O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA

MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

 OLITA’LIM   HAQIDA  NIZOM

 Umumiy qoidalar

Umumiy o‘rta (11-sinf), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi negizidagi oliy ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, «Ta’lim to‘g‘risida»gi hamda «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasasi yuridik shaxs bo‘lib, Oliy ta’lim o‘quv dasturlarini amalga oshiradi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etilib, o‘zining ustavi va mazkur nizom asosida faoliyat yuritadi. Oliy ta’lim muassasasi ustavi belgilangan tartibda ishlab chiqilib, oliy ta’limni boshqaruvchi vakolatli davlat tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi va mahalliy ma’muriy idoralarda ro‘yxatga olinadi.

Oliy ta’lim  sohasidagi davlat siyosati quydagi tamoyillarga asoslanadi:

milliy istiqlol g‘oyalari asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

ta’lim va tarbiyaning insonparvarlik, demokratik mazmunda ekanligi;

o‘rta maxsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limning uzluksizligi va izchilligi;

ta’lim tizimining dunyoviy mazmunda ekanligi;

davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;

ta’lim dasturlarini tanlashda umumiy va tabaqalashgan yondashuv;

bilimdonlik va iste’dodni rag‘batlantirish;

oliy ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;

oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash.

  1. O‘zbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga ta’lim olishda tilni erkin tanlash huquqi beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’limning davlat tilida hamda boshqa tillarda olinishini ta’minlaydi.
  2. Talabalarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni marketing tadqiqotlari asosida o‘rganish natijalariga ko‘ra davlat grantlari va to‘lov-kontrakt vositasi bilan abiturientlarning bilim darajasini test va boshqa sinov turlariga binoan aniqlash yo‘li bilan oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qoidalarga asoslangan holda amalga oshiriladi.
  3. Davlat grantlari asosida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlardan bitiruvchilarning fuqarolik huquqlarini va davlat manfaatlarini inobatga olgan holda maqsadli foydalanish ko‘zda tutiladi.
  4. Fuqarolar to‘lov-kontrakt asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olishga haqlidir.
  5. II. Oliy ta’limning maqsadi va vazifalari
  1. Oliy ta’limning maqsadi mamlakatning istiqboldagi taraqqiyotini hisobga olib, yuksak ma’naviy-ma’rifiy sifatlarga, mustaqil fikrlash qobiliyatiga hamda jamiyatning ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojini ta’minlashga qodir yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar etishtirishdir.
  2. Oliy ta’limning asosiy vazifalari quyidagilardir:
  • davlat ta’lim standartlariga muvofiq ilg‘or, zamonaviy ta’lim va kasb-hunar dasturlari asosida yuqori samarali o‘qitishni tashkil qilish va malakali kadrlar etishtirishni ta’minlash;
  • oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;
  • mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy rivojlanish istiqbollari hamda jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqib, fan, texnika, ilg‘or texnologiya, iqtisodiyot va madaniyatning zamonaviy yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashni tashkiliy va uslubiy jihatdan muntazam takomillashtirish;
  • oliy ta’limning insonparvarlik yo‘nalishida bo‘lishini ta’minlash hamda yoshlarni milliy istiqlol mafkurasi va umuminsoniy qadriyatlar asosida, Vatanga, jamiyatga, oilaga va tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash;

-o‘quv amaliyotiga interfaol usullarni, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini o‘qitishning mustaqil ta’lim va individual yondashuv metodikasi hamda vositalarini, masofaviy o‘qitish tizimini tatbiq etish;

  • oliy ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini ta’minlovchi tizimlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq qilish;
  • ilmiy-pedagogik kadrlar va talabalarning ilmiy tadqiqotlari va ijodiy faoliyatlari orqali fan, texnika va texnologiyani rivojlantirish, olingan natijalardan ta’lim jarayonida va mamlakat iqtisodiyotida foydalanish;
  • davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish asosida ta’lim xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish;
  • oliy ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish va ular mustaqilligini kengaytirish; vasiylar va nazorat kengashlari shaklida yangi jamoatchilik boshqaruvini kiritish;

-kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha ish bilan ta’minlashning monitoringi va marketing tadqiqotlari, ta’lim sifatiga kadrlar tayyorlash va monitoring nazoratini qo‘llash;

-oliy ta’lim sohasida taraqqiy etgan mamlakatlar bilan o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish.

