Respublikamizdagi barcha ta’lim maskanlarida bugun 2023-2024 o‘quv yilining birinchi kuni tantanali ravishda boshlandi. Bilimli, is’tedodli ko‘plab yoshlarimiz bugun oliy ta’lim muassasalarining talabasiga aylanishdi. Islom Karimov nomidagi TDTU Olmaliq filialining Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakultetida o‘quv yilining birinchi kuni o‘ziga xos tayyorgarlik bilan boshlandi. Ilmiy va ta’lim yo‘nalishlarida o‘tgan o‘quv yilida o‘ziga xos namuna bo‘lgan bir qator professor-o‘qituvchilar fakultet rahbariyatining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. «Yаngi hayot uchun, Yаngi O‘zbekiston uchun!” shioriga hamnafas bo‘lib, diliga katta orzu-maqsadlarni joylagan yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigi ochildi.
TDTU Olmaliq filiali Energetika va mashinasozlik fakulteti jamoasi yangi o‘quv yilini katta tayyorgarlik va shaxdu-shijoat bilan kutib oldi. Fakultet binosida olib borilgan ta’mirlash ishlari natijasida bino yangi ko‘rinishga ega bo‘lib, moddiy-texnik baza – o‘quv va mebel jihozlari bilan boyitildi. Auditoriya va laboratoriya xonalarida talabalar chuqur bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bugun bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda fakultetning professor-o‘qituvchilar jamoasi, talabalar hamda Ohangaron shahar hokimligi vakillari ishtirok etishdi. Bu o‘quv yilida eng yuqori ball bilan talabalikka qabul qilingan 4 nafar talabaga fakultet rahbariyatining sovg‘alari topshirildi.