Flat Preloader Icon Loading...

Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi

photo 2024 01 15 11 19 21 1

BAINAZAROV ABDURAUP ABDURASHIDOVICH

Lavozimi : Bo‘lim boshlig’i
Qabul vaqti : Ish kunlari soat 9:00 dan 17:00 gacha
Telefon : +99833 530 70 07

TDTUOF logo1

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialining Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi to‘g‘risida
NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1.         Mazkur Nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limining (keyingi o‘rinlarda – Bo‘lim) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish, xodimlarning funksional vazifalari hamda javobgarligini belgilaydi.

2.         Bo‘lim Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali (keyingi o‘rinlarda – Filial) tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

3.         Bo‘limning faoliyati filialda “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib borishga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘z vakolatlari doirasida bevosita filial direktoriga bo‘ysunadi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik)ning Komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limiga hisobot beradi.

4.         Bo‘lim o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, vazirlik buyruqlariga va Hay’ati qarorlariga, mazkur Nizom, filialning ichki buyruqlari, shuningdek boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

5.         Bo‘lim o‘z faoliyatini filialning boshqa bo‘linmalari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

II.        Bo‘limning vazifalari va funksiyalari

6.         Quyidagilar Bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi:

filialda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish;

oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini filial miqyosida amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash;

filialda korrupsiyaga qarshi kurash “Komplaens nazorat” tizimini joriy etish va uni amalga oshirish;

filialda korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan yo’nalishlar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash;

filialda korrupsiya ko‘rinishlari namoyon bo‘lishiga olib keladigan tizimli muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflarni kiritgan holda axborot berib borish;

filialda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturlar ijrosini ta’minlash;

filialda korrupsiyaga qarshi kurashishga yo’naltirilgan jamoatchilik nazoratini muvofiqlashtirib borish, shuningdek zamonaviy usullar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida korrupsiyaga qarshi monitoring olib borish;

korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoat nazorati sohasida umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar va xorijning ijobiy tajribasini o‘rganish hamda ilg‘or jihatlarini tatbiq etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

filialda korrupsiyaning holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish va takliflar ishlab chiqish;

filial huzuridagi akademik litseyning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.

7.         Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

filialda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunlar va qonunosti hujjatlar, shuningdek, Vazirlik Hay’ati qarorlari va buyruqlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va ish rejalarini ishlab chiqadi, ularning to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlaydi, belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ahvolini o‘rganadi, natijalari bo‘yicha ma’lumotlar tayyorlaydi;

filialda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshiradi;

filialda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan ichki hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun direktorga kiritadi;

filialning ichki hujjatlarida aniqlangan korrupsiyaviy normalarni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

filialda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholaydi va ularni kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqadi;

filialning professor-o‘qituvchilari, boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining hatti-harakatlaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar va huquqbuzarliklar haqida kelib tushadigan murojaatlar va anonim xabarlarni ko‘rib chiqadi hamda o‘rnatilgan tartibda choralar ko‘radi;

filialda korrupsiya faktlariga doir xizmat tekshiruvlarini reestrini yuritib boradi;

davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvini tahlil qilishda va kontragentlarning ishonchliligini tekshirishda ishtirok etadi;

filial xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi monitoringini yuritadi va tegishli takliflar kiritadi;

filialning professor-o‘qituvchilari, boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi, o‘quv-yordamchi xodimlari o‘rtasida muntazam ravishda profilaktik suhbatlar tashkil etib boradi;

filial faoliyatida korrupsiyaviy holatlarni aniqlash maqsadida professor-o‘qituvchilar, boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi, o‘quv-yordamchi xodimlar, talabalar (magistrantlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar) va aholi o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazadi;

so‘rovlar, ijtimoiy va boshqa tadqiqotlar asosida korrupsiyaga qarshi kurashish targ‘iboti bo‘yicha chora-tadbirlar natijalari va ta’sirini muntazam ravishda baholab boradi hamda keyingi chora-tadbirlarni belgilashda baholash natijalaridan foydalanadi;

professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan konferensiyalar, uchrashuvlar, seminarlar, tanlovlar tashkil etadi;

filialda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini baholaydi;

filialda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining shart-sharoitlari va sabablarini o‘rganadi, shuningdek ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

filialning rasmiy veb-saytida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” bo‘limidagi ma’lumotlarni muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi;

har chorakda va zaruratga ko‘ra korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda filialdagi korrupsiyaviy vaziyat haqida direktorga hamda Vazirlikning Komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limiga hisobot beradi;

Vazirlikning Komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari, ota-onalar bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;

filial huzuridagi akademik litseyning korrupsiyaga qarshi kurashish yo’nalishidagi faoliyati ustidan nazorat o‘rnatadi;

filialda korrupsiyaga qarshi amalga oshirilgan ishlar monitoringini yuritadi, tahliliy materiallarni rahbariyatga hamda Vazirlikka kiritib boradi.

