19-sentyabr kuni Toshkent Davlat Texnika Universiteti (TDTU) Olmaliq filialida giyohvandlik va psixotrop moddalarga qarshi kurashishga qaratilgan «Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Suhbat davomida talaba-yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy va profilaktik tadbirlar to‘g‘risida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 6 maydagi PF-73-sonli Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar yuzasidan ma’ruzalar va taklif-mulohazalar tinglandi.
Yig’ilish avvalida TDTU Olmaliq filiali direktori A. Samadov giyohvandlik muammosining yoshlar orasida keng tarqalganligini va uning inson hayoti va salomatligiga qanchalik zarar yetkazishini ta’kidlab, giyohvandlikka qarshi kurashishda ta’lim va tarbiyaning ahamiyati haqida gapirib o’tdilar. Shuningdek, filialda talaba-yoshlari o‘rtasida giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirishga qaratilgan umumprofilaktik tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar keltirildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov, mazkur markaz bo‘lim boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul xodimi Alisher Islomov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv xizmati Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Zafar Abdixalikov, Toshkent viloyati hokimligi, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirok etishdi.
Ravshan Mamatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 6 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-73-sonli Farmoni va uning ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan MILLIY STRATEGIYA ijrosini bo’yicha yig’ilish ishtirokchilariga ma’ruza qildi. Mamlakatimizda unib, o‘sib kelayotgan barkamol avlodga sog‘lom tarbiya berishda farmon va strategiyaning ahamiyati tushuntirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar giyohvandlikka qarshi kurashishda faollik ko‘rsatish va yoshlarni bu muammo haqida xabardor qilish zarurligini ta’kidladilar. O‘zaro muloqot davomida professor-o’qituvchilar va talabalar giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘z taklif va g‘oyalarini bildirib, mas’ullarga savollar ham berishdi.