III. Oliy ta’lim tizimi

  1. Oliy ta’lim tizimi quyidagilardan iborat:

           Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standartlariga muvofiq ravishda amalga oshiruvchi davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, oliy ta’lim rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar;

           Ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idoralari hamda ular tasarrufidagi korxona, muassasa va tashkilotlar.

  1. Oliy ta’lim ikki bosqichga —bakalavriat va magistraturaga ega.
  2. Oliy ta’lim muassasalarida bakalavr va magistrlarni tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgust №343 (O‘zbekiston Respublikasi qonunlari to‘plami. 2001 yil, №15-16, 104-bet) qaroriga binoan tasdiqlangan «Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari. Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori»ga muvofiq amalga oshiriladi. (Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori matnida). Oliy ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va mutaxassisliklari ro‘yxati kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni marketing tadqiqotlari asosida aniqlash natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Oliy ta’lim muassasalari Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorining 4-bandiga muvofiq ravishda mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, yangi magistratura mutaxassisliklari va bakalavriat yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha murojaat qilish huquqiga ega.

  1. O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim muassasalarining quyidagi turlari belgilangan: universitet, akademiya, institut.

Universitet:

 ta’lim va bilimning bir qancha sohalari bo‘yicha oliy va undan keyingi ta’lim turlari dasturlarini amalga oshiradi;

 turli soha mutaxassislarini qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi;

          fanlarning keng qamrovi bo‘yicha funtamental va amaliy tadqiqotlar olib boradi;

 bilimlarning tegishli sohalari bo‘yicha ilmiy va uslubiy markaz hisoblanadi.

Akademiya:

 bilim va ta’limning muayyan sohalari bo‘yicha va undan keyingi ta’lim turlari dasturlarini amalga oshiradi;

 bilimning muayyan sohalari mutaxassislarini qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi;

 fan, madaniyat va san’atning aniq sohalari bo‘yicha funtamental va amaliy tadqiqotlar olib boradi;

 o‘z faoliyati doirasida etakchi ilmiy va uslubiy markaz hisoblanadi.

Institut:

  odatda bilimning bir sohasi doirasida oliy va undan keyingi ta’limlar dasturlarini amalga oshiradi;

 muayyan sohalar mutaxassislarini qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi;

   amaliy, shuningdek, fundamental ilmiy tadqiqotlar olib boradi.

  1. Oliy ta’lim muassasalarida yo‘nalishlar bo‘yicha fakultetlar, kafedralar, o‘quv va ilmiy labaratoriyalar, turli bo‘limlar shakllanadi.
  2. Oliy ta’lim muassasasi tomonidan davlat ta’lim standartlarining bajarilishi, kadrlar tayyorlash sifati nazorati ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagogik kadrlar va ta’lim muassasalarini attestatlash boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
  3. Oliy ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish, ularning idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 11 mart 109 raqamli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida Davlat test markazining kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalarini attestatlash boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
  4. Oliy ta’lim muassasalarini akkreditatlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Davlatga qarashli oliy ta’lim muassasasini ta’sis etish haqidagi dalolatnoma unga ta’lim faoliyatini olib borish huquqini beradi. Davlat oliy ta’lim muassasasi birinchi bitiruvchilarni chiqargandan keyin belgilangan tartibda davlat attestatsiyasi va navbatdagi akkreditatsiyadan o‘tadi.

Nodavlat oliy ta’lim muassasasi ta’lim faoliyatini olib borish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq ega bo‘ladi.

Oliy ta’lim muassasasi attestatsiya natijalari bo‘yicha davlat akkreditatsiyasidan mahrum qilinishi mumkin.

  1. Oliy ta’lim sohasidagi ta’lim xizmati bozori, davlat tomonidan boshqariladigan ta’lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari rivojlanishini ta’minlash, asosiy kasbiy-ta’lim dasturlarida ko‘zda tutilmagan pulli maslahatlar va qo‘shimcha xizmatlarni rivojlantirishga asoslanadi.

IV.Bakalavriat

  1. Bakalavriat – oliy ta’limning ma’lum bir yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilim beradigan, muddati kamida to‘rt yil davom etadigan tayanch oliy ta’limdir.

Bakalavriatda o‘qish muddati ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kamida 1 yilga uzaytiriladi.

Bakalavr dasturi tugallanganidan so‘ng bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlariga binoan kasb bo‘yicha «bakalavr» akademik darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom ilovasi bilan tegishli ko‘krak nishoni topshiriladi.

