KITOBLAR TO‘PLAMI TUHFA QILINDI

«Rahbardan o‘n kitob» aksiyasi doirasida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktor o‘rinbosari Doniyor Xoliqulov tashabbusi hamda Toshkent davlat texnika universiteti magistri SHohrux Munosibov sayi-harakati bilan Piskent tumani Said qishlog‘idagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga bir guruh sobiq o‘quvchilar tashrif buyurdi. “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” kitobxonlik kechasida O‘zbekiston davlat Sanat va madaniyat institutining ilmiy ishlar bo‘yicha  prorektori, dotsent Go‘zal Xoliqulova, filial dotsenti Behzod Mahmudov, O’zLiDeP Piskent tumani kengashi xalq deputati Muhiddin Avazov,  “Said ota” jome’-masjid imom xatibi Sayidimuhammad Eshonxo‘jaev, Piskent tumani IIB TEKKG katta tezkor vakili mayor Dilshod Qurbonov,  “Olmaliq KMK” AJ AVT YOshlar ittifoqi raisi JasurTog‘aev, Said MFY faollaridan – Baxtiyor Xoliqulov,  Zukurjon Abdikarimov, Azizbek Munosibovlar ishtirok etdilar. Maktab axborot resurs markaziga Doniyor Xoliqulov, Go‘zal Xoliqulova hamda Muhiddin Avazovlar o‘zlarining eng bebaho sovg‘alari – 300ga yaqin sara o‘zbek va jahon adabiyoti durdona asarlari hamda o‘quv va publitsistik kitoblar to‘plamini tuhfa etishdi.

– Kitob mutolaasi kishi dunyoqarashini kengaytirib, bilimini oshirish bilan birga, hayotga teran nigoh bilan boqishga o‘rgatadi. SHu bois barchamiz kitobni eng yaqin do‘st, javohir sovg‘a, deb bilamiz. Bugun o‘zimiz o‘qigan qadrdon bilim maskaniga kelib, ustozlarimiz, o‘quvchilar, to‘g‘rirog‘i, beg‘ubor bolaligimiz bilan uchrashdik. Ustozlar bilan dildan suhbat, o‘quvchilar shodligi, kuy-qo‘shiqlar, she’ru raqslar  dillarimizga xushnudlik bag‘ishladi, – deydi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktor o‘rinbosari Doniyor Xoliqulov.