Oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish masalalari “Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” da belgilangan aosiy vazifalar hisoblanadi.
Mazkur Konsepsiyaning 5-bobida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Unda o‘quv va fan dasturlarini kadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda shakllantirish, bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzulari sanoat muammolari asosida olib borilishi, oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari aloqalarini mustahkamlash hamda klaster usulida faoliyat yuritishi, korxonalarda mutaxassislik kafedralari filiallari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan muhandislik sohalarida kadrlarni tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida TDTU Olmaliq filiali Toshkent viloyati hududidagi korxonalar bilan hamkorlikni yangi darajaga ko‘tardi. «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ 2-Mis boyitish fabrikasi va Qalmoqir Kon boshqarmalarida Konchilik ishi fakulteti Konchilik ishi va Konchilik elektrmexanikasi kafedrasi filiali tashkil etilib, sanoat korxonasi hamda ta’lim jarayonining o’zaro hamkorlikda olib borish yuzasidan istiqbolli rejalar kelishib olindi.