Oliy ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik rivojlanishning muhim talablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Xalqaro hamkorlik OTM faoliyatini sezilarli darajada boyitadi, ilm-fanda, o‘quv-uslubiy ishda, kadrlar tayyorlashda amaliy natijalarni kengaytiradi, OTM jamoasini dunyo ilm-fan yangiliklari bilan yaqinlashtiradi.
OTMning xalqaro hamkorlikka erishuvi Yevropa va jahon ta’lim tizimi bilan integrasiya qilishida hamda jahon miqyosidagi kadrlarni tayyorlashida asosiy faktorlardan biri hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ta’lim islohotlari va buning natijasida qabul qilinayotgan hujjatlar ta’lim tizimi rivojiga fundamental asos bo‘lmoqda. 2019 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi”da xalqaro hamkorlik aloqalari xususida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar aniq ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra xalqaro SciVal axborot-tahlil tizimi yordamida jahondagi ilmiy-tadqiqot natijalarini tahlil qilib borish asosida respublika OTMlari ilm-fanning ilg‘or yutuqlar bilan uyg‘un rivojlanishini ta’minlashga erishish, ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tegishli institutlari hamda nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yetakchi mahalliy oliy ta’lim muassasalarining faol hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ta’lim to‘liq xorijiy tillarda olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, fakultetlar salmog‘ini oshirib borish, jahon ilmiy tadqiqotlar bozori tendensiyalaridan kelib chiqib, har bir oliy ta’lim muassasasida ilmiy tadqiqotlarni tor va fanlar tutashligidagi sohalarga ixtisoslashtirish kabi aniq vazifalar qo‘yilgan.
TDTU Olmaliq filiali tashkil topgandan buyon nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, jamoa xorijiy oliy ta’lim tajribalarini o‘rganib kelmoqda. Rossiya Federasiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikistonning nufuzli oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Yuz yildan ortiq vaqt mobaynida faoliyat yuritayotgan, 370 mingdan ortiq yuqori malakali kadrlar yetishtirib chiqargan Rossiya Federasiyasining Ural federal universiteti bilan filialimizning o‘zaro hamkorligi bugungi kunda o‘zining eng yuqori darajasida deyish mumkin.
Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi Ural federal universiteti bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida Yekaterinburg shahrida 2023-yilning 23-30-may kunlari TDTU Olmaliq filialining bir guruh vakillari xizmat safarida bo‘lishdi.
Ural ilmiy maktabi bugungi kunda elektronika, yangi magnit materiallari, Arktika iqlim-ekologik montirongi kompleks tizimini ishlab chiqish, elektrokimyo energetika texnologiyalari, uzoq kosmosda plotoplaneta moddalarini tadqiq etish, uglerodning yangi modifikasiyasini shakllantirish, katta ma’lumotlar bazasini tahlil qilish asosida intellektual tizim yaratish kabi va boshqa ilmiy-amaliy masalalar ustida ish olib bormoqda. Juda katta ilmiy salohiyatga ega mazkur maktabning metallurgiya sohasidagi turli yo‘nalishlarini o‘rganish maqsadida xizmat safari doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ural federal universiteti ta’lim faoliyati bo‘yicha direktor S.T.Knyazev bilan ikki tomonlama hamkorlikda magistrlar tayyorlash, TDTU OF professor-o‘qituvchilari uchun stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, ikkala OTM professor o‘qituvchilarini talabalarga dars o‘tishga jalb qilishi haqida kelishuvga erishildi. Universitet ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori A.V.Germanenko va prorektor o‘rinbosari V.V.Krujayev bilan xalqaro grant loyihalari va O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma loyihalariga birgalikda talabnoma topshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritilgan jurnallarda hamkorlikda ilmiy maqolalar chop ettirish, o‘zbekistonlik talabgorlarni Ural federal universiteti aspiranturasida o‘qishga jalb qilish, Ural federal universiteti jurnallarida TDTU OF professor-o‘qituvchilarni maqolalarini chop ettirish hamda hamkorlikda ilmiy konferensiyalar o‘tkazish kabi tadbirlar belgilab olindi.
