Flat Preloader Icon Loading...

Ilm-fan bilan sayqallangan ayol

bez imeni 1

Ilm-fan – baxtga yetaklovchi yo‘ldir, u insonni sharaflaydi, kamolga yetkazadi. Mehnatini “igna bilan quduq qazish”ga tenglashtirilgan olim, ilm-fan vakili millat ravnaqi va jamiyat rivojiga xizmat qiluvchi zotdir. Ayniqsa, ayol ilm bilan shug‘ullansa, olima bo‘lsa, u xuddi sayqallangan olmosga aylanadi. “Dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni halqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadir” – deya davlatimiz rahbari o‘qituvchining mehnatini ta’riflagan edi.

TDTU Olmaliq filiali Matematika va informatika kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sulaymonova Dildora Baxtiyorovna tahsil olgan Ohangaron tumani Qorasuvyoqa mahallasidagi Abdulla Qodiriy nomidagi 32-o‘rta umumiy maktabda “Olim o‘qigan maktab” loyihasi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi. Qurama tog‘larining etagida joylashgan Ohangaron tumanining chekka hududidagi so‘lim qishloq maktabida oliy ta’lim tizimi vakillarining maktab jamoasi va o‘quvchilari bilan samimiy uchrashuvi ko‘pchilikning yodida uzoq saqlanib qoladi.

Tadbirda Dildora Baxtiyorovnaning hamkasblari, ustozlari, sinfdoshlari, oila a’zolari ishtirok etishdi. Ular olis o‘quvchilik davrini, o‘qituvchilarning o‘gitlarini yodga olishdi. Har qaysi insonning kamol topishida, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida shaksiz, oilaning, ota-onaning o‘rni beqiyos. Farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga alohida diqqat-e’tibor qaratgan D.Sulaymonovaning padari Baxtiyor ota Sulaymonovning xotirasi yodga olindi, tadbir ishtirokchilari ustozning onasi Janglish hojionaga uzoq umr tilashdi.

Xalqimizda ayolga bo‘lgan munosabat o‘z tarixiy ildizlariga ega. Ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda bo‘lishga, ularni ilmli qilishga undagan. Abdulla Avloniy “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar” ,- deb yozgan edi. Tog‘-kon sanoati, iqtisodiyot sohalariga malakali mutaxassislarni tayyorlashda bilimi, iqtidori va salohiyati bilan samarali hissa qo‘shib kelayotgan olima o‘zining ilmiy izlanish va tadqiqotlarini izchil davom ettirmoqda.

O‘z hayotiy nuqtai nazariga, qat’iy shijoatiga hamda go‘zal insoniy fazilatlarga ega Dildora Sulaymonovaning ilmiy-pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir qishloq maktabining ko‘plab o‘quvchilarida havas uyg‘otdi. Tadbirda TDTU Olmaliq filialining is’tedodli talabalari, maktab o‘quvchilari qo‘shiq va raqslari, “Qalpoq” hajviy guruhi sahna ko‘rinishlari bilan ishtirok etishdi.

Scroll to Top