Soyib Abdurahmonov, 75 yoshda. Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali professori. 51 yildan buyon ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi, o‘z sohasiga doir yuzlab shogirdlar tayyorlagan. Respublikamizda metallurgiya sohasi bo‘yicha birinchi fan doktori. Olim sifatida 30 ga yaqin o‘quv va uslubiy qo‘llanma, 250ga yaqin ilmiy maqola, 5ta monografiya va “Gidrometallurgiya jarayonlari nazariyasi va dastgohlari” nomli darslik hamda ruscha-inglizcha metallurgiya terminlarining o‘zbekcha izohli lug‘ati muallifi. Uning tashabbusi bilan 3ta zamonaviy laboratoriya jihozi keltirilib,  juda  muhim bo‘lgan ilmiy-tadqiqot ishlarning dastlabki tahlili amalga oshirilmoqda. SHuningdek, olimning sa’y-harakati bilan bugungi kunda konchilarning asosiy ilmiy nashri bo‘lmish “O‘zbekiston Konchilik xabarnomasi” ilmiy-texnik jurnalining  tashkil etilganligi ham ibratlidir. Bu kishining  rahbarligida 8ta nomzodlik va 2ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

Fidokorona mehnatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi “SHuhrat” medali, ikkinchi va uchinchi darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Uch nafar farzandning otasi, o‘n ikki nafar nabira-yu sakkiz evaraning suyukli bobosi.

Soyib Abdurahmonov bor vaqti, kuchi, imkoniyatini ilmga sarfladi,  hanuz  “…qilganlarimdan, qiladiganlarim muhim va azizroqdir”, deya tinib-tinchimaydi. Hozirgi kunda besh nafar mustaqil tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda va “Qimmatbaho komponentlarni ajratib olish maqsadida mis ishlab chiqarish shlaklarini qayta ishlash texnologiyasini yaratish” mavzusida davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ishda katta ilmiy xodim sifatida qatnashmoqda.

 

Dilnoza QURBONOVA,

Islom Karimov nomidagi TDTU

Olmaliq filiali matbuot kotibi