Flat Preloader Icon Loading...

«Ma’rifat ulashib» loyihasi doirasida: Xurshida Vahobjon qizi

1967-yil 24-oktabrda Namangan viloyati Norin tumanida ziyoli oilada tugʻilgan. Tumandagi 25-maktabning 8-sinfini bitirib, Andijon pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirgan. 1986-yilda bilim yurtini imtiyozli diplom bilan bitirgan. Ilk sheʼrlarini 5-sinfda oʻqiyotgan paytlarida yozgan va tuman gazetasida chop etilgan. Oilali, 2 nafar farzandning onasi.

1990-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining badiiy grafika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va qurilish Akademiyasi kursida oʻqigan. Andijon shahridagi maktabda, texnikumda, Toshkent Milliy rassomlik va dizayn institutida, “Oltin meros” jamgʻarmasi Andijon shahar boʻlimida, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida faoliyat yuritgan. 2005-yildan hozirgi kungacha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati boʻlimi rahbari.

Bolalikdan sheʼr, musiqa, qoʻshiq, rassomchilik boʻyicha ijod qilgan. Sheʼrlar, gʻazallar, dostonlar, publisistik asarlar, sahna asarlar yaratgan. Ijodining asosiy qismi nazmda. “Aldamchi tonglar”, “Sigʻmagay jismim jahonga”, “Izhor”, “Tajalli”, “Samoyinur”, “Yangi tong” nomli kitoblari nashr etilgan. Adibning eng sara va mashhur asarlari roʻyxati: “Samoyinur” dostoni, “Boshqa olam”, “Tushunmasman”, “Yurt ishqi”, “Onajon”, “Soʻz” kabi gʻazallari, “Said Ahmad va Saidaxonim”, “Shoir Muhammad”, “Yangi tong”, “Haq yoʻli”, “Otamdan qolgan” kabi sheʼrlari mashhur.

U Respublika markaziy nashrlarida dolzarb mavzudagi publisistik maqolalari bilan doimiy qatnashib turadi. Qator to‘plamlardan publisistik asarlari, yuz jildli “Turkiy adabiyot durdonalari” va boshqa antalogiyalardan turkum she’rlari o‘rin olgan.

She’rlari qirg‘iz, qozoq, tojik, ozarbayjon, ingliz, turk, hind tillariga tarjima qilingan. Andijonda 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan «Bobur izdoshlari» adabiy to‘garagi rahbari. 2012-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Scroll to Top