Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida Federal davlat byudjeti fan instituti Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi N.A.Chinikala nomidagi Konchilik instituti Chita filiali bilan hamkorlikda “Kimyo sanoatining dolzarb muammolari, innovasion yechimlari va istiqbollari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishida Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi hamda mamlakatimiz kimyo sanoatining yetakchi olimlari va mutaxassislari ishtirok etishdi.
Har qanday sohaning rivojlanishi inson hayoti yaxshilanishiga, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Jamiyat rivojlanishining asosi bo‘lgan ta’lim, fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuv jarayoni dunyoning barcha mamlakatlarida, shu jumladan yurtimiz O‘zbekistonda ham bosqichma-bosqich amalga oshib bormoqda. Kimyo sanoatining dolzarb masalalari va ularning innovatsion yechimlari ham mazkur integratsiyaning jadallashishiga xizmat qiladi.
Bugungi kunda kimyo sanoati yangi bilimlar, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalarni tatbiq etishning asosiy markazlardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va iqtisodiyotni yangi bosqichga ko‘tarish kimyo sanoatiga ilm talab qiladigan sohalardan biri sifatida qarashni taqozo etadi. Kimyo sohasini rivojlantirish va jahon bozorlarida raqobatbardoshlikni ta’minlash, tarmoqni tubdan yangilash ko‘p jihatdan ilmiy-tadqiqot, loyihalash, injiniring, diagnostika markazlari va, asosiysi, malakali kadrlar salohiyatiga bevosita bog‘liqdir.
Konferensiyaning yalpi majlisida XXR, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasining soha bo‘yicha yetakchi olimlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Konferensiya o‘z ishini shoʻbalarda davom ettirdi.