Flat Preloader Icon Loading...

Yoʼriqnoma

FILIAL YO’RIQNOMASI

1-bo‘lim. Umumiy qoidalari

1.1. Ushbu oliy ta’lim muassasasi (bundan buyon matnda filial deb yuritiladi)ning odob-axloq qoidalari (bundan buyon matnda “Qoidalar” deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi va “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli buyruqlari, filialning Ustavi, ichki tartib qoidalari hamda umume’tirof etilgan ma’naviy va axloqiy tamoyillar asosida ishlab chiqilgan.
“Qoidalar” ishlab chiqilishida O‘zbekiston Respublikasi ta’limga oid qonun hujjatlarida fuqarolarga ta’lim, tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini belgilashga hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga, ta’lim oluvchilarni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etishga qaratilganligi sababli filialning asosiy funktsiyasi ta’lim va tarbiya berishdan iborat ekanligi nazarda tutilgan.

1.2. “Qoidalar” filial Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanganidan co‘ng kuchga kiradi va unga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish Ilmiy kengash qaroriga binoan amalga oshiriladi.

1.3. “Qoidalar” filialning ma’muriyati, professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari (jamoa a’zolari)ning filialga oid o‘zaro munosabatlaridagi odob-axloq tamoyillari, rioya etishlari shart bo‘lgan xulq-atvor qoidalari va majburiyatlarini belgilab beradi.

1.4 “Qoidalar”ga rioya qilish filial jamoa a’zolarining barchasi uchun majburiydir.

1.5. Talabalikka va ishga qabul qilinayotgan har bir shaxs “Qoidalar” bilan tanishib chiqishi hamda unga rioya qilishini o‘z zimmasiga olib imzo qo‘yishi shart.

1.6. filial jamoat, davlat va nodavlat tashkilotlari, ta’lim va ilmiy muassasalar, tadbirkorlik sub’yektlari, ommaviy axborot vositalari hamda talabalarning ota-onalari bilan o‘zaro munosabatlarda “Qoidalar”dagi ko‘rsatmalarga rioya etilishidan manfaatdordir.

2-bo‘lim. Maqsad va vazifalar

2.1. “Qoidalar”ning maqsadi filialda sog‘lom ma’naviy va ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, uning nufuzi hamda obro‘-e’tiborini asrab-avaylash, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ko‘maklashish, filialning jamiyatdagi hamda ta’lim tizimidagi nufuzini yanada oshirishdir.

2.2. “Qoidalar”ning asosiy vazifalari:

– yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, jamiyat, davlat va oila oldida o‘z mas’uliyatini his etadigan, davlatning ichki va tashqi siyosatini to‘g‘ri anglaydigan, vatanparvar va xalqparvar, tashabbuskor va tadbirkor, zamonaviy bilimlar bilan qurollangan hamda yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lgan irodasi baquvvat, iymoni butun va vijdoni uyg‘oq mutaxassislarni tayyorlash;
– filial jamoa a’zolarining ma’naviy immunitetini shakllantirish, saqlash va himoya qilish;

– yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, shu jumladan zo‘ravonlik, hayosizlik va shafqatsizlikni tashviqot qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarning oldini olish, jumladan, yoshlarni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga ko‘maklashishdan iborat.

3-bo‘lim. Jamoa a’zolarining odob-axloqiga oid umumiy qoidalar

3.1. Filialda hamjihatlik, o‘zaro ishonch, hurmat, bir-biriga g‘amxo‘rlik qilish hamda ahil-inoqlik jamoa a’zolarining o‘zaro munosabatlaridagi muhim shartlardir.

3.2. Filialda o‘zaro munosabatlarning asosiy tamoyili – bir shaxsning huquqi boshqa shaxsning huquqini paymol qilmasligi lozim, jumladan jamoa a’zosining so‘z erkinligi unga birovga tuhmat qilish, uni haqorat qilish, o‘zaro munosabatlarda umum e’tirof etilgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi behayo so‘zlardan foydalanish huquqini kafolatlamaydi, e’tiqod erkinligi diniy marosim liboslarida Filialga kelish huquqini kafolatlamaydi, kiyinish erkinligi ta’lim maskanida tarbiya jarayoniga salbiy ta’sir qilish huquqini kafolatlamaydi va hokazo.

3.3. Jamoa a’zolarining filialga odamlar diqqatini tortadigan tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, shuningdek tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda yoki diniy ibodat libosida, metall zanjirlar, to‘g‘nog‘ichlar, tanaga turli munchoqlar qadagan holda, sport kiyim va poyabzalida kelishi taqiqlanadi. Jamoa a’zolari Filialga orasta bo‘lib, unga monand kiyimda kelishi lozim.

