Juda ko‘plab yangidan yangi ma’lumotlar bilan to‘lib-toshgan, tezlashgan va ko‘p qirrali bo‘lib borayotgan zamonda o‘zini, o‘zligini yo‘qotmaslik uchun inson nimaga suyanishi kerak, nimani o‘zi uchun dasturilamal deb bilishi kerak. Men bu kuchni bir so‘z bilan bilim deb atagan bo‘lardim. Aynan bilimning insonga beradigan anglash, tafakkur qilish imkoniyati bilangina oqni qoradan, yaxshini yomondan ajratadi. Aynan bilim mudom o‘rganishga, izlanishga, yangilik va kashfiyotlar qilishga undaydi. Butun umri davomida yangi narsalarni o‘rganib borish, masalaning mohiyatini anglash o‘ta muhim, chunki bu hayotni o‘zgacha, boy va qiziqarli tarzda yashab o‘tish imkonini beradi.
Muammo shundaki, – bugungi kun yoshlari ma’lumotlarning qaysi birini qabul qilayapti, bilimni qay usulda berish talab etilayapti? Oliy ta’lim muassasalarida bilim berishning yangi usullari joriy etilayaptimi? Faqat verbal kommunikasiyaga asoslangan ta’lim bugun o‘zini oqlamayotgani aniq. Chunki bugun – zamonaviy texnologiyalar davri bo‘lib, texnika asri o‘zining moʻjizaviy qudratini namoyon etayotgan davrdir.
Oliy ta’lim qamrovining kengayishi, oliy ta’lim muassasalarining tarkibiy tuzilmasi va faoliyat mazmuni o‘zgarishi kabi ko‘rsatkichlar, iqtisodiyotning o‘sishi ta’lim sifatini yuksaltirish zaruratini keltirib chiqaradi. Oliy ta’lim – yangilangan jamiyat qurilishida rivojlanib borayotgan va hal etuvchi kuchga ega soha hisoblanadi. Ayniqsa, 2017 yildan buyon o‘tgan vaqt davrida oliy ta’limga qiziqish va intilish karralarga ortganini ko‘rishimiz mumkin. Oliy ta’lim muassasalari sonining keskin ortishi, xususiy sektorning oliy ta’limga kirib kelishi, xorijiy hamkorlikning rivojlanishi, oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasining yaxshilanishi oliy ta’lim nufuzini oshiradi.
Har bir muammo qa’rida imkoniyatlar yotadi
Bugun oliy ta’lim tizimini obdon qoralab, tizimni “o‘lik” holga chiqarish holatlari ko‘payganini ko‘rayapmiz. Bundan ne foyda?
Men o‘zim rahbarlik qilayotgan oliy ta’lim dargohi hamda o‘zim faoliyati bilan yaqindan xabardor bo‘lgan universitetlar misolida fikr yuritmoqchiman. Haqiqatdan ham oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadi, sohasining mavjud muammolariga ilmiy asoslangan yechim izlaydi va oliy ta’lim muassasasidagi talabalarga ma’lum fanlardan dars beradi. Ularning kelajakda ma’lum bir mutaxassislik bo‘yicha ixtisoslashuviga ko‘maklashadi. Oliy ta’lim muassalari har ikkala funksiyani bajarmoqda. Respublika oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarda munosib o‘rinlarni egallayotganligi, nufuzli ilmiy nashrlardagi maqolalar sonining va sifatining ortib borayotganligi, sohaga oid muammolar bilan ishlayotganligi va buning natijasida ko‘plab ixtiro patentlari, foydali modellar uchun guvohnomalar olinayotganini aytish mumkin. Bugun professor-o‘qituvchi quruq, yengil-yelpi bilim bilan talabaning oldiga borolmaydi. Boisi chuqur bilim, asoslangan axborot, yangi ilmiy ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, auditoriyaning o‘zi sizni siqib chiqaradi. Istagan odam oliy ta’limga kira olmasligi aniq, professor-o‘qituvchi bilan tuziladigan bir yillik mehnat shartnomasi o‘qituvchi zimmasiga mas’uliyat yuklaydi. Yana bir gap, yildan-yilga bilimli, xorijiy tilni mukammal egallagan, chet elda tahsil olgan, himoya qilgan yosh kadrlar ko‘paymoqda. Bu esa raqobat va tanlovni kuchaytirayapti. Bundan tashqari oliy ta’lim muassalarida ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov hay’atlari faoliyat yuritadi va ular saralab ishga olishadi. Ma’lumki, tyutorlik (men guruh rahbari, murabbiyi degan bo‘lardim) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa professor-o‘qituvchini qog‘oz, jadval, tadbirlardan ozod qilib, ancha yengillik berdi, faqat ta’lim jarayoni bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratmoqda.
