Flat Preloader Icon Loading...

Kutubxona — ma’rifat maskani, ma’naviyat oʻchogʻi

photo 2025 05 19 14 06 55

U erda faqat kitoblar emas, balki hayot tajribasi, tarix, madaniyat va zamonaviy taraqqiyot mujassam. Kutubxona inson tafakkurini charxlaydigan, bilimga boʻlgan ehtiyojini qondiradigan muqaddas maskandir. Shu boisdan ham kutubxonachi kasbi — nafaqat mas’uliyatli, balki jamiyatning ma’naviy va intellektual taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshuvchi kasblardan biridir.

Ma’lumki, har yili 21 may – Oʻzbekistonda Kutubxonachilar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan, shu sohaga 40 yildan ortiq umrini baxshida etgan tajribali kutubxonachi, salohiyatli mutaxassis, oʻz kasbining haqiqiy fidoyisi — Togaeva Gulbaxor Tuzelovnaning 60 yoshlik yubileyi munosabati bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali Axborot-resurs markazida «Oʻz kasbining fidoyisi» nomli tadbir tashkil etildi.

Tadbirda filial professor-oʻqituvchilari, Axborot-resurs markazi xodimlari, Olmaliq shahar Axborot-kutubxona resurs markazi rahbari hamda G.Togaevaning oila a’zolari ishtirok etishdi. Tadbir davomida mehnat fidoyisi Gulbahor Tuzelovnaning koʻp yillik samarali faoliyati, kutubxona ishini tashkil etish va rivojlantirishdagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Unga samimiy tilaklar bildirildi, esdalik sovgʻalar topshirildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarida talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar va adabiy-badiiy chiqishlar katta taassurot qoldirdi. G.Togaeva oʻz faoliyati davomida bilim va ma’rifat targʻibotchisi sifatida koʻplab yoshlarning ma’naviy kamolotiga hissa qoʻshgan, oʻzining mehnatsevarligi, sidqidildan ishlashi va yuqori kasbiy malakasi bilan hamkasblari orasida hurmat-e’tibor qozongan.

Bunday tadbirlar, shubhasiz, nafaqat fidoyi kutubxona xodimlarini qadrlash, balki yosh avlodni ushbu kasbga hurmat ruhida tarbiyalash, kitobga, ma’rifatga boʻlgan mehrni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Scroll to Top