Flat Preloader Icon Loading...

Oʻzbekiston – imkoniyatlar yurti

Yurt bor — osmonida yulduzlar ko‘p, lekin ularning nuri yerga yetib kelmaydi. Yurt bor — yulduzlar kam, ammo har biri tongga yo‘l ko‘rsatadi. O‘zbekiston esa osmonida ham, yuragida ham yorug‘likni jamlagan diyor. Qadimiy tarixining ildizlari tuproqda mustahkam, zamonaviy taraqqiyotining novdalari esa kelajak osmoniga cho‘zilgan. Bu yerda o‘tmishning naqshlari bilan kelajakning chizgilari bir sahifaga tushadi.

Imkoniyat… Bu so‘z oddiy eshitilishi mumkin, ammo unda butun umrni o‘zgartiradigan kuch yashirin. O‘zbekistonda bu kuch ko‘chalarimizda, darsxonalarimizda, ustaxonalarimizda, hatto oddiy suhbatlarimizda ham bor. Har bir burchak — orzuga boshlovchi eshik, har bir qalb — kelajakka ochilgan deraza.

So‘nggi yillarda bu eshiklar yanada keng ochildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlar uchun yangi ufqlar ochildi: xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, grant va stipendiyalar soni ortdi, “Yoshlar — kelajagimiz” kabi davlat dasturlari hayotga tatbiq etildi. Endi O‘zbekiston yoshlari chet elga o‘qishga ketmasdan ham, eng ilg‘or bilimlarni o‘z yurtida olishi mumkin. Prezidentning “Yoshlar bizning kelajagimizning mustahkam tayanchi” degan so‘zlari faqat shior emas — u bugungi kunimizning amaliy haqiqatiga aylandi.

Ta’lim — imkoniyatlarning eng keng ochilgani. Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali — bu nafaqat bilim olish maskani, balki orzularni sinovdan o‘tkazish maydoni. Filial sanoat markazida joylashgani tufayli bu yerda nazariya qog‘ozda qolmaydi, ishlab chiqarishning issiq havosida pishadi. Har bir laboratoriya — kelajakning kichik maketi, har bir loyiha — ertangi yutuqlarning poydevori. Bu joyda talaba kitobni yopib, ishlab chiqarish sexiga kiradi; formulani doskadan olib, haqiqiy qurilma ustida sinaydi. Va bir payt kelib, u o‘zini oddiy talaba emas, balki kelajak muhandisi sifatida ko‘radi.

O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham shu ruh yashaydi. Yangi universitetlar, yoshlar markazlari, startap maydonlari — hammasi bir ovozda aytadi: “Sen uddalaysan. Biz senga ishonamiz.” Bu ishonch esa insonni faqat uchirmaydi, balki ucha turib boshqalarga ham qanot bo‘lishga undaydi. Imkoniyatlar yurtida yashash — bu har kuni yangi tongga yangi niyat bilan uyg‘onishdir. Ba’zan imkoniyat katta bo‘lib, uzoqdan chaqnaydi; ba’zan esa u oddiy vazifaga o‘ralib, jim turadi. Uni ko‘rish uchun qalb ko‘zi ochiq, ong hushyor, qo‘l mehnatga tayyor bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston bugun imkoniyatlarni yaratdi. Qolganini esa biz qilishimiz lozim — kirish, sinash, yengish. Chunki imkoniyatdan foydalangan odam orzularini tarixga aylantiradi. Shuni unutmasligimiz kerakki: bu yurt bizga qanot berdi. Endi uchish vaqti keldi. Uchishdan qo‘rqmaslik kerak — chunki biz Imkoniyatlar yurtining farzandimiz, va bizning uchishimiz bu yurtimizning kelajagini baland qiladi.

Dilyora Sherboʻtayeva, M va KT 11b-23 KT guruh talabasi

Scroll to Top