Albatta, haqiqiy oliy ta’lim tamoyillari ustuvor bo‘lishi kerak, hech kim majburan oliy ta’limda o‘qimasligi kerak, o‘zlashtira olmagan talaba joyni band qilmasligi kerak. Imtiyozlar o‘z chegarasida bo‘lishi kerak. Fikrimcha, imtiyozlar o‘zlashtira olmayotgan talabaga emas, iqtidorli talabaga qo‘shimcha rag‘bat sifatida berilishi kerak.
Maqsad yuksak, harakat jiddiy
Albatta har qanday davr o‘z hisoboti, erishilgan natijalar ko‘lami bilan ahamiyatlidir. Tog‘-kon sanoati rivoji kadrlar tayyorlash tizimi oldiga katta vazifalarni qo‘ymoqda. Dunyo bozorida qora va rangli metallarga talabning ortishi ishlab chiqarish hajmining ko‘payishiga olib kelmoqda. Shuningdek raqamlashtirish va avtomatlashtirish bugungi kunda metallurgiya sohasining dolzarb vazifasi sifatida ko‘rilmoqda. Bundan kelib chiqib, tog‘-kon sanoati mutaxassislarini tayyorlab berayotgan oliy ta’lim muassasalari zimmasida mas’uliyat ham ortmoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida ishlab chiqarish korxonalarining yildan yilga modernizasiyasi hisobiga yangi ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilmoqda. Joriy o‘quv yilida yangi Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti ish faoliyatini boshladi. Magistratura mutaxassisliklari – metallurgiya, foydali qazilma konlarini qazish (ochiq usulda), konchilik ishlarini elektrlashtirish va avtomatlashtirish yo‘nalishlarida ham talabalarga yuqori salohiyatli o‘qituvchilar ta’lim berishmoqda. Filial ilmiy salohiyatidan kelib chiqib metallurgiya yo‘nalishida doktorantura tashkil etildi. Ta’lim jarayonida mehnat qilayotgan 159 nafar professor-o‘qituvchidan 61 nafari ilmiy darajaga ega, ulardan 7 nafari fan doktori, 54 nafari fan nomzodi ilmiy darajasiga ega. Ilmiy salohiyat bugungi kunda 38,4% ni tashkil etadi. 40 yoshgacha ilmiy darajalilarning ulushi 18,6%dan iborat. Bugungi kunda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida 5061 nafar talaba tahsil olmoqda. 2022 yil professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi – 10 nafari falsafa doktori (PhD) dissertasiyasini himoya qildi, 1 nafari professor, 4 nafari dosent va 1 nafari katta ilmiy xodim ilmiy unvonini oldi. 2023 yilda filial professor-o‘qituvchilari tomonidan jami 20 ta (shundan, 2 ta DSc, 18 ta PhD) dissertasiyalarni himoyasi rejalashtirilgan. Ma’lumot uchun: 2017 yilda 2 ta (1 ta DSc, 1 ta PhD), 2019 yilda 3ta (3 ta PhD), 2020 yilda 3 ta (1 ta DSc, 2 ta PhD), 2021 yilda 2 ta (2 ta PhD) dissertasiyalari himoya qilingan.
