O‘zbek olimlari mutafakkirlarimiz qoldirgan ilmiy merosni chuqur o‘rganib, o‘zlarining yangi kashfiyotlari bilan fanimizni boyitishga munosib hissa qo‘shmoqda. Ular uchun eng katta e’tirof ilmiy-tadqiqot natijalarini dunyoga tanitishdir. “SCIENCE AND INNOVATION” xalqaro ilmiy jurnali olimlarimizning ilmiy-tadqiqot natijalari haqida yetarlicha ma’lumot berayotgan nashrlardan biri. Mazkur jurnal jamoasi hamda Uzreport telekanali tomonidan har yili an’anaviy tarzda “SCIENCE AND INNOVATION AWARDS” ilm-fan bayrami o‘tkaziladi.
Turkiston san’at saroyida bo‘lib o‘tgan bu yilgi taqdirlash marosimiga oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, akademiklar, professor-olimlar tashrif buyurdi.
Tanlovda tadqiqotchi-olimlardan 200 ga yaqin arizalar kelib tushdi. Bu gal g‘oliblar “Yil olimi”, “Yilning eng yaxshi yosh olimi”, «Yilning eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi», «Yilning eng yaxshi ilmiy-tadqiqot instituti», «Yilning eng yaxshi innovasion universiteti» nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi. Tadbirda “Yil olimi” hamda “Yilning eng yaxshi yosh olimi” nominatsiyalari bo‘yicha pul mukofotlari ham g‘oliblarga topshirildi.
E’tiborlisi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali professor-o’qituvchisi, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Sulaymonova Dildora Baxtiyorovna ham ushbu tadbirda faol ishtirok etib, pul mukofoti va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi. Yurtimizda olib borilayotgan islohatlarni amalga oshirishda oʻz kuch gʻayrati bilan mehnat qilayotgan tashabbuskor insonlarning muvaffaqiyatga erishish yoʻllari yoritib berilgan, ilm-fan, ta’lim, san’at, tibbiyot, sport, ishlab chiqarish, tadbirkorlik va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan muvaffaqiyatli insonlar biografiyasi jamlangan “Mening muvaffaqiyat yoʻlim” biografik ensiklopediyasining 2024-yil toʻplami 1-qismida Dildora Sulaymonovaning biografiyasi ham berilgan.