Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida metallurgiya yo‘nalishining yetuk olimi, texnika fanlari doktori, professor Soyib Abdurahmonov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekistonda kon-metallurgiya xomashyolarini qayta ishlash texnologiyalarining dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusida tashkil etilgan anjumanda kon-metallurgiya sohasining yetakchi olimlari, mutaxassislar, ustozning hamkasblari, shogirdlari va qo‘shni davlatlardan mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirni Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktori A.Samadov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Unda ilm-fan bilan saodat, baxt va kamolotga, pir-u badavlatlik maqomiga erishgan zamondoshimiz, yurtimizda fanning metallurgiya yo‘nalishiga ulkan hissa qo‘shgan, yuzlab shogirdlar yetishtirgan, qutlug‘ yoshida jamiyatda faol yelkadosh bo‘layotgan inson, ustoz Soyib Abdurahmonov hayoti, ilmiy-pedagogik faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng TDTU rektori S.Turabdjonov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Q.Sanaqulov, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti rektori B.Mardonov, MTTU MISiS Olmaliq filiali direktori F.Umarov, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Usmanov hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari Kasaba uyushmasi Respublika kengashining Toshkent viloyati vakillarining tabriklari tinglandi.
Inson qalbi uning qilgan ishlarida aks etadi, – dedi notiq. – Texnika fanlari doktori, professor Soyib Abdurahmonov u amalga oshirgan ishlar, erishgan yutuqlari, shogirdlari, baxt qo‘rg‘oni – oilasiga qarab, ustoz umri davomida yaratgan bog‘ timsolida baho berish mumkin.
Soyib Abdurahmonovning uzoq yillar davomida sohaga fidoiyligi, tinimsiz mehnati va ilm-fan cho‘qqilarini egallashga bo‘lgan ishtiyoqi 1972 yilda texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga, 1976 yilda dotsent ilmiy unvoniga, 1997 yilda texnika fanlari doktori ilmiy darajasiga, 2000 yilda professor unvoniga ega bo‘lishiga xizmat qildi. 1997 yil 26 avgust kuni u “Shuhrat” medaliga, 2015 yil 31 martda Navoiy kon metallurgiya kombinati tomonidan III darajali “Konchilik shuhrati” nishoniga, 2017 yil 31 avgustda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan II darajali “Konchilik shuhrati” nishoniga sazovor bo‘ldi. 2022 yil 29 avgustda mustaqillikning 32 yili munosabati bilan Vatanimizning yuksak mukofoti “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Quvonarlisi, bo‘lib o‘tgan anjuman davomida ustoz Soyib Abdurahmonovga Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan I darajali “Konchilik shuhrati” nishoni topshirildi.
Ustozning ilmiy-pedagogik, rahbarlik, tashkilotchilik faoliyati va insoniylik jihatlariga nazar tashlasak, bir insonda qancha qobiliyat bo‘lishi mumkin bo‘lsa, ularning hammasi ustozda mujassam, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Har bir salohiyatli, qobiliyatli shogird ustozning faxri hisoblanadi. Soyib Abdurahmonov ilmga layoqati bo‘lgan yoshlarni diqqat-e’tiboriga olib, ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, sabr bilan fan olamiga yo‘lladi. Shu sababli bugungi kunda ustozdan ta’lim olib, ilmiy unvon va darajalarga erishgan shogirdlar sulolasi yetishib chiqdi. Ustoz shogirdlariga muvaffaqiyatga mehnat, sabr va tinimsiz ilm olish bilan erishish mumkinligini uqtirib keladi.
O‘z ishing to‘g‘risida birovdan maslahat olmoqchi bo‘lsang, avvalo, uning ishi qandayligiga e’tibor qil, degan naqlga amal qilib, Soyib Abdurahmonovning o‘zi har bir masalada shogirdlariga namuna bo‘ladi. Aytilgan va’daning ustidan chiqish, mehnatsevarlik, ishni oxiriga yetkazish, halollik va rostgo‘ylik…
-Hayotim davomida amalga oshirgan barcha ishlarimda avvalo qon va jism orqali o‘tgan ota-onamning siymu siyrati, ya’ni to‘g‘rilik, halollik, mehnatkashlik gavdalangan, -deydi Soyib Abdurahmonovich, – yana shu narsaga amin bo‘ldimki, ilm insonga baxt keltirar ekan. Ilm meni komillik yo‘liga yetakladi, pir-u badavlatlik maqomiga yetkazdi. Bundan beqiyos, beadad shukronalik tuyg‘ularini his etaman…
Anjuman sohadagi dolzarb mavzulardagi suhbatlar, bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Shundan so‘ng anjuman ishi 5 ta shoʻbalarda olib borildi, mutaxassislar tomonidan sohaga doir yo‘nalishlardagi ilmiy ishlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Ayniqsa, ustozning Andijon viloyati Shahrixon tumanidan kelgan do‘stlari, qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari hamda tadbirda ishtirok etayotgan mehmonlarning yuzlarida samimiy tabassum, ko‘tarinki kayfiyat mujassam edi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari ustoz Soyib Abdurahmonovga samimiy tilaklar bildirishdi. Fayzli umr sohibi bo‘lgan ustozning hayotiy qarashlari, tutgan tutumi, insoniy fazilatlari juda ko‘plarga o‘rnak, namuna, ibrat bo‘lsa ne ajab. Zero, yaxshi va ilmli inson bo‘lish hamma davrlarda ham odamlarning orzu-havasi bo‘lgan.