III.      Bo‘limning huquqlari va javobgarligi

8.         Bo‘lim o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

filial va uning huzuridagi akademik litseyga ishga qabul qilish, xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish, talaba(magistrant, doktorant, mustaqil izlanuvchi)larning imtihon (yakuniy, oraliq, malakaviy, yakuniy davlat attestatsiyasi, diplom himoyasi) jarayonlarini bevosita yoki videotranslyatsiya orqali kuzatib borish, mazkur jarayonlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash;

filialning hamda uning huzuridagi akademik litseyning professor-o‘qituvchilari, boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlaridan ularning vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan tahliliy materiallar, xulosalar, birlamchi va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni, statistik va boshqa ma’lumotlarni so‘rash, talab qilish va olish;

xizmat majburiyatlarini bajarish doirasida filial xodimlaridan zarur yordam so‘rash va olish, zarur hollarda ishchi guruhlar tashkil etish;

filialning Kengashi majlisi yig‘ilishlarida ishtirok etish;

filial direktoriga komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga oid takliflar kiritish;

vakolati doirasida tekshiruvlar o‘tkazish, hujjatlarni talab qilish, filialning professor-o‘qituvchilari, boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlari, talabalar(magistrantlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar)dan yozma tushuntirishlar olish, jinoyat alomatlari aniqlangan hollarda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish;

o‘z faoliyati doirasida filialning tarkibiy bo‘linmalariga ko‘rsatmalar va tavsiyalar berish;

Bo‘lim qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

9.         Bo‘lim:

o‘ziga yuklangan vazifalarning tegishli darajada va samarali bajarilishi;

o‘ziga yuklangan funksiyalarning bajarilishi hamda ijro intizomini ta’minlash talablarini bajarilishi;

filial rahbariyatiga axborot berish uchun materiallar va hujjatlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlanishi;

filialda komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda qonunchilik hujjatlari asosida hal etilishi uchun javob beradi.

IV.       Bo‘lim tuzilmasi

10.       Bo‘lim tuzilmasi Bo‘lim boshlig‘i va bosh mutaxassisni o‘z ichiga oladi.

11.       Bo‘limga boshliq rahbarlik qiladi. Bo‘lim faoliyati mustaqilligini ta’minlash maqsadida Bo‘lim boshlig‘i o‘z faoliyatida bevosita filial direktoriga va Bo‘lim bosh mutaxassisi Bo‘lim boshlig‘iga bo‘ysunadi.

12.       Bo‘lim boshlig‘i filialning bo‘ysunuvidagi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda filial direktorining buyrug‘iga muvofiq belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

13.       Bo‘limning bosh mutaxassisi filial direktorining buyrug‘i bilan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

V.        Bo‘lim boshlig‘i va bosh mutaxassisining asosiy funksional

vazifalari

14.       Bo‘lim boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari quyidagilardan iborat:

Bo‘limga umumiy rahbarlik qiladi, bo‘lim ishini tashkil etadi, bo‘limga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi hamda ijro intizomi bo‘yicha to‘liq javob beradi;

filialda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunlar, qonunosti hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va ish rejalarini ishlab chiqadi, ularning to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlaydi;

filialda “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan ishlarni tashkil etadi;

ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlaydi;

fuqarolik jamiyati institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, ota-onalar bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;

komplaens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul shaxslarni o‘qitish va malakasini oshirishni tashkil etadi;

filialda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar monitoringini yuritadi, tahliliy materiallarni rahbariyatga kiritadi;

bo‘lim faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi va takliflar tayyorlaydi;

filial Kengashi tarkibiga kiritiladi hamda majlislarda ishtirok etadi;

bo‘lim ishlarini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;

bo‘lim faoliyati bilan bog‘liq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ijro intizomiga to‘liq amal qiladi;

qonun hujjatlariga muvofiq vakolati doirasida boshqa funksional vazifalarni amalga oshiradi.

15.       Bosh mutaxassisning asosiy funksional vazifalari quyidagilardan iborat:

oliy ta’lim muassasalari pedagog xodimlari, talaba-yoshlar hamda jismoniy va yuridik shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni qiynayotgan muammolarni tizimli o‘rganadi, filialda korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlaydi;

korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘tkaziladigan o‘rganishlar, tekshirishlar, tahlillar hamda ishlab chiqiladigan takliflarda mutaxassislarni jalb etishda ishtirok etadi;

korrupsiyaga qarshi o‘quv-uslubiy va metodik jihatdan, jumladan audio-video roliklar, foto hamda buklet va broshyura kabi materiallarni yaratishni yo‘lga qo‘yadi;

filialda korrupsiyaning holati, tendensiyalari va sabablari hamda korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa so‘rovlarni tashkil etadi;

Bo‘lim boshlig‘i bo‘lmaganda, bosh mutaxassis faoliyatni muvofiqlashtirib boradi;

qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolati doirasida boshqa funksional vazifalarni amalga oshiradi.

VI.       Bo‘lim faoliyatini tashkil etish

16.       Bo‘lim o‘z faoliyatida sohaga doir qonun hujjatlari, tegishli vazirlik va idoralar buyruqlari, Hay’at qarorlari, filial Kengashi qarorlari, buyruqlari, mazkur Nizom va bo‘limning ish rejasi asosida amalga oshiradi.

17.       Filialning Kengash qarorlari, direktor buyruqlari va tender hujjatlari bo‘lim bilan majburiy tartibda kelishiladi.

18.       Bo‘limning ish rejasi filialning ish rejasi tarkibiy qismi hisoblanadi hamda filial direktori tomonidan tasdiqlanadi.

VII.     Yakuniy qoida

19.       Bo‘lim faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Scroll to Top