Flat Preloader Icon Loading...

Fayzli umr sohibi

“Bilimni buyuk, o‘quvni ulug‘ bil,
Bu ikkisi tanlangan bandasini ulug‘laydi.
Zakovat qaerda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim kimda bo‘lsa, buyuklik oladi”.
Yusuf Xos Hojib

Ilm inson umrini bezab turuvchi nurdir. Bu nurning salmog‘i, qamrovi shunchalikki, u avlodlar, yuzlab, minglab shogirdlar hayotiga kirib boradi. Muborak 80 yoshni qarshi olib, ilm nuri ila zamondoshlari bilan hamqadam, hamnafas bo‘lib yurgan shijoatli inson Toshkent viloyatining farzandi, geologiya-mineralogiya fanining etuk mutaxassisi, olim, yuzlab shogirdlar ustozi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali dotsenti, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi Isomatov Yusuf Po‘latovichning yubileyiga bag‘ishlangan  respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. “Mineral xom-ashyolar va texnogen chiqindilarni samarali qayta ishlashning muammolari, istiqbollari va innovatsion yondashuvlari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanga respublikamizning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlaridan vakillar, ustozning hamkasblari va shogirdlari tashrif buyurishdi.

Ilmiy faoliyatni rivojlantirish, ilmiy ishlarning natijadorligini ta’minlash, professor-o‘qituvchilar va xodimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, Web of Science, Skopus, Google Scholar kabi xalqaro ma’lumotlar bazalarida ilmiy maqolalarni chop etish va iqtiboslik darajasini oshirish, amaliy, fundamental va innovatsion tadqiqotlar mavzularini hududiy va ishlab chiqarish sohalari muammolarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish, xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlarda muntazam ravishda ishtirok etish bugungi kun ta’limining eng asosiy mezoni hisoblanadi.

Filial miqyosida tashkil etilgan anjuman o‘z oldiga iqtidorli yoshlarni tanlash, ularga shart-sharoit yaratish, ilmiy izlanishlarga keng jalb etishni maqsad qilgan. Shu bilan birga filialda muhandis-texnolog kadrlar tayyorlashni hisobga olgan holda eng yaxshi innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, iqtidorli ixtirochi, injener-konstruktor, dasturchi va ratsionalizatorlarni tanlash hamda keyingi bosqichlarga yo‘naltirish anjumanning asosiy maqsadi bo‘ldi.

Ilmiy-amaliy anjuman avvalida geologiya-mineralogiya sohasining yetuk namoyondasi Yu.P.Isomatovning yubiley yoshi munosabati bilan tabrik va qutlovlar yangradi. Bugungi kunda yirik ishlab chiqarish korxonalarida, jamiyatimizning boshqa sohalarida xizmat qilayotgan shogirdlarning ustoz haqidagi dil so‘zlari chin ma’noda minnatdorlik belgisi bo‘ldi.

 Yusuf Po‘latovich mehnat faoliyatining 50 yildan ortiq davri mobaynida yoshlarga ta’lim-tarbiya berib, ularni yetuk mutaxassis sifatida tayyorlashga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan ustoz hisoblanadi. Ustoz bugungi kunda farzandlari, yuzlab shogirdlar, talaba yoshlar, ilm-fan yo‘lida izlanayotgan olimlar ardog‘ida.

Scroll to Top