Har bir avlodning hayotida bir burilish nuqtasi bo‘ladi. Kimdir bu pallani boshidan kechirgan, kimdir endi yo‘l yoqasida turibdi. Men esa o‘ylayman: “Biz qanday davrda yashayapmiz?” Javob oddiy: biz imkoniyatlar davrida yashayapmiz. Yurtimiz esa — imkoniyatlar yurti.
Bugun O‘zbekistonda har bir yoshning orzusi eshitilmoqda, harakati qadrlanmoqda. Bu yurt avvalambor ishonch berayapti. “Sen qila olasan, sen yetishing mumkin” degan ishonchni. Avvallari faqat orzu bo‘lib tuyulgan narsalar — bugun real hayotimizning bir qismiga aylanyapti: zamonaviy ta’lim, xorijiy universitetlar, startap maydonlari, stipendiyalar, tanlovlar… va eng muhimi — e’tibor.
Men o‘qiyotgan Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali bunga yaqqol misol. Bu joy — shunchaki auditoriyalar yoki laboratoriyalar majmuasi emas. Bu yer — yoshlar o‘zini topayotgan, o‘ziga ishonishni o‘rganayotgan makon. Nazarimda, bu yerda orzular sinovdan o‘tadi: kimdir loyihasini ishlab chiqarishga olib chiqadi, kimdir ilk bor texnikani qo‘li bilan sinaydi, kimdir esa o‘z kasbini topadi. Bu yerda nazariya qog‘ozda qolmaydi — u amaliyotda yashaydi.
Albatta, imkoniyat hammaga beriladi. Ammo undan kim qanday foydalanadi — bu esa o‘z qo‘limizda. Har kuni yangi tanlov, yangi sinov, yangi eshik ochiladi. Ba’zida u katta bo‘ladi, ba’zida oddiy ko‘rinishda. Uni tanib olish, qadrlash, harakat qilish — bu bizdan talab etiladi. Chunki harakat qilgan insongina parvoz qiladi.
O‘zbekiston bugun faqatgina hudud emas — bu orzular o‘sgan yer. Bu yerda yuraklar ishonch bilan to‘lgan, ko‘zlar kelajakka tikilgan. Bizni oldinda hali ko‘p imtihonlar kutadi, biroq eng asosiysi — bizda imkoniyat bor. Bu imkoniyatni qadrlaylik, undan foydalanaylik. Chunki bu yurt bizga qanot berdi. Endi uchish vaqti keldi.
Muhammadali Ermatov, E va M 7a-24 MM guruh talabasi