Hali o‘z o‘qigan maktabini to‘liq tark etishga ulgurmagan, to‘g‘rirog‘i maktabni bitirganiga 5 yil bo‘lganiga qaramay, hamon maktab tadbirlariga mehmon sifatida chaqirilib turiladigan Abduxalil Ismatov tahsil olgan Ohangaron shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabi navbatdagi “Talaba o‘qigan maktab” loyihasiga mezbonlik qildi.
Ushbu loyiha tashabbuskori bo‘lgan TDTU Olmaliq filiali rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda iqtidorli talabalar tadbirda nafaqat mehmon bo‘lishdi, balki asosiy ishtirokchi sifatida o‘z chiqishlari bilan tadbirga mazmun kiritishdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan filial direktori, professor Alisher Samadov hamda maktab direktori Nargiza Boymirzayeva Abduxalil Ismatov haqidagi iliq fikrlarini aytib o‘tish bilan birga odobu tarbiyada boshqalarga namuna bo‘layotgan farzand tarbiyasidagi mehnatlari uchun tadbirda ishtirok etayotgan ota-onasiga minnatdorlik bildirdilar.
Ayniqsa, maktabning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan jadidlar timsolidagi she’riy chiqishlari, boshlang‘ich sinf qizchasining betakror raqsi, teatr guruhi o‘quvchilarining sahna ko‘rinishlari hamda Abduxalilga ustozlik qilgan o‘qituvchisining qo‘shiq ijrosi tadbirga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.
Shuningdek, filial iqtidorli talabalari Bunyod Mahmudov, Sevinch Abdug‘ofurova, Mardonbek Nuralibekov, Asadbek Abduazim va Abduxalil Ismatovlar ham tadbir davomida o‘z iste’dodlarini namoyish etishdi.
Sinf rahbari Mahsuda Nazarova, dadasi Abdukarim Ismatov, onasi Sanobar Ismatova va nevarasidan faxrlanib, to‘lqinlanib mikrafon ushlagan buvisi Buviniso Kudiyorova Abduxalilning odobi, iste’dodi, farzand sifatida oiladagi o‘rni, erishayotgan muvaffaqiyatlaridan oilasiga faxr hissini tuydirayotganidan, uning yutuqlaridan sevinayotganlarini ta’kidlashdi.
Bir talabaga oilasi, yaqinlari va ustozlari, ayniqsa filial tomonidan berilayotgan bu e’tibor zamirida talabaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va ertangi kuniga umidi oshib boradi.