimjonov, texnika fanlari doktori N.I.Kucherskiy, texnika fanlari doktori Q.S.Sanaqulov, texnika fanlari doktori, professor S.A.Abduraxmanov, texnika fanlari doktori YU.J.Norov, texnika fanlari doktori O‘.F.Nosirov, dotsent R.M.Qarshiev, dotsent A.M.Mutalov va Fakultetning birinchi dekani texnika fanlari doktori A.S.Xasanovlar.Navoiy davlat konchilik instituti rektorining 02.08.2001 yildagi №1/68 sonli buyrug‘i bilan Olmaliq kon-metallaurgiya fakulteti ochilgan. 2001 yilda birinchi bosqichga talabalar o‘qishga qabul qilingan.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning oxirgi yillarda Toshkent viloyatida ishlab chiqarish va sanoat sohasini, ancha rivojlanganligi shuningdek sanoatning tegishli bo‘limlarida va qolaversa Respublika sanoatini asosiy sohalariga malakali kadrlar tayyorlash va ta‘minlash uchun 2017 yil 27 iyuldagi № PQ-3153 Qaroriga asosan Olmaliq shahrida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali tashkil etildi.2017 yil Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq fililalida 2 ta “Konchilik ishi va metallurgiya” hamda “Energetika va mashinasozlik” fakultetlari tashkil qilindi. Navoiy davlat konchilik institutining Olmaliq kon-metallurgiya  fakulteti o‘rnida tashkil etilgan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining ham o‘z shonli tarixi bor. Bugun barcha sohalarda amalga oshirilayotgan taraqqiyotparvar islohotlar oliy ta’lim tizimida ham o‘z bo‘y-bastini ko‘rsatmoqda.    O‘tgan asrning 50-yillarida O‘zbekistonda yirik foydali qazilma konlari aniqlanib, ularni qazib olish, boyitish fabrikalari hamda metallurgiya zavodlarining qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib,  ushbu rejani amalga oshirish ishlari 1960 yillarda boshlab yuborildi. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zbekoltin” birlashmasiga qarashli Chodak, Angren, Marjonbuloq konlari va rudalarini boyitish fabrikalari, keyinroq esa Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari tashkil topdi. Bu davrda Bekobod metallurgiya zavodi, Chirchiq o‘tga chidamli va qiyin eruvchi metallar (volfram va molibden) ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kombinat faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Ushbu konlar, fabrikalar, zavodlarda ishlash uchun mutaxassislar – injener, konchilar, boyituvchilar hamda metallurglar tayyorlash davr talabiga aylangandi. Ushbu vazifa bilan Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)  Konchilik fakulteti shug‘ullanardi. 1961 yili Olmaliq shahrida Olmaliq kon-metallurgiya fakutetida kechki ta’lim tizimida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda talabalar tahsil ola boshladi. 