Filial professor-o‘qituvchilari tomonidan ilmiy-tadqiqot va ilmiy-uslubiy ishlar natijalari bo‘yicha 288 ta respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda (shundan, 43 tasi «Scopus» ma’lumotlar bazasidagi jurnallarda) maqolalar, xorijiy va respublika hamda OTM miqyosida o‘tkazilgan anjumanlarida 215 tadan ortiq tezislar chop etilgan, 3 ta darslik, 9 ta o‘quv qo‘llanma, 13 ta monografiya nashr qilingan. Shuningdek, 22 ta EHM dasturi uchun guvohnoma, 5 ta ixtiro va foydali model uchun patent olingan. “Olmaliq KMK” AJ bilan 6 ta loyiha hamda «O‘zikkilamchirangli metall»AJ, «INTACT» MCHJ, «Asia Element Star» MCHJ bilan jami loyiha miqdori 1 380 550 000 so‘mlik 9 ta xo‘jalik shartnomalari bajarilmoqda.
Filial professor-o‘qituvchilari tomonidan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida umumiy qiymati 592 mln. so‘mlik “Mahalliy xom-ashyolar asosida agressiv muhitda ishlatiladigan keramik kislotaga bardoshli mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida startap loyiha (loyiha rahbari Ulug‘bekUmurov) bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari bajarildi. Hozirda ishlab chiqarilayotgan kislotabardosh g‘ishtlarni “Olmaliq KMK” AJ korxonalariga sotish ustida ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida umumiy qiymati 150 mln. so‘mlik “Qovun pashshasi (Myiopardalis pardalina Big.)ga qarshi feromonli tutqichlar ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish” mavzusida innovasion loyiha (loyiha rahbari k.f.n. Turg‘unboy Djumaqulov) amalga oshirildi. Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali doktoranti Elyor Masidiqov tomonidan tayyorlangan “xom-ashyolarni kremniysizlantirish” uskunasi ishlab chiqarish sharoitida sinovdan o‘tkazildi va metallurgiya korxonalari chiqindilaridan foydali komponentlar hamda kremniy xom-ashyosi olindi.
Yildan yilga professor-o‘qituvchilar safini yosh, bilimli olimlar to‘ldirayotgani quvonarli. Ana shunday yoshlardan biri Sarvar Parmonov (PhD) joriy yil fevral oyida Hindistonda bo‘lib o‘tgan SHHT yosh olimlarining 2-Konklavida metallurgiya sohasidagi ilmiy izlanishlari bo‘yicha ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Oliy ta’lim va ishlab chiqarish uzviyligi ta’minlanishi kerak
Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali hududdagi eng yirik metallurgiya korxonasi “Olmaliq KMK” AJ bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Besh yillik faoliyatga ega yosh jamoamiz malakali, yetuk kadrlar tayyorlash, zamonaviy metallurgiya muammolariga yechim topish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda ulkan sanoat salohiyatiga ega, dunyodagi yirik tog‘-kon korxonalaridan biri OKMK tajribasiga suyanadi. Filial faoliyati davomida moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, laboratoriya va o‘quv jihozlari bilan ta’minlash, professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish kombinat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlaridan namunadir. Ta’lim va ishlab chiqarish integrasiyasi bugungi kunda har ikki tomon diqqat markazida turgan asosiy masala hisoblanadi.
Filialimizning innovasion hamkorlik aloqalari «Olmaliq KMK» AJ, «Navoiy KMK» DK, “TEXNOPARK» OAJ “Toshkent IES” AJ, “Ohangaronsement” AJ, “Toshkent metallurgiya zavodi”OAJ QK, «O‘zmetkombinat»AJ, “Dehqonobod kaliy koni” AJ “Ammofos-Maksam” AJ kabi korxonalar bilan yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlikning malaka oshirish, o‘quv amaliyoti, doktorlik, nomzodlik, magistrlik dissertasiyalari, bitiruv malakaviy ishlari, kurs ishlari ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik, xo‘jalik shartnomasi kabi shakllari amalga oshirilmoqda.
