Qabul nizomi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida
Xorijiy davlatlar fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tizimini takomillashtirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining ta’lim va fan sohasidagi xalqaro shartnomalarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, shuningdek jamoaviy va yakka tartibdagi (shu jumladan, kelish maqsadidan qat’i nazar, respublikaga haqiqiy vizalar bo‘yicha kelgan xorijiy fuqarolar bilan tuzilgan) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda oldindan ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkaziladigan shartnomalar va kontraktlar asosida amalga oshiriladi;
xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish va o‘qitish bo‘yicha barcha ishlarni tashkil etish, o‘quv-metodik rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish umumta’lim maktablarida — O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan, boshqa ta’lim muassasalarida — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida hamda, agar qonun hujjatlari yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi.
(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 23-son, 472-modda)
2. Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi va ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida o‘qiganlik uchun to‘lov miqdorlari va tartibini, 2008/2009 o‘quv yiliga xorijiy fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida o‘qiganligi uchun to‘lov miqdorini o‘qitishning real xarajatlaridan kelib chiqib, 2 ming AQSh dollaridan 4 ming AQSh dollarigacha miqdorda belgilashni nazarda tutgan holda, tasdiqlash uchun kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida o‘qitish yuzasidan namunaviy shartnoma (kontrakt)larga o‘n kun muddatda zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsinlar;
xorijiy fuqarolar uchun til markazlarining zarur darajada ishlashi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolarni o‘qitish to‘g‘risida” 1994-yil 24-maydagi 266-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 4-avgust,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-son qaroriga
ILOVA
Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini belgilaydi.
2. Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga, boshqa qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Xorijiy fuqarolarni o‘qitish umumta’lim maktablari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan, boshqa ta’lim muassasalari bo‘yicha — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadigan ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida xorijiy fuqarolarni o‘qitish tegishli ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarida nazarda tutilgan tillarda olib boriladi.
5. Xorijiy fuqarolarni o‘qishga qabul qilish va o‘qitish bo‘yicha barcha ishlarni tashkil etish, o‘quv-metodik rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish umumta’lim maktablarida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan, boshqa ta’lim muassasalarida — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
II. O‘qishga qabul qilish tartibi, shartlari va o‘qitish turlari
6. O‘zbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolarni ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish:
a) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda dastlabki ekspertizadan va ro‘yxatdan o‘tkaziladigan jamoaviy va shaxsiy shartnomalar hamda kontraktlar (shu jumladan, kelish maqsadlaridan qat’i nazar respublikaga haqiqiy vizalar bo‘yicha kelgan xorijiy fuqarolar bilan tuzilgan) asosida amalga oshiriladi.
7. Xorijiy fuqarolar xohishlariga ko‘ra:
umumiy o‘rta ma’lumot;
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi;
oliy ma’lumot;
oliy ta’lim muassasasidan keyingi ta’lim olishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida hamda, agar qonun hujjatlari yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda qabul qilinadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 23-son, 472-modda)
9. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymati O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
10. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga umumiy o‘rta ta’lim ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oliy ta’lim muassasalariga umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi ma’lumotiga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-iyundagi 517-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.06.2019-y., 09/19/517/3320-son)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Xorijiy fuqarolar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra qabul qilinadi.
Belgilangan tartibda taqdim etilgan suhbat natijalari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish yuzasidan qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida tegishli buyruq chiqaradilar.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-iyundagi 517-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.06.2019-y., 09/19/517/3320-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. O‘zbekiston Respublikasining tayanch doktoranturasi va doktoranturasiga oliy ma’lumotga muvofiq bo‘lgan ma’lumotga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar qabul qilinishi mumkin.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
Aspiranturaga kiruvchi xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida belgilangan talablarga muvofiq tayyorlangan referat yoki e’lon qilingan ishlarining rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxatini taqdim etishlari kerak.
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyurtmanomasiga binoan, belgilangan tartibda xorijiy fuqarolarga vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek ularning vaqtincha yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazishni va uning muddatini uzaytirishni ta’minlaydi.
15. O‘qishni tugatgandan keyin xorijiy fuqarolarga ma’lumoti to‘g‘risida belgilangan namunadagi tegishli hujjatlar beriladi.
16. Xorijiy fuqarolar o‘qish davrida ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan shartnomalar va kontraktlarda nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasiga oila a’zolari va boshqa qarindoshlari bilan kelishlari mumkin.
