Flat Preloader Icon Loading...

Rivojlanish, taraqqiyot va buyuk kelajak

Har bir insonning orzusi – o’zining ona yurti taraqqiy etib, kelajak avlodlar uchun yorqin istiqbol yaratish. Bugungi kunda O’zbekiston ana shunday imkoniyatlar yurtiga aylanib bormoqda. Mustaqillik yillaridan buyon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ilm-fan va madaniyat sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar Vatanimizni chin ma’noda ”imkoniyatlar yurti” deb atashga asos bo’lmoqda.

Avvalo, ta’lim sohasidagi yutuqlarni tilga olish zarur. Bugun yurtimizda yoshlarning bilim olishi, zamonaviy fanlarni o’zlashtirishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha uzluksiz ta’lim tizimi jadal rivojlanmoqda. Ko’plab yangi universitet va texnikumlar ochilmoqda, сhet ellarning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlik yo’lga qo’yilmoqda. Bularning barchasi yoshlarimizga dunyo miqyosida raqobatbardosh kadr bo’lish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash imkonini bermoqda.

Shuningdek, tadbirkorlik sohasida ham keng imkoniyatlar ochilmoqda. Davlat tomonidan yoshlarga imtiyozli kreditlar, grantlar, yer maydonlari va zaruriy infratuzilmalar berilmoqda. Bu esa har bir tashabbuskor yigit-qizga o’z biznesini boshlash, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo’shish imkonini yaratadi. Bugun ko’plab yoshlarimiz nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro miqyosda ham muvaffaqiyat qozonib, O’zbekiston nomini dunyoga tanitmoqda.

Madaniyat va sport sohalarida ham yurtimiz farzandlari uchun keng ufqlar ochilmoqda. Buni xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida erishilayotgan yutuqlar, san’atkorlarimizning cheł el sahnalarida ijod qilishi yaqqol isbotlaydi. Ularning har bir g’alabasi – bu O’zbekistonning imkoniyatlari cheksizligidan dalolatdir. Albatta, imkoniyat deganda nafaqat davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlarni, balki xalqimizning mehnatsevarligi, sabr-toqati va fidoyiligini ham unutmaslik lozim. Chunki imkoniyatlar faqatgina mavjud bo’lishi bilan emas, balki ulardan unumli foydalanish bilan ahamiyatli bo’ladi.

O’zbekiston xalqining azaliy qadriyatlari – ilmga intilish, hunarga ehtirom, mehr-oqibat va hamjihatlik bugungi islohotlarning samarali bo’lishiga katta zamin yaratmoqda.

Kelajak haqida o’ylagan holda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan «Yangi O’zbekiston» g’oyasi ham yoshlar uchun beqiyos imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Yangi tashabbuslar, innovatsion loyihalar, ilmiy tadqiqotlarga berilayotgan e’tibor – bularning barchasi O’zbekistonning ertangi kuni yanada yorqin bo’lishidan dalolatdir.

Xulosa qilib aytganda, bugungi O’zbekiston nafaqat o’z fuqarolari, balki butun dunyo yoshlari uchun ham imkoniyatlar mamlakatiga aylanmoqda. Biz- yoshlar, ana shu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, Vatanimizni yanada obod qilishimiz, uni jahon sahnasida munosib o’rin egallashiga hissa qo’shishimiz lozim. Chunki imkoniyatlardan to’g’ri foydalanilgan joyda rivojlanish, taraqqiyot va buyuk kelajak bo’lishi muqarrar.

Sherzodjon Abdujabborov, 15-24 EM guruh talabasi

Scroll to Top