Bugun TDTU Olmaliq filialida kitobxonlarning sevimli shoiri, oʻzbek adabiyotining yorqin namoyandasi Ashurali Boymurod bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Ashurali Boymurodning ijodiga bagʻishlangan tadbirda filial professor-oʻqituvchilari, talabalari, “Mushoira” klubi a’zolari ishtirok etdilar.
Ashurali Boymurod oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiyotiga munosib hissa qoʻshgan, koʻplab she’riy toʻplamlar muallifi. Uning asarlarida Vatan taqdiri, insonning ma’naviy olami, jamiyatdagi muammolar oʻz aksini topgan. Shoirning ijodi koʻplab kitobxonlarning qalbidan chuqur joy olgan, she’rlarida Vatanga muhabbat, insoniylik, mehr-oqibat kabi yuksak tuygʻular ifoda etilgan. Tadbirda shoirning yaqinda nashrdan chiqqan “Navoiydan navo topdim” kitobining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Filial texnika yoʻnalishida faoliyat yuritsa-da, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar orasida she’riyat bilan qiziquvchi, adabiyotga hamnafas insonlar koʻpchilikni tashkil qiladi. Talabalar orasida ham qoʻlida qalam bilan qogʻoz qoralab she’r yozishga ixlomandlar bor. Ular uchun bugungi uchrashuv ayni muaddo boʻldi. Ular shoir bilan oʻtkazilgan savol-javoblarda oʻzlarining fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar, she’rlaridan namunalar oʻqib berdilar.
Tadbir davomida filial Axborot-resurs markazi tomonidan kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi. Filial Yoshlar boshlangʻich tashkilotining etakchi koordinatorlari tadbirni tashkil etishda faol qatnashdilar.