3.4. Jamoa a’zosining sha’ni va qadr qimmati hurmat qilinishi hamda xalqimizning ma’naviy merosini avaylab asrash maqsadida jamoa a’zolari bir-biriga nisbatan hurmatsizlik qilishi, behayo so‘zlar ishlatishi qat’iy taqiqlanadi hamda filialda o‘zaro “Siz” deb murojaat qilish odat tusiga kirishi lozim.

3.5. filial jamoa a’zolari turli tadbirlarda (majlislar, tantanali yig‘ilishlar, amaliy uchrashuvlar, bayramlarda) so‘zga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, maishiy tinchlikka rioya etishi shart. Zarurat taqozo etsa, bir notiq o‘z so‘zini tugatib, boshqasi so‘z boshlashiga qadar yuzaga keladigan uzilish vaqtida zaldan chiqib ketish mumkin.

3.6. Binolarga kirish joylarida tirbandlik yuzaga kelsa, talabalar professor-o‘qituvchilar va xodimlarni, erkaklar esa ayollarni o‘zlaridan oldin o‘tkazib yuborishlari lozim.

3.7. Binoga kirayotgan har bir kishi binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan mas’ul shaxs yoki navbatchiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ochiq holda ko‘rsatishi shart.

3.8. Jamoa a’zolari filial hududida yo‘lning o‘ng tomonidan yurishlari kerak. Bir-biriga duch kelganda albatta salomlashishlari, bunda: talabalar professor-o‘qituvchilar va xodimlarga, erkaklar xotin-qizlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi. Bundan qo‘l berib so‘rashish istisno bo‘lib, yoshi katta shaxslar birinchi bo‘lib qo‘l uzatganidan keyingina unga javoban qo‘l uzatish mumkin.

3.9. Milliy va umumbashariy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki filialning ichki muammolariga taaluqli masalalarni Internet tarmog‘iga joylashtirish yoki undan turli maqsadlar yo‘lida foydalanish taqiqlanadi.

3.10. Kompyuterlarda filialga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy diniy ma’lumotlar, behayo suratlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi har qanday materiallarni tayyorlash,saqlash, tarqatish va targ‘ib etish qat’iyan man etiladi.

3.11. O‘quv mashg‘ulotlariga va ishga hamda jamoa a’zolarining osoyishtaligiga halaqit beradigan xatti-harakatlar (radiopriyomnik, televizor, magnitofon va boshqa ovoz kuchaytirish vositalaridan maqsadsiz foydalanish) sodir etish taqiqlanadi.

3.12. Filial jamoa a’zolari dars mashg‘ulotlari va ishga belgilangan kun tartibiga ko‘ra o‘z vaqtida kelishlari shart.

3.13. Filialda har qanday huquqbuzarlik sodir etish ta’qiqlanadi, shu jumladan, tuhmat qilish, haqorat qilish, jamoa a’zosiga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotni tarqatish, tan jarohati yetkazish, fuqorolik muomalasidan chiqarilgan vositalarga oid munosabatlarga kirishish (giyohvand moddalar, psixotropik vositalar va hokazo), ichkilikbozlik, kashandalik, maishiy tinchlikka tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘ynash qat’iyan man etiladi.

4-bo‘lim. Professor-o‘qituvchilar va talabalarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘zaro munosabatlari

4.1. Professor-o‘qituvchilar va talabalarning ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘zaro munosabatlari “Ustoz-shogird” milliy an’analariga asoslanishi lozim.

4.2. Professor-o‘qituvchi auditoriyaga kirganida barcha talabalar o‘rinlaridan turib salomlashishlari, so‘ngra o‘z joylarini egallashlari lozim.

4.3. Dars mashg‘ulotlari vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish barcha uchun taqiqlanadi.

4.4. Talaba o‘zining nojo‘ya harakatlari bilan dars mashg‘ulotlariga xalaqit bersa, professor-o‘qituvchi yuzaga kelgan vaziyat haqida dekanatni xabardor qilib va uning ruxsati bilan bunday talabani mashg‘ulotlardan chetlatishi mumkin.

4.5. Talabada professor-o‘qituvchi bilan o‘quv mashg‘ulotlaridan tashqari vaqtda muloqot qilish zarurati bo‘lsa, unda talaba quyidagi qoidalarni, ya’ni:
-professor-o‘qituvchi talaba bilan dars jadvaliga muvofiq mashg‘ulotlarda, maslahat soatlarida, mustaqil ishlarni, reyting nazoratini topshirishda yoki o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilangan vaqtda shug‘ullanishini;
-o‘zi muloqot qilmoqchi bo‘lgan professor-o‘qituvchining lavozimi, ismi, otasining ismi va familiyasini aniq bilishi shart.

