Flat Preloader Icon Loading...

“Eng yaxshi o‘quv-uslubiy qo‘llanma” respublika tanlovi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–16-son Farmoni ijrosi doirasida, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Taʼlim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng yaxshi o‘quv-uslubiy qo‘llanma” respublika tanlovi e’lon qilinadi.

Tanlovning maqsadi – ilg‘or g‘oyalar va innovatsion yondashuvlarga ega bo‘lgan iqtidorli psixolog va mutaxassislarni aniqlash, ularning faoliyatini qo‘llab- quvvatlash, taʼlim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlashga doir sifatli va samarali ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga va ommalashtirishga qaratilgan.

Tanlovga ishlanmalar elektron formatda raqamlitalim.trm.uz/psychology platformasi orqali 2025-yilning 10-sentabrigacha qabul qilinadi.

Oʻquv-uslubiy qo‘llanmalar tanlovga quyidagi hujjatlar bilan taqdim etiladi:
* tanlovda ishtirok etish uchun tanlov komissiyasi nomiga ariza (paltformada keltirilgan namuna asosida);
* muallif/tuzuvchilar haqidagi ma’lumot (F.I.Sh., ish joyi, lavozimi, ilmiy darajasi, bog‘lanish uchun telefon raqami);
* o‘quv-uslubiy qo‘llanma nomi;
* o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning qisqacha mazmuni (annotatsiya);
* oʻquv-uslubiy qo‘llanmaning kitob ko‘rinishidagi fayli (PDF);
* o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning ilmiy yoki ta’lim tashkilotlarining kengash
yig‘ilishi muhokamasidan o‘tganligi to‘g‘risidagi bayonnomadan ko‘chirma;
* o‘quv-uslubiy qo‘llanmaga soha mutaxassislaridan ikkita taqriz (PDF).


Tanlovda yaratilganiga ikki yildan oshmagan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar qabul qilinadi. Ikki yoki undan ortiq bir xil mazmun va shakldagi, shuningdek, ko‘chirilgan (plagiat – originallik darajasi 70 foizdan past bo‘lgan) ishlanmalar ko‘rib chiqilmaydi.

Eng yaxshi oʻquv-uslubiy qo‘llanmaga quyidagi talablar qo‘yiladi:
– aniq, qiziqarli va maqsadli auditoriyaga (yosh guruhi, malaka darajasi va boshqalar) mos boʻlishi;
– tanlovning maqsad va vazifalariga mos kelishi;
– mavzu psixologiya fanining zamonaviy yutuqlari va nazariyalariga asoslanishi;
– keltirilgan ma’lumotlar ishonchli manbalardan olinishi va havolalarning berilishi (foydalanilgan adabiyotlar va manbalar);
– ilmiy tushunchalarning aniq va toʻgʻri ifodalanishi;
– ilmiy yoki murakkab tushunchalar sodda va tushunarli tilda izohlanishi;
– misollar, analogiyalar va topshiriqlar real hayotiy vaziyatlar yordamidф tushuntirilishi;
– ilmiy faktlar, tadqiqot natijalari va nazariy yondashuvlar asosida yoritilishi;
– har bir bo‘limda aniq mavzularning yoritilishi, o‘zaro bog‘liqlikning bo‘lishi;
– kundalik hayotda uchraydigan turli muammolarga yechim topishga yoʻnaltiradigan loyihalar va shunga oʻxshash amaliy tadqiqotlarning mavjud boʻlishi;
– psixologik terminlarning to‘g‘ri va izchil qo‘llanilishi;
– misollar, keyslar, topshiriqlar va mashqlar bilan boyitilgan bo‘lishi;
– har bir mavzudan keyin tafakkurni rivojlantiruvchi savollar va topshiriqlar berilishi.

Tanlovga taqdim etilgan oʻquv-uslubiy qo‘llanmalar quyidagi shakliy- texnik talablarga mos bo‘lishi kerak:
– eng kam hajmi 64 betdan iborat boʻlishi;
– annotatsiya 6-8 ta gapdan oshmasligi;
– kalit soʻzlar (indeksatsiya uchun) 8-12 soʻzdan iborat boʻlishi;
– qo‘lyozma tahriri 1,5 interval, Times New Roman 14 shriftda (matn yuqoridan – 20 mm, pastdan – 20 mm, chapdan – 30 mm, o‘ngdan – 15 mm li hoshiyalar oralig‘iga joylashtirilishi; betlar pastki qism markazida, ketma-ketlik saqlangan holda raqamlanishi) boʻlishi;
– jadvallarni “Microcoft Word”ning “tablitsa” funksiyasi orqali kiritish;
– ilovalar hajmi cheklanmagan, lekin ular matnga mos kelishi (matnda ularga havolalar berilishi);
– boʻlimlar va mavzular aniq ajratilgan boʻlishi;
– matnni xotirada saqlashni osonlashtirish, mavzulardagi ixcham chizmalar, turli tasviriy ifodalar, jadval, infografika hamda rasmlar bilan muvofiq tarzda taʼminlanishi;
– muhim maʻlumotlar qalin shrift, rangli fon yoki ramkalar bilan ajratilgan boʻlishi kerak.

Tanlovga taqdim etilgan oʻquv-uslubiy qo‘llanmalar joriy yilning 30-sentabrigacha belgilangan baholash mezonlari asosida 100 ballik tizimda baholanadi va e’lon qilinadi.Tanlovda g‘olib deb opilgan mualliflarning oʻquv-uslubiy qo‘llanmalari ommalashtirish uchun mazkur platformada keltirilgan ommaviy oferta asosida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazining rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtiriladi.

Tashkiliy qo‘mita qarori bilan g‘olib deb topilgan ishtirokchilar maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar, shuningdek, nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.

Scroll to Top