Bugun TDTU Olmaliq filiali direktori A.Samadovning Konchilik ishi fakulteti birinchi bosqich talabalari bilan navbatdagi ochiq muloqoti bo’lib o’tdi. Unda Alisher Usmonovich filial faoliyati, qo’shma dasturlar, xalqaro hamkorlik, filialdagi o’quv va laboratoriyalar haqida keng ma’lumotlar berdi.
Talabalarning kredit modul tizimi afzalliklari, ishga joylashtirish tartibi, OTM reytingi, til o’rganish markazi, to’garaklar, «Zakovat» intellektual klubi faoliyati to’g’risidagi savollariga javoblar berildi.
Suhbat so’nggida katta hayotiy tajribaga ega filial direktori talaba-yoshlarga «Hayotingiz yonib o’chayotgan ko’mirga aylanmasligi uchun, kitobga hamisha oshno bo’ling» degan purma’no tavsiyalarini berib o’tdi.