4.6. Talaba oldindan kelishilmagan holda professor-o‘qituvchining huzuriga kelsa, umumiy yoki o‘zaro kelishilgan maslahat soatiga kech qolib kelgan yoki kelmagan bo‘lsa, professor-o‘qituvchidan hatto qisqa vaqt suhbatlashishni talab qilishga ham haqli emas.

4.7. Ayrim hollarda talabalar professor-o‘qituvchini almashtirish iltimosi bilan murojaat qilishlari mumkin. Buning uchun jiddiy sabablar (qo‘pollik, ta’magirlik, professor-o‘qituvchining aybi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishidagi muntazam uzilish hollarini isbotlovchi dalillar) ko‘rsatilishi va u bo‘yicha guruhning yagona fikri mavjud bo‘lishi shart.

4.8. Professor-o‘qituvchi bilan talaba o‘rtasida reyting nazoratini topshirishga doir ziddiyat kelib chiqqan hollarda, talaba reyting nazoratini maxsus komissiyaga topshirish uchun ruxsat berish iltimosi bilan kafedra mudiriga murojaat etishi mumkin. Bunda murojaat asoslangan bo‘lishi shart. Bunday masalalar kafedra mudirining taqdimnomasiga binoan fakultet dekani tomonidan hal etiladi.

5-bo‘lim. Professor-o‘qituvchilarning o‘zaro munosabatlari

5.1. Professor-o‘qituvchilarning o‘zaro munosabatlarida – yagona jamoa, o‘zaro hurmat va e’tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillari amal qilishi lozim.

5.2. Professor-o‘qituvchilar munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish, shaxsiyatini kamsitish, o‘zganing intelektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish, o‘zgalarga ma’naviy, moddiy yoki jismoniy ziyon yetkazish qat’iyan man etiladi.

6-bo‘lim. Xodimlarning majburiyatlari.

6.1. Filial Ustavi va Ichki tartib qoidalariga qat’iy rioya qilish;

6.2. O‘z xizmai vazifalarini vijdonan bajarish va sha’niga dog‘ tushirmaslik;

6.3. Ish jarayonida muloqot qiladigan filial xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan hushfe’l munosabatda bo‘lish;

6.4. Mehnatni muxofaza qilish, havfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalarga rioya qilish;

6.5. Kiyinish madaniyatiga rioya qilish, filial hududida, jumladan, dars o‘tayotgan xonalar va boshqa binolar va tashqi joylarida ibodat liboslarini (o‘rangan holda) kiymaslik (O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida Kodeksining 184-1-moddasi) yoki diqqat e’tiborni o‘ta jalb qiluvchi kiyimlarda yurmaslik;

6.6. Filial bo‘limlari, fakultet, kafedra va laboratoriya mol-mulkiga avaylab munosabatda bo‘lish.

7-bo‘lim. Talabalarning o‘zaro munosabatlari

7.1. Talabalarning o‘zaro munosabatlarida – yagona jamoa, o‘zaro hurmat va e’tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillari amal qilishi lozim.

7.2. Talabalar munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik qilish, shaxsiyatini kamsitish, o‘zganing intelektual mulkini o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish, o‘zgalarga ma’naviy, moddiy yoki jismoniy ziyon yetkazish qat’iyan man etiladi.

8-bo‘lim. Professor-o‘qituvchilarning odob-axloqqa oid majburiyatlari

– odob-axloq qoidalariga rioya qilishda talabalarga namuna bo‘lish;

– filial manfaatlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyish;

– biror – bir noxush voqea yoki xodisa ro‘y bersa, zudlik bilan u haqida ma’muriyatga xabar berish;

– filial sha’ni va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday holatlarning oldini olish;

– filial to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va obro‘siga ziyon yetkazish uchun yoki o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmaslik;

– dars jarayonida talabalarga odob-axloqqa oid milliy an’analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni targ‘ib qilish;

– yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan diniy va ekstremistik ta’sirlardan, tuban “ommaviy madaniyat” xurujlaridan ogoh etib borish;

– ta’lim oluvchilarni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqishga ko‘maklashish.

