Energetika va mashinasozlik fakultetining Elektr texnikasi va elektr mexanikasi kafedrasi dual ta’limni yo‘lga qo‘yish maqsadida shu kunga qadar 6 ta korxona va tashkilot bilan hamkorlik shartnomalari imzolagan.
Xususan, kuni kecha kafedra mudiri, dotsent Sh.Rayxonov va dotsent M.Muminov rahbarligida 13-23 EEE guruhi talabalari Ohangaron GES unitar korxonasida amaliy ekskursiyada bo‘lishdi.
Talabalar Ohangaron tumani va Angren shahri hududlarida yangi ishga tushirilgan hamda qurilayotgan mikroGESlar bilan tanishdilar.
Shuningdek, zamonaviy elektr uskunalari, mikroGESlarning ishlash prinsipi, xavfsizlik qoidalari va gidromuhandislik inshootlari haqida amaliy bilimlarga ega bo‘lishdi.
Ohangaron GES rahbari I.Rahmonov ekskursiya davomida Toshkent viloyatida rejalashtirilgan kichik GESlar haqida ma’lumot berdi. Kun davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga muhandis-texnik xodimlardan javob olishdi.