O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjat oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovasion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya natijasida olimlarning ishlab chiqarish ob’yektlarida stajirovka o‘tashi ilmiy izlanishlar mavzusi kengayishi va yangi darslik va o‘quv qo‘llanmalari ko‘payishiga xizmat qiladi.
Hozirda OTMlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida “Muhandislik sohalarida kadrlarni tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 20-iyun kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bajarilmoqda.
Xususan, TDTU Olmaliq filialida muhandislik fanlaridan dars beradigan professor o‘qituvchilarni dars beradigan fanini xususiyatidan kelib chiqqan holda tegishli ishlab chiqarish korxonalarida qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil etish bo‘yicha reja-grafik ishlab chiqildi.
Fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash maqsadida Olmaliq shahridagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlik doirasida 2024-yil avgust oyida 44 nafar professor-o‘qituvchilar OKMK AJda kasbiy ko‘nikmalarini egallashga yo‘naltirilgan stajirovkada bo‘lishdi.
Kuni kecha TDTU Olmaliq filialida OKMK AJ O‘quv markazi bilan hamkorlikda stajirovkani muvaffaqiyatli tamomlagan professor-o‘qituvchilarga sertifikatlar berildi.
Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilida OTM talabalarini dual tizimida o‘qitish, ishlab chiqarish amaliyotini o‘tkazish hamda tarkibiy bo‘linmalar hududlarida TDTU OF kafedralarini tantanali ravishda ochish maqsadida reja asosida chora-tadbirlar jadvalini tasdiqlash bo‘yicha takliflar kiritildi.