  1. Bakalavr tayyorgarligining zaruriy darajasi, ta’lim dasturlari mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar, o‘quv yuklamasining to‘liq hajmi, amaliy mashg‘ulotlar, tayyorlash sifatining nazorat mexanizmi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 16 avgust 2001 yil 343-qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonunlari to‘plami, 2001 yil, № 15-16, st.104) bilan tasdiqlangan «Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari. Asosiy qoidalar» bilan belgilanadi.
  2. Bakalavrning kasbiy faoliyat turlari va sohalari tavsifi, kasbiy talablar, o‘quv fanlari bo‘yicha talablar, ta’lim dasturlari mazmuni va tuzilishi, ularni amalga oshirish mexanizmi, tayyorlov sifati nazorati bakalavriatning aniq yo‘nilishi bo‘yicha tuzilgan davlat ta’lim standarti bilan belgilanadi.
  3. Bakalavriat yo‘nalishlariga tegishli davlat ta’lim standartlari asosida oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlari ishlab chiqiladi.
  4. Bakalavriat tizimida oliy ta’lim yo‘nalishiga mos keluvchi (umumkasbiy tayyorgarlikka muvofiq) bir yo‘nalishdagi o‘rta-maxsus kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarning uzluksiz o‘quv rejalari asosida ta’lim dasturini tezkor va to‘liq o‘zlashtirishi imkoniyati yaratiladi.
  5. Bakalavr tayyorlandi:

muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ma’lumotli shaxslar egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlarga

bakalariat yo‘nalishiga muvofiq keluvchi tanlangan mutaxassislik bo‘yicha magistraturada oliy ta’limni davom ettirishga

qayta tayyorgarlik va malaka oshirish tizimida qo‘shimcha kasbiy ta’lim olishga.

  1. Oliy ta’lim muassasasida yangi yo‘nalish bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash huquqi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarafidan oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi so‘roviga ko‘ra beriladi.

 

  1. Magistratura
  1. Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha bakalavriatdan keyin uning negizida ta’lim muddati kamida ikki yil davom etadigan oliy ta’limdir. Magistratura ta’limining davomiyligi ishlab chiqarishdan ajralmagan holda olti oydan kam bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.

Magistratura dasturini tugallagan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakuniga ko‘ra ta’lim yo‘nalishining muayyan mutaxassisligi bo‘yicha «magistr» darajasi beriladi va tegishli ko‘krak nishoni hamda ilova bilan davlat namunasidagi diplom topshiriladi.

  1. Magistr tayyorgarligining zaruriy darajasi, ta’lim dasturlari mazmuniga qo‘yiladigan umumiy talablar, o‘quv yuklamasining to‘liq hajmi, amaliy mashg‘ulotlar, tayyorlash sifatining nazorat mexanizmi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 16 avgust 2001 yil 343-qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonunlari to‘plami, 2001 yil, № 15-16, st.104) bilan tasdiqlangan «Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari. Asosiy qoidalar» bilan belgilanadi.
  2. Magistrning kasbiy faoliyat turlari va sohalari tavsifi, kasbiy talablar, o‘quv fanlari bo‘yicha talablar, ta’lim dasturlari mazmuni va tuzilishi, ularni amalga oshirish mexanizmi, tayyorlov sifati nazorati magistraturaning aniq mutaxassisligi bo‘yicha tuzilgan davlat ta’lim standarti bilan belgilanadi.
  3. Magistratura mutaxassisliklariga tegishli davlat ta’lim standartlari asosida oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlari ishlab chiqiladi.
  4. Magistrlar

      aniq ixtisoslik bo‘yicha mustaqil ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik, boshqaruv va kasbiy faoliyatga;

      magistr tayyorlashning tegishli mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’limning keyingi bosqichi aspiranturada ta’lim olishga;

      kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida qo‘shimcha kasbiy ta’lim olishga tayyorlangan.

  1. Tegishli kafedralarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlaydigan, o‘quv-tarbiyaviy jarayon bilan uzviy bog‘liq holda ilmiy-tadqiqot ishlarini yuqori saviyada tashkil qilib, uni o‘tkaza oladigan ilmiy-pedagogik salohiyatning mavjudligi oliy ta’lim muassasasida magistratura ochishning zaruriy sharti sanaladi.
  2. Oliy ta’lim muassasasi uchun yangi bo‘lgan magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqi oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasining murojaatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beriladi.
  3. Oliy ta’lim muassasasi tuzilishida maxsus bo‘linma – magistratura bo‘limi (fakultet, markaz) tashkil qilinadi va unga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

      talabalarning ilmiy faoliyati va o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish hamda nazorat qilish, ilmiy-uslubiy ta’minlash va o‘quv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish;

      magistrlar tayyorlashni amalga oshiruvchi kafedralar faoliyatini muvofiqlashtirish;

      magistrlar tayyorlash jarayoni monitoringi.

