Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida «Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “Karyera kuni” hamda “Bitiruvchi – 2025” tadbirlari o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda filial va TDTU rahbariyati, korxona va tashkilotlar vakillari, bitiruvchi yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida filial hamda Olmaliq shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan karyera kuni doirasidagi bo’sh ish o’rinlari yarmarkasi bo’lib o’tdi.
“Karyera kuni” davomida 26ta korxonadan 950 ta bo’sh ish o’rinlari bilan ishtirok etgan ish beruvchilar tomonidan hozirgi mehnat bozoridagi talablar, mavjud ish o‘rinlari va yoshlarga mo‘ljallangan bandlik dasturlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, «Ilm orzuni haqiqatga aylantirar” shiori ostida bo’lib o’tgan «Bitiruvchi-2025» tadbiri doirasida filialni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarga ramziy diplomlar topshirildi.
Barcha fanlardan a’lo baholar olgan, bitiruv malakaviy ishini yuqori bahoga himoya qilgan hamda oliygohning ichki tartib-qoidalariga rioya etgan talabalarning 7 nafari qizil diplom bilan taqdirlandilar.
Bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi davomida TDTU Olmaliq filiali direktori, professor A.Samadov hamda TDTUning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori S.Donayev bitiruvchilarga kelajakdagi faoliyatlarida ulkan zafarlar tilab, o‘zlarining samimiy tilaklarini izhor etdilar. Tadbir davomida oliygohda alohida faollik ko‘rsatgan va namunali xulqi bilan ajralib turgan talabalarning ota-onalariga ham tashakkurnomalar topshirildi.
Aytish joizki, bu tadbir bitiruvchilar uchun hayotlaridagi yangi bosqichning boshlanishi, yuksak marralarga intilishlari uchun motivatsiya bo‘ldi.
Ma’lumot o’rnida: joriy yilda filial bo‘yicha umumiy bitiruvchilar soni 745 nafarni tashkil etdi. Shundan kunduzgi ta’lim shaklida 281 nafari bakalavr bosqichini, 7 nafar magistratura bosqichi bo‘yicha o‘qishni yakunladi. Ularning 457 nafari sirtqi ta’lim bitiruvchilaridir. Bitiruvchilarning 60-65% ish bilan ta’minlandi.