8-oktabr kuni mamlakatimizning barcha hududlarida xalqaro taʼlim dasturlarini ommalashtirish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va Oʻzbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli taʼlim marafoni — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlari boshlandi. Xususan, bugun Olmaliq davlat texnika institutidagi yoshlar bilan ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda institut vakillari, professor-o’qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori B.Jamiyev kirish so’zi bilan ochib berdi. Ma’lumot o‘rnida, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan 2025–2026 oʻquv yili uchun nufuzli xorijiy universitetlarda taʼlim olish uchun: bakalavriat taʼlim dasturlari uchun 130 ta, magistratura uchun 220 ta, doktorantura uchun 100 ta oʻringa stipendiyalar ajratilishi rejalashtirgan.
Uchrashuvda «El-yurt umidi» jamgʻarmasi Raqamlashtirish va axborot-tahlil boshqarmasi bosh inspektori Qahramon Bektemirov ishtirok etib, jamgʻarma faoliyati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan yangi vazifalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, uchrashuv davomida ochiq stipendiya tanlovlari oʻtkazish tartibi va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi. Stipendiatlar xorijda oʻqishni tugatganidan soʻng ularni Oʻzbekistonda munosib ishga joylashtirish, kasbiy va mansab pogʻonalarida koʻtarish, Milliy kadrlar zaxirasi kiritish kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot berildi.