  1. O‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil qilish
  2. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiyaviy jarayon davlat ta’lim standartlari asosida amalga oshiriladi.
  3. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi turlari joriy qilingan: ma’ruza, seminar, amaliy  mashg‘ulot,  laboratoriya ishi, kollokvium, mustaqil ta’lim, maslahat, mustaqil ish, malakaviy amaliyot, kurs loyihasi (ishi), bakalavrlar uchun bitiruv malakaviy ishi, magistrlar uchun dissertatsiya. Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turi uchun 45 (yoki tanaffussiz juft ma’ruzalar uchun 40) minutli akademik soat belgilangan.
  4. Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv yili, odatda, ikki semestrga bo‘linadi, ulardan har biri talabalar o‘zlashtirishi natijalarining yakunlanishi bilan tugallanadi. Samaradorlikni ta’minlash maqsadida o‘quv-tarbiyaviy jarayonning modul va boshqa shakllariga ruxsat beriladi.

Talabalarning fanlarni o‘zlashtirishi – oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi tasdiqlagan talabalar o‘zlashtirishini baholashning reyting tizimi haqidagi Nizomga muvofiq aniqlanadi.

O‘zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o‘tkazish fakultet dekanining yoki magistratura bo‘limi (fakultet, markaz)ning taqdimiga binoan oliy ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘i orqali amalga oshiriladi. SHartli ravishda o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oliy ta’limning ta’lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirish bitiruvchilarni majburiy yakuniy attestatlash bilan tugallanadi.

  1. Malakaviy amaliyotlarning barcha turlari davlat va nodavlat korxonalar va tashkilotlarda ular bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga binoan, o‘quv rejalari va oliy ta’lim muassasalari talabalarining malakaviy amaliyoti haqidagi Nizomga muvofiq o‘tkaziladi.
  2. Oliy ta’limning kasbiy ta’lim dasturlari: kunduzgi, sirtqi, eksternat va masofaviy ta’lim olish shakllarida o‘zlashtirilishi mumkin.
  3. Bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ruxsat etiladigan ta’limning sirtqi shakli ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
  4. Oliy ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan o‘zaro bog‘lanishi amaldagi qonunlarga muvofiq o‘quv-ilmiy, o‘quv-ilmiy ishlab chiqarish majmualari tuzish yo‘li bilan hamda etakchi olim va mutaxassislarni o‘quv jarayoni va ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish, ilmiy-tadqiqot institutlari, korxonalar va tashkilotlarda oliy ta’lim muassasasining markazlari, laboratoriyalari, kafedralari va bo‘limlarini tashkil etish orqali amalga oshiriladi.
  • Oliy ta’lim muassasalari talabalari

 

  1. Oliy ta’lim muassasasi talabasi o‘qish uchun bakalavriat yoki magistraturaga belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan shaxsdir. Talabaga rasmiy nusxadagi talaba guvohnomasi va reyting daftarchasi topshiriladi.
  2. Oliy ta’lim muassasasi talabalari quyidagi huquqlarga ega:

yo‘nalishlar va mutaxassisliklar ta’lim dasturlarida ko‘zda tutilgan, fan, texnika va texnologiyalar, iqtisodiyot va madaniyat rivojining zamonaviy darajasiga munosib bilimlarni egallash;

 o‘quv dasturiga muvofiq ko‘zda tutilgan qo‘shimcha kurslar va o‘qish turini tanlash;

 ta’lim muassasasi faoliyatining muhim masalalarini muhokama va hal qilishda qatnashish, shu jumladan jamoat tashkilotlari orqali ham;

             ta’lim muassasasi Nizomida joriy qilingan tartibda kutubxona, axborot fondi, o‘quv, ilmiy, tibbiy va boshqa bo‘linmalar xizmatlaridan tekin foydalanish;

          ilmiy-tadqiqot ishlari, anjumanlar, simpoziumlarda ishtirok etish;

o‘z ilmiy ishlarini chop etdirish;

  oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;

belgilangan tartibda harbiy mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olish.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ta’limning kunduzgi shaklida o‘qiydigan talabalarga harbiy xizmatga chaqirilish kechiktiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida ko‘zda tutilgan vaziyatlardan boshqa hollarda talabalarni o‘quv vaqti hisobiga o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb etish man etiladi.