9-bo‘lim. Talabalarning odob-axloqqa oid majburiyatlari
a) Filial hududida:

– hududga kirishda talabalik guvohnomasini ko‘rsatib kirish;

– hududni ifloslantirmaslik va chiqindilarni faqat joylardagi urnalarga tashlash;

– ustozlar bilan duch kelganda salom berish;

– o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida hududda sababsiz yurmaslik;

– filial mulki (ko‘char va ko‘chmas mulki, o‘simlik va hayvonot dunyosi va hokazolar) ga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;

– kiyinish va o‘zaro suhbat odoblariga rioya qilish;

– mutasaddilarning ruxsatisiz turli reklama vositalarini osmaslik;

– maishiy tinchlikka rioya qilish;

– narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlar muvofiq yuqoridagi holatlar haqida tegishli tashkilotlarga o‘z vaqtida iste’mol qilinishi hamda tarqatilishiga qarshi kurashish. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga xabar bermaslik javobgarlikka sabab bo‘lishi alohida qayd etiladi.

b) auditoriyada:

– uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yish;

– dars vaqtida gaplashmaslik;

– jihozlarga madaniy munosabatda bo‘lish, partalarga yozmaslik;

– qog‘oz va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketmaslik;

– ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik.

v) umumiy ovqatlanish joylarida:

– taomlarni olishda navbat tartibiga rioya qilish;

– tirbandlik holatida ustozlar, ayollar, yoshi kattalarga hurmat ko‘rsatish;

– ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik;

– umumiy ovqatlanish shaxobchasida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish.

g) axborot resurs markazida:

– ARM xodimlari bilan hushmuomalada bo‘lish;

– kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;

– baland ovozda so‘zlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslik;

– qog‘oz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslik;

– kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.

d) talabalar turar joylarida:

– mavjud jihozlarni asrash, ularga zarar yetkazmaslik;

– elektr-energiyasi, gaz va suv resurslaridan tejamkorona (oqilona) foydalanish;

– sanitariya va gigiyena xonalaridan foydalanish qoidalariga amal qilish;

– talabalar turar joyi “Nizomi” va “Ichki tartib qoidalari”ga qat’i rioya qilish. ye) sport majmualarida:

– sport majmuasiga xos bo‘lgan kiyim va poyabzallarda kirish;

– sport inventarlariga nisbatan madaniy munosabatda bo‘lish;

– mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish;

– sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilish.

j) madaniyat saroyi va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazish joylarida:


– o‘rindiq va boshqa jihozlarga nisbatan madaniy munosabatda bo‘lish;
– ommaviy tadbirlar vaqtida hushtak chalmaslik, baqirmaslik, tadbir tugashidan oldin sababsiz chiqib ketmaslik;

– uhlab o‘tirmaslik, o‘rindiqlarga yotib olmaslik, bir-biri bilan gaplashmaslik, yon atrofdagilarga xalaqit bermaslik.

Shuningdek,
– turli davralarda o‘zining namunaviy xulqi va bilimi bilan filial haqida yuksak ijobiy taassurot hosil qilishga intilish;

– doimo komillikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglash;

– filial manfaati, uning sha’ni va shonli an’analari, obro‘si hamda nufuzi to‘g‘risida qayg‘urish, ularni saqlab qolishga jonkuyarlik qilish va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.

10-bo‘lim. Professor-o‘qituvchi, xodim va talabalar odob-axloqida man etiladigan holatlar

Professor-o‘qituvchiga:
– jamoa a’zolarining shaxsiyatini va qadr-qimmatini kamsitish, o‘zgalarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilish;
– jamoa a’zolari va boshqalar ustidan turli ig‘vo, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirish;
– talabalar bilan o‘z hamkasabalarining kasbiy va shaxsiy kamchilik-larini muhokama qilish;
– talabalarni asossiz o‘quv mashg‘ulotlardan chiqarib yuborish;
– o‘quv mashg‘ulotlarida tijorat reklamasi o‘tkazish;
– o‘quv mashg‘ulotlarida diniy tashviqot olib borish;
– o‘quv mashg‘ulotlariga mast, soch-soqol olinmagan va kiyinish tartibiga rioya qilmagan holda kelish;
– binolarda ichish va chekish kabilar qat’iyan man etiladi.

Talabaga:
– professor-o‘qituvchilarga qo‘pollik qilish, mashg‘ulotlar vaqtida asossiz gapirish;
– professor-o‘qituvchi bilan boshqalarning bahosini muhokama qilish;
– yolg‘on gapirish, g‘irromlik yoki professor-o‘qituvchilarni chalg‘itish bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlar qilish;
– xodimlar va o‘z o‘rtoqlariga nisbatan hurmatsizlik qilish;
– yozma ishlarni himoya qilish va reyting nazoratiga doir boshqa tartib-taomillarni bajarish vaqtida chetdan yordam olish, o‘zgalarga yordam ko‘rsatish;
– boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o‘z nomidan topshirish;
– mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborish yoki kechikib kelish;
– mashg‘ulotlar vaqtida professor-o‘qituvchining ruxsatisiz auditoriya-dan chiqib ketish;
– boshqa talabaning sa’y-harakatlariga qasddan ziyon yetkazish;
– moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligini turli yo‘llar bilan ko‘z-ko‘z qilish qat’iyan man etiladi.

