Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali professor-o‘qituvchilari, talabalari tarix sahifalarida mangu qolgan jadidchilik harakati namoyondalarini xotirlash, millat ravnaqi yo‘lidagi faoliyatini yodga olish maqsadida poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida “Jadidlar harakati va yoshlar” deb nomlangan tadbir o‘tkazdilar.
O‘tgan asrning eng ziyolilari, jamiyat erkinligi, inson ma’rifati uchun intilgan jadidlar – xalqimizning asl farzandlari bo‘lishgan. Jamiyatni o‘rtaasrchilik illatlari, madaniy qoloqliq va mustamlaka zulmidan, xurofotdan ozod qilish, xalqni zamonaviy taraqqiyot yo‘liga olib chiqish, milliy davlatchilik asoslarini bunyod etish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi edi.
Bugungi kunda jadidchilik harakati ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida e’tirof etilib, uning xizmatlari tan olindi. Jadid adabiyoti milliy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida baholanib, o‘nlab kitoblar, turli asarlar nashr etilmoqda, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda asrlar davomida orzu qilingan, jadidlar ham intilib kelgan ezgu g‘oyalar amalga oshmoqda, yurtimizda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda filologiya fanlari doktori A.Pirimqulov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori B.Djamiyev, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori V.Axmedova so‘zga chiqib, jadidlar harakatining mazmun-mohiyati hamda yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida fikr bildirdilar.
Shuningdek, tadbirda filial miqyosida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovlarining 7 nafar g‘olibi bo‘lgan talabalar 200 ta kitob bilan taqdirlandilar.