  1. Talabalar bilim egallashi, ko‘rsatilgan muddatlarda o‘quv rejasida ko‘zda tutilgan barcha topshiriqlarni bajarishi, Nizomga, ta’lim muassasasi ichki tartibi va talabalar turar joyi qoidalariga amal qilishlari shart.
  2. Davlat grantlari, hamda to‘lov-shartnoma asosida kunduzgi shaklda o‘qiydigan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy qilgan tartib va miqdorda stipendiyalar bilan ta’minlanadi.

           Talabalar tegishli nizom asosida nomdor stipendiyalar olish huquqiga ega.

  1. Talabalarga tibbiy ko‘rsatmaga binoan belgilangan tartibda akademik ta’til beriladi.
  2. Uzrli sabablarga ko‘ra o‘quv rejasi talablarini bajara olmagan talabalarga yangi o‘quv yili boshlangunga qadar akademik qarzlarni shaxsiy reja asosida topshirish imkoniyati beriladi.

          Belgilangan muddatlarda o‘quv rejasi talablarini bajarmagan talabalar ta’lim muassasasi talabalari safidan chiqariladi.

  1. Talabalarni o‘qishga qaytadan tiklash va talabalar safidan chiqarish oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi joriy qilgan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
  2. Talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy qilgan tartibda boshqa ta’lim muassasasiga o‘tish huquqiga ega. Bir ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tishda oliy ta’limning shu pog‘onasida birinchi marta o‘qiyotgani kabi barcha huquqlari saqlanib qoladi. Talabalarni akkreditatlanmagan ta’lim muassasasidan akkreditatlanganiga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  3. Boshqa erlik turar joyga muhtoj talabalar turar joy bilan ta’minlanadilar.

Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo‘lgani holda talabalar turar joyining xonalaridan boshqa maqsadlarda (ijaraga berish va boshqa bitimlar) foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Kunduzi o‘qiydigan talabalarga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida-kunning ikkinchi yarmida mehnat shartnomasi asosida ta’lim muassasasining o‘zida yoki undan tashqari joylarda ishlashga ruxsat beriladi.

                Talabalarning boshqa huquqlari qonunlar va (yoki) oliy ta’lim muassasasi Nizomi tomonidan joriy qilinishi mumkin.

  1. Talaba oliy ta’lim muassasasi Nizomida ko‘zda tutilgan ichki tartib-qoidalarni buzganda unga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin: ogohlantirish, hayfsan, oliy ta’lim muassasasi talabalari safidan chiqarish.

Intizomiy jazo choralari nojo‘ya ish qilingani aniqlangach, bir oydan kechikmasdan va u qilinganiga olti oy o‘tmasdan qo‘llaniladi. Bunda talaba kasal va ta’tilda bo‘lgan vaqt hisobga olinmaydi. Talabani kasal, joriy ta’til, akademik ta’til, homiladorlik, bola tug‘ilishi ta’tillarida talabalar safidan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

  1. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda – sirtdan o‘qiyotgan talabalarga ularning ish joylarida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 248-250; 254-257 boblarida ko‘rsatilgan imtiyozlar beriladi.

 

  • Oliy ta’lim muassasasi xodimlari
  1. Oliy ta’lim muassasaslarida ilmiy-pedagogik (professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar), injener-texnik, ma’muriy-xo‘jalik, ishlab chiqarish, o‘quv-yordamchi va boshqa xodimlarning lavozimlari ko‘zda tutiladi.

       Professor-o‘qituvchilar tarkibiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi, assistent lavozimlari kiradi.

Pedagogik faoliyat yuritish huquqiga tegishli oliy ta’limga, kasbiy tayyorgarlikka va yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlari bor bo‘lgan kishilar egadir. Sud hukmiga asosan bunday huquqdan mahrum bo‘lgan shaxslarning ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oliy ta’lim muassasasi pedagogik faoliyat olib borish uchun tegishli fan, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, madaniyat sohalarining etakchi mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega.

  1. Davlat oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilar tarkibi soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan bakalavriat va magistraturada har bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soniga qarab hisoblab chiqiladi.
  2. Professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘quv, ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy yuklamasi ular ishining asosiy turlari (o‘quv, ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy) bo‘yicha pedagogik yuklama hajmini hisoblash uchun oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi tasdiqlagan Vaqt me’yoriga mos ravishda o‘rnatiladi.
  3. Oliy ta’lim muassasalaridagi barcha ilmiy-pedagogik xodimlar lavozimlarini egallash mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzilishidan oldin konkurs o‘tkaziladi.