17. O‘qish uchun kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tadilar. Tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibi va mavjudligi aniqlangan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun ruxsat berilmaydigan kasalliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
III. Hujjatlarning ro‘yxati va ularni taqdim etish tartibi
18. Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tegishli ta’lim muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
o‘qishga qabul qilish haqida ariza;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘rganilgan fanlar va ular bo‘yicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) ko‘rsatilgan ma’lumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari;
(18-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
Oldingi tahrirga qarang.
referat yoki e’lon qilingan ishlarning rasmiy ravishda tasdiqlangan ro‘yxati (tayanch doktoranturaga kiruvchilar uchun);
(18-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa;
milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
4 x 6 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat.
Hujjatlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnomaga muvofiq belgilanadi.
IV. Tayyorlov o‘quvi
Oldingi tahrirga qarang.
19. Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga, tayanch doktorantura, adyunkturaga, doktoranturaga o‘qishga kirishni xohlovchi, o‘zbek yoki rus tilini bilmaydigan xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadigan tegishli muassasalarda o‘qitiladi. O‘zbek yoki rus tilini O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘rgangan xorijiy fuqarolarga o‘qishga kirish uchun yo‘llanmalar ularning tilni bilishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda baholanganidan keyin beriladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-noyabrdagi 898-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son)
20. Umumta’lim maktablariga o‘qishga kirayotgan xorijiy fuqarolar, zarurat bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, o‘qiyotgan joyida til o‘rganish bo‘yicha tayyorgarlik kursini o‘taydilar.
21. Til o‘rganish bo‘yicha tayyorgarlik tugagach imtihonlar o‘tkaziladi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan xorijiy fuqarolarga belgilangan namunadagi guvohnoma (sertifikat) va o‘qishga yo‘llanma beriladi. O‘qish davrida zarur umumta’lim bilimlarini egallay olmagan va til o‘rganishga bo‘lgan layoqatini namoyon qila olmagan xorijiy fuqarolarga o‘qish uchun yo‘llanma berilmaydi hamda ular ro‘yxatdan chiqariladi.
V. O‘zbekiston Respublikasida ta’lim olayotgan xorijiy fuqarolarning huquq va majburiyatlari
22. Xorijiy o‘quvchilar quyidagi huquqlarga ega:
kafedralarning ilmiy-tadqiqot ishlarida, talabalarning ilmiy jamiyatlari va to‘garaklarida qatnashish;
ta’lim muassasalarining kutubxonalari, sport komplekslari, klublari va madaniyat saroylaridan foydalanish;
dam olishning uyushtirilgan turlarida qatnashish.
23. Xorijiy o‘quvchilar quyidagilarga majbur:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qilish, mahalliy urf-odat va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, respublikada xorijiy fuqarolarning bo‘lishi va harakatlanishi bo‘yicha belgilangan qoidalarni bajarish;
intizomga rioya qilish, mashg‘ulotlarga qatnashish, o‘quv rejalari va dasturlarida nazarda tutilgan o‘quv va ishlab chiqarish ishlarining barcha turlarini bajarish, imtihon va sinovlarni belgilangan muddatlarda topshirish;
ta’lim muassasasining va talabalar yotoqxonasining ichki tartib-qoidalarini bajarish;
ta’lim muassasasi rahbarlarining ko‘rsatma va farmoyishlarini bajarish.
24. O‘qishda o‘zlashtirmaslik, intizomni, ta’lim muassasasi va talabalar yotoqxonasining ichki tartib-qoidalarini buzganlik uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra xorijiy o‘quvchilarga nisbatan ta’lim muassasasi ro‘yxatidan chiqarib yuborishgacha bo‘lgan ma’muriy choralar ko‘rilishi mumkin;
O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun ular belgilangan tartibda respublikadan tashqariga chiqarib yuboriladi.
O‘qish uchun kelgan xorijiy fuqarolarning zarur mablag‘lari bo‘lmagan taqdirda ularni O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish bo‘yicha xarajatlar tegishli ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
25. O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etgan xorijiy fuqarolar, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga binoan javobgarlikka tortiladi.
26. O‘qishni tugatgan yoki ta’lim muassasalari ro‘yxatidan o‘chirilgan xorijiy fuqarolar bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketishi shart, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida, shuningdek jamoaviy va shaxsiy shartnomalar hamda kontraktlarda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
27. Ta’lim muassasalarida o‘quv yili 2-sentabrdan boshlanadi. Ta’tillarning boshlanish va tugash vaqti, ularning davom etish muddati muayyan ta’lim muassasasining o‘quv rejalariga muvofiq belgilanadi.
VI. Xorijiy fuqarolarni ushbu Nizom bilan tanishtirish tartibi
28. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolar mazkur Nizom bilan tanishtirilishi va ular Nizom talablarini bajarishi to‘g‘risida o‘z majburiyatlarini yozma ravishda tasdiqlashi kerak.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 31-32-son, 304-modda; 2017-y., 23-son, 472-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2017-y., 09/17/898/0234-son, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son, 21.06.2019-y., 09/19/517/3320-son)