Yana sanoqli kunlardan so‘ng oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanadi. Har yili bu jarayonda talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi muhim vazifalardan biri sifatida qaraladi. Zero, talabalarning o‘quv jarayonidagi muvaffaqiyatlari ularning yashash sharoitlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu sababli, bu boradagi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida talabalarni turar joyga joylashtirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, talabalarga turar joy topish va joylashtirishga ko‘maklashuvchi markazlar tashkil etildi. Bu markazlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024 yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosi doirasida faoliyat yuritmoqda.
Filialda tashkil etilgan “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi” talabalarga ko‘maklashish maqsadida har kuni ish olib bormoqda. Bu markaz talabalarga nafaqat universitetning talabalar turar joylari haqida ma’lumot beradi, balki ijaraga olingan xonadonlar bo‘yicha ham yordam ko‘rsatadi. Ta’lim muassasasi rahbariyati talabalarning turar joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirishni maqsad qilib olgan.