        Fakultet dekanlarini davlat oliy ta’lim muassasasi rektori shu ta’lim muassasasi qarashli bo‘lgan tegishli vazirlik yoki idora bilan kelishilgan holda tayinlaydi.

Davlat oliy ta’lim muassasasi prorektorlari shu ta’lim muassasasi qarashli bo‘lgan vazirlik yoki idora tomonidan rektor ko‘rsatmasiga binoan tayinlanadi.

Nodavlat oliy ta’lim muassasasi prorektori va dekanlari rektor tomonidan ta’sischi bilan kelishilgan holda tayinlanadi.

  1. Oliy ta’lim muassasasi ilmiy-pedagogik xodimlari:
  • qonunda belgilangan tartibda ixtisosligiga muvofiq ish haqi olish va mukofotlanish;
  • oliy ta’lim muassasasi (fakultet) ilmiy kengashiga saylanish va unga saylash;
  • oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga tegishli masalalarni muhokama qilish va hal etishda qatnashish;

-kutubxonalar, axborot fondlari, o‘quv va ilmiy bo‘linmalar hamda ta’lim muassasasi Nizomida ko‘rsatilgan va (yoki) jamoat kelishuviga muvofiq, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa tarkibiy bo‘linmalar xizmatlaridan tekin foydalanish;

  • o‘quv kurslari mazmunini oliy ta’limning davlat ta’lim standartlariga muvofiq aniqlashda qatnashish;
  • o‘quv-tarbiya jarayonining yuqori sifatini ta’minlash maqsadida, o‘zlarining shaxsiy xususiyatlariga javob beradigan ta’lim usullari va vositalarini tanlash;
  • qonunda belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati buyruqlari va farmoyishlariga norozilik bildirish;

-o‘z kasbiy faoliyatining tashkiliy va moddiy-texnikaviy ta’minlanishini talab qilish huquqlariga ega.

  1. Oliy ta’lim muassasalari ilmiy-pedagogik xodimlari quyidagilarni bajarishlari shart:
  • talabalarda yuqori madaniyat va ma’naviyatni, o‘z kasbiga, Vataniga, tabiatga muhabbatni, vatanparvarlik, fuqarolik nuqtai nazarni shakllantirish;
  • o‘quv tarbiya va ilmiy jarayonlarning yuqori samradorligini ta’minlash;
  • talabalarda tanlagan yo‘nalishi (ixtisosligi)ga monand kasbiy mahoratni, fuqarolik nuqtai nazarni shakllantirish;
  • oliy ta’lim muassasasi Nizomiga amal qilish;
  • talabalarda mustaqillik, tashabbuskorlik va ijodiy qobiliyatni rivojlantirish.
  1. Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari o‘z kasbiy bilim va mahoratlarini yangilab borish maqsadida belgilangan tartibda malakalarini oshiradilar va qayta tayyorgarlikdan o‘tadilar.

Malaka oshirishning tartibi, turi va shakli oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi tasdiqlagan tegishli Nizom orqali joriy qilinadi.

  1. Oliy ta’lim muassasasi ilmiy xodimlari xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda shaxsiy qobiliyatlariga to‘liq javob beradigan va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlaydigan ilmiy izlanish usullari va vositalarini tanlashga haqlidirlar.
  2. Ilmiy-pedagogik xodimlarni tayyorlash oliy ta’lim muassasalari aspiranturasi, doktoranturasi, ilmiy muassasalar hamda tadqiqotchilik tartibida amalga oshiriladi.
  3. Oliy ta’lim muassasasining ma’muriy-xo‘jalik, injener-texnik, ishlab chiqarish, o‘quv-yordamchi va shu kabi xodimlarining huquqlari va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasining belgilangan qonunlari, yuqori ko‘rsatmalari, Oliy ta’lim muassasalarining ichki tartib-qoidalari va Nizomi bilan belgilanadi.
  4. Oliy ta’lim muassasasi xodimlari belgilangan qonunlarda va oliy ta’lim muassasasi Nizomida ko‘zda tutilgan huquq va imtiyozlardan foydalanadilar.

 

  1. Oliy ta’lim tizimini boshqarish

 

  1. O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini boshqarish Vazirlar Mahkamasi va ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat idorasiga qonun tomonidan belgilangan vakolatlar doirasida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi Oliy ta’limni boshqaruvchi organ hisoblanadi.

Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligiga o‘z tasarrufida oliy ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda quyidagilar topshiriladi:

Davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va o‘quv fan dasturlarini bakalavriat yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ishlab chiqish, tasdiqlash va bosqichma-bosqich qo‘llash; ular bilan respublikadagi barcha Oliy ta’lim muassasalarini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda zarurat bo‘lsa, oliy ta’lim mutaxassisliklari va yo‘nalishlari klassifikatoriga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritish;

YAngi avlod o‘quv adabiyotlarini DTS va intizomiy dasturlarga muvofiq ishlab chiqish;

Oliy ta’lim muassasalari va o‘quv-tarbiyaviy jarayonni boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatining me’yoriy-huquqiy ta’minlanishini ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalariga o‘quv-uslubiy rahbarlik;

Oliy va o‘rta-maxsus, kasbiy ta’lim kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarini muvofiqlashtirish;

Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasining me’yoriy-uslubiy ta’minlanishi;

Oliy ta’limni sifatli boshqarishning ommaviy formalarini rivojlantirish uchun faoliyati tegishli Nizom bilan tartibga solinadigan oliy ta’lim muassasalari rektorlar kengashi tuziladi;

  1. Oliy ta’lim muassasalarini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va shu Nizomga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
  2. Oliy ta’lim muassasalarini bevosita boshqarishni rektor amalga oshiradi. Nodavlat oliy ta’lim muassasasi rektori ta’sischi tomonidan, Davlat oliy ta’lim muassasasi rektori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi.

Rektor ta’lim muassasasining ish natijalariga to‘la-to‘kis javobgardir. U O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga binoan ta’lim muassasasi nomidan faoliyat ko‘rsatadi, barcha idoralarda, muassasalarda, korxonalarda uning manfaatini himoya qiladi, mulkini boshqaradi, shartnomalar tuzadi, ishonch qog‘ozi topshiradi, bankda ta’lim muassasasi hisobini ochadi va Nizomga asosan kreditlarning boshqaruvchisi hisoblanadi.

Rektor oliy ta’lim DTS ning amalga oshirilishiga javobgar.

Rektor ta’lim muasasasi vakolati chegarasida:

  • ta’lim muasasasining barcha xodimlari, talabalari va boshqalar uchun majburiy bo‘lgan buyruq va topshiriqlar beradi;
  • prorektorlarning aniq vazifalari va javobgarligini belgilaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartib asosida ta’lim muassasasi ishchi va xodimlari hamda ilmiy-pedagogik xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatishni amalga oshiradi;
  • oliy ta’lim muassasasi tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot, tajriba-sinov va boshqa tashkilot hamda bo‘limlarning vakolatini belgilaydi, ularning Nizomlarini tasdiqlaydi,
  • oliy ta’lim muassasasi xodimlarining lavozim maoshlariga ustama haqi, qo‘shimcha haq miqdorini belgilaydi;
  • kasaba uyushmasi yoki boshqa vakolatli tashkilot bilan kelishgan ravishda ishchilarning ichki tartib-qoidalarini belgilaydi;

— amaldagi qonunchilik asosida boshqa vakolatlarni bajaradi.

Rektor ta’lim muassasasiga ajratilgan pul mablag‘lari, ta’lim muassasasi xodimlarining ish haqi fondi, xodimlarning limit miqdori va lavozim maosh tarif setkasi chegaralarida quyidagi huquqlarga ega:

  • Oliy ta’limni boshqaruvchi vakolatli davlat organi tavsiyasi va ilmiy kengash tavsiyasiga muvofiq fakultetlarni ochish yoki yopish;

-O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalari lavozim jadvaliga muvofiq dekan va dekan o‘rinbosari lavozimlarini kiritish;

  1. Oliy ta’lim muassasasi faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rib chiqish uchun ilmiy kengash tashkil etiladi. Ilmiy kengash tarkibi, vakolati, shakllantirish tartibi va faoliyati ta’limni boshqaruvchi vakolatli davlat idorasi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida belgilanadi.
  2. Oliy ta’lim muassasasida jamoat boshqaruv organi hisoblangan Vasiylar kengashi tashkil etiladi. Uning tarkibiga ta’sischilar, mahalliy hokimiyat idorasi, ishbilarmonlar, boshqa ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari, fondlar va homiylar kiradi.
  3. Oliy ta’lim muassasasi uning qoshida^ochilgan akademik litseylar faoliyatining o‘quv-metodik boshqaruvini va tegishli yo‘nalishdagi kasbiy kollejlar patronatini amalga oshiradi.
  4. Amaldagi qonunchilik hamda oliy ta’lim muassasasi ustaviga muvofiq, unda jamoat tashkilotlari, ilmiy va ko‘ngillilar jamiyatlari, ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnikaviy kengashlar va komissiyalar, yosh olimlar kengashi va boshqalar tashkil qilinishi mumkin.
  5. Oliy ta’lim muassasasi o‘z tarmog‘ini talabalar sonidan, ishchi-xodimlarning tasdiqlangan soni chegarasidan va byudjetdan kelib chiqib belgilangan tartibda shakllantiradi.
  6. Oliy ta’lim muassasalari mulki
  7. Oliy ta’lim muassasasining mulki davlat yoki ta’sischilar (nodavlat O.T.M) tasarrufida bo‘ladi.

