1. Adib hayoti haqida:
Muhammad Ali (asl ismi Muhammadali Mahmudov) 1942-yil 1-martda Andijon viloyatining Bo‘ston tumani Beshkal qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. 1959-yilda Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi Navoiy nomidagi o‘rta maktabni tamomlagan. Mehnat faoliyatini Bekobod qum-shag‘al karerida saralovchi (sortirovshchik) sifatida boshlagan. So‘ngra Moskvadagi A.M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida tahsil olgan (1960–1966). O‘qish davrida bir yil akademik ta’til olib, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi maktablarda o‘qituvchilik qilgan (1962–1963).
2. Adibning ijodiy va mehnat faoliyati:
Moskvadan qaytgach, Muhammad Ali O‘zbekistonning turli nufuzli nashriyot va ijodiy tashkilotlarida faoliyat yuritdi:
- “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim (1966)
- Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir (1967), bo‘lim mudiri (1969–1982), bosh muharrir (1982–1985)
- O‘zbekiston televideniesida bosh muharrir (1985–1988)
- Yozuvchilar uyushmasida Badiiy tarjima va adabiy aloqalar markazi raisi (1989–1993)
- O‘zbekiston Milliy universitetida professor (1993), Etika va estetika kafedrasi mudiri (1994–1996)
- G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda o‘zbek adabiyoti bo‘limi mudiri (1997–1999)
- Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamg‘armasi raisi (1999–2003)
- Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi boshqaruvi raisi (2003–2013)
- O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi (2013–2018)
2018-yildan boshlab Toshkent Davlat universitetida professor sifatida faoliyat olib bormoqda. Universitetdagi “Mangu bitik” adabiyot to‘garagiga rahbarlik qiladi. 2021-yil may oyidan boshlab Xalqaro Amir Temur xayriya fondi raisi lavozimida ishlamoqda. Shuningdek, “Temurbeklar maktabi” bosh o‘qituvchisi hamda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi a’zosi hisoblanadi.
3. Adib ijodi haqida:
Muhammad Ali adabiyotga 1950-yillarning oxirida kirib kelgan. Dastlabki she’ri 1957-yil 17-fevralda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan. Hozirga qadar adibning turli janr va tillarda 50 dan ortiq kitoblari nashr etilgan. U nazm, nasr, esselar va tarjima sohasida ham faol ijod qiladi.
Muhim asarlari:
- She’riy dostonlari: “Mashrab” (1966), “Gumbazdagi nur” (1967), “Beshgul” (1969), “Mehr va Vafо” (1975), “Avliyoning bashorati” (2010), «Fazodagi hislar» (1967), «Shafaq» (1968), «Otalar yurti» (1970), «Dostonlar» (1974), «Oq nur» (1977), «Ilhom parisi» (1980), «Sen bir gulsan» (1989), «Ona duosi» (1994) va boshqa she’riy asarlar muallifi.
- She’riy roman: “Boqiy dunyo” (1970–1979), Andijon va Jizzax qo‘zg‘olonlariga bag‘ishlangan
- Esselari: “O‘z-o‘zingni anglab yet” (1988), “Haqiqatdan chekinma, Tarix!” (1990), “Qafasdagi bulbullar” (1996), “Amir Temur chamani” (2003), “Tarix saboqlaridan xulosa chiqarib yashaylik” (2014), “Hazrat Navoiyning sirli olami” (2022) kabi dolzarb mavzularga bag‘ishlangan publitsistik asarlar
- Nasr: «Ulug‘ saltanat» (2 kitob, 1999) tarixiy romani ham bor. «Sarbadorlar» (1989) roman-dilogiyasi adibning nasrdagi dastlabki asari. «Ramayana» (1978), qoraqalpoq eposlari «Shahriyor» (1977), «Masposhsho» (1985), shuningdek, R. Byorns, U. Tabidze, Bayron va boshqa yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Muhammad Ali ayni paytda yetakchi esseist va publitsistlardan biri sanaladi. Uning “O‘z-o‘zingni anglab yet” nomli jasoratli essesida mustamlaka davridagi og‘ir holatlarda xalqni o‘zligini anglashga, tarixdan saboq olishga undagani katta baho olgan.
4. Mashhur asarlari:
- “Oshiq bo‘lmay Haq diydorin ko‘rsa bo‘lmas” (1992)
- “Men ko‘rgan Amerika” (2000)
- “Amir Temur chamani” (2006)
- “Ulug‘ ajdodlardan meros shijoat” (2012)
5. Sahnalashtirilgan (spektakl) asarlari:
- “Ulug‘bek Mirzoning so‘nggi kuni” (2001)
- “Masposhsho va Oyparcha” (2002)
- “Hindiston malikasi” (2006)
- “Navoiy va Boyqaro” (2015)
- “Bibixonim” (2023)
Ayniqsa, “Navoiy va Boyqaro” dramasida ikki buyuk shaxs – Alisher Navoiy va Sulton Husayn Boyqaroning do‘stligi san’atkorona yoritilgan. Ushbu spektakl Farg‘ona viloyati drama teatrida (2016) hamda Qozog‘istonning Chimkent viloyat drama teatrida (2017) sahnalashtirilgan.
6. Mukofotlari:
- O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mukofoti (1976)
- Berdak nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat mukofoti (1984)
- O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvoni (1992)
- Xalqaro Xoja Ahmad Yassaviy mukofoti (1994)
- “Mehnat shuhrati” ordeni (1999)
- “Mustaqillikka 15-yil” ko‘krak nishoni (2006)
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (2007)
- “Mustaqillikka 20-yil” (2011) va “30-yil” (2021) ko‘krak nishonlari
- “El-yurt hurmati” ordeni (2014)
- “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni (2021)
- Xalqaro Turkiy Akademiyaning “Alisher Navoiy” oltin medali (2021)
- Xorazm Ma’mun Akademiyasi faxriy professori (2023)
7. So‘nggi chop etilgan asari:
- “Shajara” nomli roman-esse (2023)
8. Tarjima qilgan asarlari:
- “Jahongir Mirzo” romani (2003), 2008-yilda turk tiliga tarjima qilinib, Turkiyada chop etilgan.