Yangi materiallar va texnologiyalar instituti direktori O.Yu.Sheshukov bilan uchrashuvda TDTU OF bilan hamkorlikda qo‘shimcha magistratura dasturlarini ochish, ilmiy-o‘quv faoliyatida o‘zaro tajriba almashinilishi yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Ural federal universiteti magistratura bo‘yicha prorektori N.V.Andreychenko bilan magistraturani istiqbollari, hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha muzokara o‘tkazildi va kelgusida bajariladigan ishlar rejalashtirildi. Yangi materiallar va texnologiyalar instituti faoliyati va Rangli metallar metallurgiyasi kafedrasi laboratoriyasi sharoitlari o‘rganilib, kafedra professor-o‘qituvchilari olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari muhokama qilindi. Mazkur kafedra bilan hamkorlikda “Olmaliq KMK AJ”ga tegishli amaliy tadqiqot ishlarini olib borishga, birgalikda ilmiy loyihalar tayyorlashga kelishildi. Rangli metallar metallurgiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan Sverdlovsk viloyatida joylashgan metallurgiya korxonalari va ulardagi mavjud texnologiyalar, ishlab chiqarish muammolari bo‘yicha fikr-mulohazalar bilan o‘rtoqlashdik.
Shuningdek, xizmat safarida bo‘lgan TDTU Olmaliq filiali vakillari tomonidan kafedra professor-o‘qituvchilari va talabalariga “Metallurgiya korxonalarida hosil bo‘ladigan texnologik chiqindilarni qayta ishlash” mavzusida ochiq ma’ruza o‘tildi.
UrFU rektori V.A.Koksharov va barcha prorektorlar bilan tashkil etilgan rasmiy uchrashuvda kelgusida hamkorlikda bajariladigan tadbirlar rejalashtirildi, muhokama qilindi. Universitet qoshida faoliyat yuritayotgan muzeyda oliygohning bir asrlik tarixi, shakllanish bosqichlari va bugungi yutuqlari haqida so‘zlovchi eksponatlar bilan tanishdik.TDTU OFda tashkil etilgan Geologiya muzeyini boyitishda ham mazkur muzey tajribasidan foydalanishga qaror qildik.
O‘zbekiston Respublikasining Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulligida bosh konsul o‘rinbosari S.Yu.Yuldashev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda UrFU bilan rejalashtirilayotgan ishlar xususida so‘z bordi. Konsullik xududdagi ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqa o‘rnatishda o‘z xizmatlarini taklif qildi. Kimyo–texnologiya instituti direktori M.V.Varaksin, Qurilish va arxitektura instituti direktori N.I.Fomin bilan bilan uchrashib, institut faoliyati, olib borilayotgan o‘quv, ilmiy ishlar bo‘yicha ma’lumot olindi. Mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikda kadrlar tayyorlash, professor-o‘qituvchilarni malakasini oshirish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borishga kelishildi.
Ural davlat konchilik universitetidagi uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor R.A.Apakashev, Yoshlar siyosati va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha prorektor A.V.Lyogostev, innovasiya va rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i muovini N.V.Novikov, xalqaro faoliyat boshqarmasi boshlig‘i muovini X.N.Saparov va boshqa rasmiylar ishtirok etishdi. Ikkala OTM konchilik ishi, foydali qazilmalarni boyitish geologiya, konchilik elektromexanikasi yo‘nalishlarida xamkorlik kelishuvi va o‘zaro anglashuv memorandumini rasmiylashtirish bo‘yicha muzokara o‘tkazildi, o‘quv, ilmiy, uslubiy faoliyatda hamkorlik qilish, qo‘shma dasturlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, UDKU ilmiy jurnallarida TDTU OF professor-o‘qituvchilarni maqolalarini chop etishga kelishildi. UDKU strukturasi, ish faoliyati, geologiya muzeyi, ilmiy laboratoriyalari bilan tanishildi.
Ural kon metallurgiya kompaniyasi Texnika universiteti direktori V.A.Lapin, Marketing va savdo departamenti boshlig‘i N.Novikova va boshqa rasmiylar ishtirok etgan uchrashuvda metallurgiya yo‘nalishlarida o‘quv, ilmiy, uslubiy faoliyatda hamkorlik qilish, qo‘shma dasturlar bo‘yicha kadrlar tayyorlashga kelishildi. Universitetning ilmiy tadqiqot faoliyati va laboratoriya bazasi bilan tanishdik.
Xizmat safari davomida tashkil etilgan ko‘plab uchrashuvlar, albatta, jamoamiz uchun samarali bo‘ldi. Ural federal universitetining yuz yil davomida to‘plagan ulkan ilmiy salohiyati, ilmiy fundamental baza, o‘quv-tarbiyaviy faoliyatni samarali shakllantirishdagi katta tajribasi, talabalarning ta’limdan tashqari mazmunli faoliyati, abituriyentlarni jalb etish jozibasi, xorijiy xalqaro dasturlar kabi ko‘p qirrali tajribasi o‘rganishga arzigulik ulkan maktab. Biz xorijiy hamkorlikni taraqqiyotimiz asoslaridan biri deb hisoblaymiz.
Alisher Samadov,
TDTU OF direktori, t.f.d., professor