Keyinchalik oliy o‘quv yurtlari ishlab chiqarish korxonalariga yaqin hududlarga ko‘chirish maqsadida Toshkent politexnika instituti tarkibidagi kunduzgi kon-metallurgiya fakulteti 1963 yilning sentyabrida Olmaliq shahriga ko‘chirildi.  1967 yilning sentyabrida esa Olmaliq kon-metallurgiya fakultetining kunduzgi bo‘limi qayta yana Toshkentga ko‘chirildi. Olmaliq shahrida esa ToshPIning kechki  “Olmaliq kon-metallurgiya” fakulteti tashkil qilinib, kechki bo‘limda o‘qiydigan talabalar qoldirildi. Mutaxassislik kafedralari  “Rangli metallar metallurgiyasi”, “Foydali qazilmalarni ochiq usulda qazib olish texnologiyasi” va boshqa barcha kafedralar Toshkentdagi Kon-metallurgiya fakultetining mutaxassislik kafedralari tasarrufiga o‘tkazildi. Kechki Olmaliq Kon-metallurgiya fakulteti tarkibida mustaqil kafedra sifatida “Foydali qazilmalarni boyitish”, “Umummuhandislik”, “Chet tillar” hamda “Sanoat qurilish”  kafedralari tashkil qilingan.   Kechki Olmaliq fakulteti 1967 yildan 1995 yilgacha faoliyat ko‘rsatadi. 1995 yildan Toshkent oliy o‘quv yurtlarining boshqa shahar va viloyatlaridagi fakultetlari va filiallari tugatiladi.  Shu jumladan Olmaliq fakulteti ham.   2001 yilda esa Navoiy davlat konchilik institutining kunduzgi Olmaliq kon-metallurgiya fakulteti ochildi. Fakultetda “Konchilik elektromexanikasi”, “Ijtimoiy fanlar” kafedralari ish boshlab, “Konchilik ishi”, “Konchilik elektromexanikasi”, “Metallurgiya”  sohalarida kadrlar tayyorlandi.   Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari bilan  2017 yil 27 iyulidagi “Toshkent viloyatida sanoat-ishlab chiqarish sohasi uchun muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlariga muvofiq Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali tashkil etildi. Ushbu qarorga muvofiq filialda “Konchilik ishi va metallurgiya”, “Energetika va mashinasozlik” fakultetlari faoliyat boshladi. “Konchilik ishi va metallurgiya” fakulteti “Konchilik ishi”, “Metallurgiya”, “Umumkasbiy fanlar” kafedralarini, Energetika va mashinasozlik  fakulteti esa “Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari”, “Kimyoviy texnologiya”, “Mashinasozlik texnologiyasi” kafedralarini o‘z ichiga oladi. Ayni vaqtda kunduzgi boʻlimda “Mashinasozlik texnologiyalari”, “Konchilik ishi”, “Metallurgiya”, “Elektr texnikasi va elektr mexanikasi”,  “Kimyoviy texnologiya”, “Konchilik elektr mexanikasi” kabi bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.  SHuningdek, oliygohimizda kechki va  sirtqi boʻlimlar ham tashkil etilib, ushbu boʻlimlarda 2003 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. 

Albatta, bugungi kun talabidagi kadrlar tayyorlashni zamonaviy labaratoriya jihozlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mazkur masalada Olmaliq filiali uchun xarid qilinishi yuzasidan 6 nomdagi jumladan metallurgiya, elektrotexnika va elektronika asoslari, kimyoviy texnologiya, gelogiya, gidrologiya va gidrogelogiya, mashinasozlik hamda favqulodda holatlar xavfsizlgi, mehnat muhofazasi va hayot faoliyati xavfsizligi sohalariga oid o‘quv-laboratoriyalarini belgilangan muddatlar doirasida amalga oshirish rejalashtirilgan.   Filialda faoliyat olib borayotgan barcha professor-o‘qituvchilarning o‘z ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ular belgilangan muddatlarda ilmiy maqola, o‘quv-uslubiy qo‘llanma va darsliklarni chop etib kelmoqda. Shuningdek, tadqiqot doirasidagi  dissertatsiya himoyalarini muvaffaqiyatli o‘tkazishmoqda.Oʻtgan yilda to‘rt nafar professor-oʻqituvchi oʻz dissertatsiyalarini ana shunday muvaffaqiyat bilan himoya qilib, falsafa doktori(PhD) ilmiy darajalariga ega boʻlishdi. Joriy yilda esa yana toʻrt nafar professor oʻqituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlari oxiriga etkazilib, dissertatsiya himoyalarini oʻtkazish asosiy maqsad sifatida belgilangan. Iste’dodli professor –oʻqituvchilarimizning har biri talaba-yoshlarning kamol topishi, jamiyatda munosib oʻrin egallashida bor bilim va tajribasini oʻrgatib, ma’nan boy avlodlar boʻlib ta’lim-tarbiya olishlarida beqiyos hissa qoʻshib kelmoqda. Bilamizki, ta’lim-tarbiya har bir davlatning nafaqat bugunida, balki ertasida ham muhim masala sanaladi. Shu boisdan, talaba yoshlarimizning dunyoqarashini yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirish, respublikamizda olib borilayotgan siyosiy, huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini toʻlaqonli tushuntirish, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik, diniy ekstremistik oqimlar, missionerlik kabi illatlarga qarshi kurashish, oʻqish va darsdan boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish professor-oʻqituvchilarimizning doimiy e’tiboridadir.

Scroll to Top