Korxonada kafedra auditoriyasi
Ta’lim, ilm-fan va sanoat integrasiyasi ta’limiy, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatlarining mushtarak maqsad sari yo‘naltirilganligidir. “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi”da yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini faol jalb etish belgilangan. “Olmaliq KMK” AJ asosiy kadrlar buyurtmachisi sifatida TDTU Olmaliq filiali bilan hamkorlikda talabalarning tegishli soha bo‘yicha ta’lim jarayonidan tashqari vaqtda mehnat faoliyati olib borishlari uchun sharoitlar yaratmoqda. Kombinatning ishlab chiqarish korxonalarida kafedra auditoriyalari tashkil etilgan bo‘lib, talabalar uchun ta’lim jarayoni bevosita ishlab chiqarish hududida tashkil etilgan. Professor-o‘qituvchi tomonidan o‘tilayotgan dars mashg‘ulotiga korxona yetakchi mutaxassisi ham jalb etiladi. Bu esa ta’lim samaradorligi oshishiga olib keladi. Qalmoqqir koni boshqarmasida tashkil etilgan kafedra auditoriyasida talabalar konning geologik tuzilishi, kon rudalarining tarkibi, qazib olish va tashish usullari haqida ishlab chiqarish hududining o‘zida bilimlarini yanada boyitmoqda. Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “yuragi” sanaluvchi Mis boyitish fabrikasida tashkil etilgan kafedra auditoriyasida rudani qayta ishlash, metallni ajratib olish texnologik jarayonlarini bevosita kuzatish, xavfsizlik texnikasiga rioya etgan holda ishtirok etish talabalarga ixtisoslikni chuqur o‘rganishga imkoniyat yaratmoqda. Mazkur amaliyotning tadbiq etilishi bilan OKMKning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, qattiq raqobatchilik sharoitlarida tarmoqning samarali faoliyat yuritishini ta’minlay oladigan yosh va iste’dodli mutaxassislarni jalb etish vazifasini ham hal etiladi.
Ishlab chiqarishdan dual ta’limga
Oliy ta’lim muassasasi va kadrlar buyurtmachilari bilan o‘zaro hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar natijasida dual ta’lim filialimizda samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ilmiy darajasi bo‘lmasa-da, lekin katta kasbiy tajribaga ega, “metallurgiya piri” hisoblangan kuchli mutaxassislar ta’lim jarayoniga keng jalb etilmoqda. Albatta, OKMK – ulkan tajriba, mehnat, bilim va mahorat maskani. Texnik va texnologik jarayonlarni puxta egallagan kombinat mutaxassislarining oliy ta’lim mazmunini shakllantirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish – rejadagi loyihalarimizdan biri. Maqsadimiz, biz tayyorlagan mutaxassislar malakaviy darajasi mehnat bozorining talablariga yetarlicha javob bera olsin. Ma’lumki, bakalavr ta’limida talaba amaliyot uchun ishlab chiqarish korxonalariga yuboriladi. Ilgari nomiga amalga oshirilgan amaliyot darslari hozirda son jihatdan ko‘paytirilib, sifat darajasi oshishiga katta ahamiyat berilmoqda. Talabalarning amaliy ish vazifalari ham dual ta’lim jarayonida, korxonada amalga oshiriladi. 2-3-bosqich talabalari amaliyot davrida stajyor sifatida rasmiylashtirilib, unga maosh to‘lanishini joriy etish OKMK rahbariyati bilan rejalashtirilgan yana bir loyihadir.
Bitiruvchi stajyor sifatida ishga qabul qilinsa…
Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yoshlarni ish bilan ta’minlash yo‘lida TDTU Olmaliq filiali “Olmaliq KMK” AJ bilan hamkorlikda yana bir loyihani amalga oshirmoqda. Oliygohni tugallagan bakalavr bitiruvchilari stajyor sifatida kombinat korxona va tashkilotlariga ishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Buning natijasida bugun qo‘liga ixtisoslik diplomini olgan yosh mutaxassis stajyor sifatida ish o‘rganadi, maosh oladi. Ertaga kombinat ishchi-xodimi sifatida ishga joylashishi uchun malakasini oshirib, muhim qadamlarni qo‘yadi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan iqtisodiyot tarmoqlarida ishlab, 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan ishchi-xodimlar uchun maxsus sirtqi ta’lim shakli joriy etilgan bo‘lib, TDTU Olmaliq filialida OKMKda mehnat qilayotgan 200 nafardan ortiq ishchi-xodim ta’lim oldi. Yuqori malakaga ega bo‘lgan kombinat ishchilari endi oliy ma’lumotga ham ega bo‘lishdi. Filialimizda tashkil etilgan kechki va sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotgan, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ta’limni davom ettirish niyatida bo‘lgan yoshlar uchun ham imkoniyatlar yaratiladi.
