Flat Preloader Icon Loading...

«Ma’rifat ulashib» loyihasi doirasida: Humoyun Akbar

Hayoti haqida
Humoyun Akbar 1964-yil 31-yanvarda Andijon viloyati Bo‘ston tumanida tug‘ilgan. 1980-yilda shu tumandagi 15-o‘rta maktabni a’lo baholarga tamomlagan. Birinchi she’ri 1977-yil 23-yanvarda “Bo‘z haqiqati” tuman gazetasida chop etilgan. Oilali, to‘rtta farzandning otasi. Hozirda Shayhontohur tumanida yashaydi.

Faoliyati haqida
1980–1985-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent davlat milliy universitetida (avvalgi ToshDU), 1997–1998-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Xalqaro munosabatlar va davlatlararo aloqalar fakultetida ta’lim olgan.
Mehnat faoliyatini 1985-yilda Bo‘z pedagogika bilim yurtida ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik Respublika Ta’lim markazida uslubchi, Xalq ta’limi vaziri yordamchisi, Bo‘z tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, Xalq ta’limi vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i, Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi boshliq o‘rinbosari, shuningdek, “Tarbiya” va “Yer yuzi” jurnallari bosh muharriri, “Adib” nashriyoti bosh muharriri, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ishlagan.
Hozirda “Jadid” adabiy, ilmiy-ma’rifiy, ijtimoiy gazetasi bosh muharririning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ijodi haqida
Humoyun Akbar 13 yoshidan buyon ijod qiladi. 2005-yildan buyon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Shoirning “Yurakdagi rangin kamalak” (1997), “Unutilgan gul” (1998), “Dilxiroj” (1999), “Ko‘nglim guli” (2005), “Yoshlik bekati” (2008), “Tuyg‘ular raqsi” (2010), “Intihosiz navolar” (2012), “Gulbong” (2022) kabi o‘ndan ortiq she’riy kitoblari chop etilgan.
Publisist sifatida ikki yuzdan ortiq maqola va esselar e’lon qilgan. “Quyosh huzuriga yo‘l olgan karvon” nomli esselar to‘plami yurtimiz bo‘ylab sayohat tarzida yozilgan.
Uzoq izlanishlar natijasida yosh ijodkorlar uchun “Sim-sim… Mutolaa sirlari” hamda “Ijod falsafasi” to‘plamlarini tayyorlagan. Mazkur kitoblarda jahon adabiyotining o‘ttizdan ortiq namoyandalarining mutolaa san’ati va ijod sirlari haqidagi maqolalari jamlangan.

Eng sara asarlari
“Ko‘nglim guli” (2005), “Yoshlik bekati” (2008), “Tuyg‘ular raqsi” (2010), “Intihosiz navolar” (2012) she’riy to‘plamlari, “Quyosh huzuriga yo‘l olgan karvon” esselar to‘plami eng mashhur asarlari hisoblanadi.

Qo‘shiq bo‘lgan asarlari
Bir qator she’rlari Kumush Razzoqova, Shohjahon Jo‘rayev va boshqa san’atkorlar tomonidan kuylanadi.

Mukofotlari
“Eng ulug‘, eng aziz…” va “Vatan uchun yashaylik” respublika tanlovlari g‘olibi.

So‘nggi chop etilgan kitobi
“Gulbong” she’rlar to‘plami, 2022-yil.

Tarjimalari
Aleksandr Pushkinning “Tumor”, Persi Bishi Shellining “G‘arb shamoli”, Jeyms Joysning “She’rlar”, David Samoylovning “To‘lqin va tosh” she’riy kitoblari, Anton Chexovning “Kuchuk yetaklagan xonim” qissa va hikoyalar to‘plami, S. Gessen va L. Modzalevskiyning “Pushkin gurunglari”, Viktor Shklovskiyning “Lev Tolstoy” biografik romani, Yuriy Nagibinning “Tiniq ko‘llar” qissa va hikoyalari tarjima qilgan.
Shuningdek, Li Bo, Jon Milton, Artyur Rembo, Lev Tolstoy, Herman Hesse, Redyard Kipling, Tomas Eliot, Konstantin Balmont, Robert Rojdestvenskiy, Velimir Xlebnikov, Rasul Hamzatov kabi jahon adabiyoti namoyandalarining asarlarini ham tarjima qilgan.

Scroll to Top