Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori (14.08.2023-y.) bilan tasdiqlangan reglamentga asosan 1-avgustdan my.gov.uz portali orqali talabalar arizalarini qabul qilish boshlangan edi.
Reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi.
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
- oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
▪️1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foiz;
▪️2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foiz;
▪️3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.
Eslatma: talabalarni ijaraga qo‘ygan uy egalaridan daromad solig‘i undirilmaydi. Soliq kodeksining 378-moddasida soliq solinmaydigan daromad turlari keltirilgan bo‘lib, ushbu moddaning 19.1-bandida ) soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solinmaydi deb ko‘rsatilgan.
Yuqoridagi asosga ko‘ra, talabalarni o‘z uylariga ijaraga qo‘yish orqali ijara haqidan daromad topayotgan shaxslarning ushbu daromadlaridan daromad solig‘i olinmaydi.