TDTU Olmaliq filiali jamoasi o‘z an’analarini davom ettirgan holda umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarmoqda.
Umrini ilm-fan yo‘liga baxshida etgan, fanni chuqur o‘rganib, mutaxassislik sir-asrorlarini talabalarga yetkazishda salmoqli hissa qo‘shayotgan olima texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti, hamshahrimiz Asqarova Nilufar Musurmonovnaning ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan “Olim o‘qigan maktab” tadbiri shahrimizdagi 19-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Olmaliqlik olim, shoir, Quramatog‘ hududining fidoyi tadqiqotchisi, yurtning asl farzandi Musurmonqul Asqarovning qizi Nilufar Asqarova ko‘p yillar oldin 19-maktabda tahsil olgan bo‘lsa, bugun ota izidan borib ma’danshunoslik ilmini chuqur o‘rganib, oliy ta’lim muassasasida talabalarga ta’lim bermoqda. Ilm-fan – baxtga yetaklovchi eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi, u insonga baxt keltiruvchi, yorug‘likka chorlovchi aql nuri ekanligi olimaning hayoti va faoliyati misolida tadbir davomida ta’kidlandi. Tadbirda olimaning hamkasblari, ustozlari, maktabda ta’lim bergan o‘qituvchilari, maktab jamoasi va o‘quvchilari hamda oila a’zolari ishtirok etishdi. So‘zga chiqqan tadbir ishtirokchilari inson o‘z kelajagini o‘qish, mehnat, o‘z ustida ishlash orqali yaratishi mumkinligi haqida so‘z yuritishdi.
Haqiqiy hayot falsafasini o‘zida namoyon etgan bu tadbir yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining iqtidorli talabalari va maktab o‘quvchilarining ijodiy chiqishlari tadbirga ko‘tarinki ruh baxsh etdi.