Yoshlar yangi gʻoyalar bilan yashaydi, oʻz kelajagini qurishga intiladi. Har bir bitiruvchi talabaning oldida bitta muhim savol turadi: endi qayerga boraman? Ish topa olamanmi? Oʻz biznesimni boshlashga imkoniyat bormi?
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevralda yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “Oʻzmilliybank” AJning oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashtirilishiga koʻmaklashishni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshirilmoqda.
“Kelajakka qadam” dasturi aynan yoshlarning kelajagini mustahkamlash, ularni kasbga yoʻnaltirish va oʻz biznesini boshlashga koʻmaklashish uchun ishlab chiqildi. Mazkur dastur mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirish maqsadida TDTU Olmaliq filialida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig`i B.Xolmirov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki Yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig`i E.Ikromov hamda »O‘zmilliy bank» »Kelajakka qadam» markazi loyihasi mas’ul xodimi A.Ilxomovning talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida oliy ta`lim tashkilotlari biitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha mas`ullar batafsil ma`lumot berib, talabalarning savollariga javob berdilar.