Ilm-fan sanoat rivoji yo‘lida
Ma’lumki, har qanday rivojlanish, yuksalish asosini ilm-fan, uning qay darajada taraqqiy etganligi belgilaydi. Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning innovasion va yuqori texnologik formatga o‘tishi har bir amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqoqot ishlarining mazmun-mohiyatini tashkil etadi. TDTU Olmaliq filialida faoliyat yuritib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan professor-o‘qituvchilar “Olmaliq KMK” AJ korxonalarining ishlab chiqarish muammolarini tadqiq etish va hal etish yo‘lida izlanmoqdalar. Ilmiy tadqiqot ishlari natijasida “Mis fosforidi olish texnologiyasini ishlab chiqish” (t.f.d, professor M.M.Yakubov), “Gidrometallurgik usulda rux keklarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish (t.f.d., dos.D.B.Xoliqulov), «Olmaliq KMK» AJ MOF-2 temir saqlovchi chiqindilaridan (xvost) temir oksidini ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish” (PhD N.M.Askarova), “Eskirgan rezina-texnika mahsulotlari asosida modifikasiyalangan polimer-bitum mahsulotlarini olish texnologiyasini yaratish” (PhD V.N.Jurayev) kabi grant loyihalari amalga oshirildi. Shuningdek, “Oksidlangan mis rudalarini kompleks qayta ishlash texnologiyasini yaratish” mavzusi bo‘yicha amaliy loyiha (t.f.d., dosent D.Xoliqulov rahbarligida), “Rux saqlovchi po‘lat eritish changlarini qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish (t.f.d. professor A.Samadov rahbarligida), “Ko‘mir konini kompleks usulda qazib olish sharoitida sodir bo‘ladigan xavfli geomexanik va geodinamik jarayonlar ta’sirini prognozlash va ko‘mir razrez bortlarining ustuvorligini baholash, 3D-modelini yaratish (t.f.d.,professor S.S.Sayyidqosimov rahbarligida), “ Yer osti gazi va ko‘mirdan foydalangan holda Angren ko‘mir konidan chiqarib tashlanuvchi ikkilamchi kaolindan alyuminiy oksidi ishlab chiqarishning yangi tejamkor texnologiyasini yaratish (PhD N.M.Askarova rahbarligida), “Energiya va resurs tejovchi yangi innovasion texnologiyalarni ishlab chiqish va qo‘llash asosida burg‘ilash uskunalarini avtonom energiya bilan ta’minlash qurilmalaridan chiqarib yuborilayotgan ikkilamchi issiqlik manbaidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi qurilma yaratish” (t.f.n., dos. D.A.Rismuxamedov rahbarligida) mavzusidagi amaliy loyihalar, albatta, ulkan metallurgik korxonaning samarali faoliyatiga xizmat qiladi.
Pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga filial tarkibida srin oof larni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayapti. “TDTU OF – food” UK spin off asosida faoliyat yuritmoqda. Ushbu loyihani tashkil qilish orqali yangi 10 ta ish o‘rinlari yaratildi. Ko‘shimcha ravishda ishlab chiqarish mahsulotlarini ham tashkil etish inobatga olindi. 3 nafar talaba ushbu korxonada ish yuritadi. Filialning Ohangaron shahrida joylashgan binosidagi oshxona ham “Spin-off” bo‘yicha tashkil etildi.
Oliy ta’lim tizimi yangilanish bosqichida. Har bir sohada keng ko‘lamli islohotlar samarasi yaqqol ko‘rinayotganidek, ishonamiz, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi ham dunyo reytinglarida tan olinishi yaqin. Bu jarayonga har bir oliy ta’lim muassasasi, har bir jamoa o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishga qodir.
Alisher Samadov.
Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filiali direktori,
t.f.d., professor.