Oliy ta’lim muassasasiga Ustavda belgilangan ish faoliyati uchun zarur bo‘lgan asosiy fondlar, aylanma mablag‘lar hamda boshqa boyliklar biriktirib qo‘yiladi.

  1. Davlat oliy ta’lim muassasasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan hadya, hayr-ehson, vasiyat shaklida o‘tkazilgan pul mablag‘lari va mulkni hamda ishbilarmonlik faoliyati va xo‘jalik tasarrufidagi mulkdan tushgan foydani olish va mustaqil idora qilish huquqi beriladi.
  2. Nodavlat oliy ta’lim muassasasi mulkini olish va undan foydalanish tartibi Ustavda Nodavlat oliy ta’lim muassasasida mulkchilik munosabatlari hamda ular foydasini idora qilish uning Ustavi bilan belgilanadi.
  3. Oliy ta’lim muassasasi o‘z faoliyati natijasi bo‘lmish aqliy va ijodiy mehnat mahsulotiga egalik qilish huquqiga ega.
  4. Davlatga tegishli oliy ta’lim muassasasiga amaldagi tartibda ajratilgan er maydonlari muddatsiz tekin foydalanish huquqi bilan biriktirib qo‘yi
  5. Moliyaviy ta’minot, uni hisobga olish va hisobot
  6. Davlatga qarashli oliy ta’lim muassasalarini moliyaviy ta’minlash mutaxassislarni tayyorlashga ajratilgan davlat grantlariga muvofiq respublika byudjeti, hamda amaldagi qonunlar va mazkur Nizomga muvofiq jalb qilingan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidn amalga oshiriladi.

Korxona, tashkilot va shartnomadagi fuqorolardan olingan mablag‘lar oliy ta’lim muassasasi tomonidan erkin tarzda foydalaniladi.

  1. Nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati ta’sischilar (mulqdorlar) mablag‘lari, olingan daromadlar hamda tanlov bo‘yicha davlatdan olingan grantlar hisobidan tashkil etiladi.
  2. Oliy ta’lim muassasalari olib borayotgan ilmiy tadqiqotlar respublika byudjeti mablag‘lari, buyurtmachilar va qonunda man etilmagan boshqa manbalar hisobidan moliyaviy ta’minlanadi.
  3. Oliy ta’lim muassasasi rasmiy tartibda o‘z ishi natijalari bo‘yicha joriy va moliyaviy-xo‘jalik buxgalterlik hisobini, statistik va buxgalter hisobotini olib boradi.

Mansabdor shaxslar davlat hisoboti buzilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan javobgardirlar.

Ta’lim muassasasida byudjet va moliya intizomiga rioya qilish nazorati belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

XII.  Xalqaro hamkorlik

  1. Oliy ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki yoki ko‘p tomonlama shartnomalari doirasida xalqaro hamkorlikni quyidagicha amalga oshiradi:
  • ikki tomonlama va ko‘p tomonlama talabalar, aspirantlar, doktorantlar, pedagogik va ilmiy xodimlar almashinuvi dasturlarida qatnashish;
  • qo‘shma fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar, tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish, kongress, anjuman, simpozium va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;
  • oliy ta’limni takomillashtirish xalqaro dasturlarida qatnashish;
  • qo‘shma ta’lim muassasalarini tashkil etish.
  1. O‘zbekiston Respublikasida chet ellik fuqarolarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda o‘qituvchilik va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish tartibi davlatlararo, muassasalararo, hamda oliy ta’lim muassasasining xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar bilan bevosita tuzgan bitimlariga binoan amalga oshiriladi.

XIII. Xulosalar

 83. Mazkur nizom Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston aloqa va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi diniy ishlar qo‘mitasi, «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zbekiston havo yo‘llari» va O‘zbekiston san’at akademiyasi bilan kelishilgan.