11-bo‘lim. Ma’muriyat, professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasidagi odob-axloqqa oid munosabatlar

11.1. Ma’muriyat, professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlar, o‘zaro hurmat, ahillik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, g‘amho‘rlik va adolat tamoillariga asoslanadi.

11.2. Ma’muriyat, professor-o‘qituvchilar va xodimlarning ish faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishida bir tarafning boshqa tarafga tazyiq o‘tkazishiga yoki unga harakat qilishiga, shuningdek adolat tamoillariga va filial manfaatlariga zid bo‘lgan qarorlar tayyorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.

11.3. Lavozim darajalari teng bo‘lgan xodimlar o‘rtasidagi muammolarni ishchi tartibda hal etish tavsiya etiladi. Lavozim darajalari teng bo‘lgan xodimlarning ish jarayonidagi turli muammolarni o‘z vakolatlari doirasida, ma’muriyatni jalb etmagan holda hal etishlari ma’qullanadi.

11.4. Jamoada biror bir masala bilan ma’muriyatga murojaat qilish tartibi subordinatsiya tamoili asosida tashkil etiladi.

11.5. Professor-o‘qituvchi va xodimning filialda ma’naviy-ahloqiy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha tashabbus va g‘oyalari rag‘batlantiriladi.

11.6. Ma’muriyat professor-o‘qituvchilar va xodimlarning kasbiy va intelektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmog‘idan, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanish shuningdek hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha imtiyozlarni yaratib beradi.

12-bo‘lim. Rag‘batlantirish va chora ko‘rish tartibi.

12.1. O‘quv yili davomida “Qoidalar”ga to‘la rioya qilgan, filialda yuksak ma’naviy-axloqiy muhitning yanada qaror topishiga va mustahkamlanishiga xizmat qilgan jamoa a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va bo‘lim boshliqlari tavsiyasiga binoan filial ichki tartib qoidalariga muvofiq moddiy yoki ma’naviy rag‘batlantiriladi.

12.2. Jamoa a’zolari ushbu “Qoidalar”ni buzganida, filial ichki tartib qoidalarining “Intizomiy ta’sir choralari” bo‘limida keltirilgan holatlar bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Shuningdek, jamoa a’zosining xulq-atvori ustidan jamoat nazoratini ta’minlash maqsadida, mazkur qoidalarga rioya etilmaganligi holatlari filialdagi Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi, Filial yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar va “Ota-onalar” Kengashlarida ham muhokama qilinishi va ularning qaroriga binoan jamoa a’zosining hulq-atvori to‘g‘risida u yashab turgan mahalla fuqarolar yig‘iniga ma’lumot tariqasida yozma xabar yuborish amaliyoti ham joriy etilishi mumkin.

  1. BINO ICHIDAGI TARTIB

13.1. O‘quv binolarining zaruriy jihozlar (mebel, o‘quv uskunalari, normal temperatura, yoritilish va boshqalar) bilan ta’minlanishi uchun filial moliya-iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektori javobgardir.
Laboratoriya va kabinetlarda o‘quv jihozlarining mavjudligi va butligi uchun laboratoriya mudiri va katta laborantlar javob beradi.

Filial xududida, belgilangan joylardan tashqari, chekish kat’iyan man qilinadi.
Chekkan shaxsga nisbatan belgilangan miqdorida jarima solinadi.
Filial binosi ichida:

a) bosh kiyimda va paltoda yurish;

b) qattiq gapir ish, shovqin, dars paytida koridor bo‘ylab kezish;

v) chekish;

g) spirtli ichimliklar ichish kat’iyan man qilinadi.
Filial ma’muriyati binosini qo‘riqlanishini, jihozlar, uskunalar va boshqa zarur narsalarning saqlanishi, shuningdek, o‘quv va maishiy bino ichida zarur tartibni ta’minlashga majbur.
Binoni ko‘riqlash jihozlarning saqlanishi va yong‘inga qarshi hamda sanitariya qoidalarini ta’minlash filial rektori buyrug‘i asosida ma’muriy-xo‘jalik bo‘lim xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Scroll to Top