Flat Preloader Icon Loading...

Ilmu urfon yo’lida

shoir

Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish orqali yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mus­tahkamlash, vatanparvarlik hamda sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, barcha oliy ta’lim muassasalari, maktablar va mahallalarda tashkil etilayotgan «Ma’rifat ulashib» loyihasi shular jumlasidandir. Ushbu loyiha doirasida dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, dastur doirasida oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va mahallalar hamkorligida ziyoli, qalam ahli bo‘lgan shoiru yozuvchilar, adiblar ta’lim muassasasiga taklif etilib, o‘quvchi yoshlar hamda talabalar bilan davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Shunday davra suhbatlaridan bir bugun TDTU Olmaliq filialida bo‘lib o‘tdi. «Ma’rifat ulashib» nomli ijodiy tadbir avvalida uchrashuv mehmonlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Abdunabi Boyqo‘ziyev hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i Fozil Farhod “Yashil makon” loyihasi doirasida filial hududiga daraxt ko‘chatlari ekishdi.

So’ngra mehmonlar filialning faollar zaliga tashrif buyurib, talabalar bilan uchrashishdi. Tadbir avvalida TDTU OF direktori, professor Alisher Samadov so‘zga chiqib, talabalarga mehmonlarni tanishtirdi hamda taniqli shoir Abdunabi Boyqo‘ziyevga so’z navbatini berdi.

Shoir o’z hayoti va ijod yo‘li haqida tadbir ishtirokchilariga so’zlab berish bilan birga ijod namunalaridan ularni bahramand qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i Fozil Farhod ham ijodiy muhit, kitob mutolaasi, ijodkorlar hayoti, bugunning adiblari xususida qiziqarli ma’lumotlar bilan ulashdi, va tinglovchilarga o’zining «Og’och» she’rini o’qib berdi.

Suhbat davomida mehmonlar o‘z qalamlariga mansub she’rlarni havola etish bilan birga, TDTU Olmaliq filiali ijodkor talabasi, Navro‘z ayyomi munosabati bilan “Xush kelding fasli bahor!” mavzusida o’tkazilgan she’rlar tanlovi g’olibasi Dilshoda Sattorovaning ijod namunalaridan bahramand bo‘ldilar. TDTU Olmaliq filiali direktori Samadov Alisher Usmanovich tashabbusi tashkil etilgan ushbu tanlov go’libasi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tadbir so’ngida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari Begzod Jamiyev ijodkorlarning xalqimiz ma’naviyati, boy o‘tmishi va davlatimizning yorqin istiqboliga ishonchi badiiy ifodalangan she’rlari xususida fikr yuritib, har ikki ijodkorning ijodiga yanada parvoz tiladi.

Uyg‘oq qalb va teran tafakkur sohiblari bo‘lmish shoirlar bilan o‘kazilgan ijodiy uchrashuv nazm ixlosmandlariga estetik zavq ulashdi.

«Ma’rifat ulashib» loyihasi mehmonlarining keyingi manzili TDTU OFning hamkor maktablaridan biri bo’lgan Olmaliq shahridagi 19-sonli Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi bo‘ldi. Ijodkorlar avvaliga maktab hovlisiga ko’chat ekishdi. So‘ngra maktab o‘quvchilari bilan uchrashishdi.

Hayotni ko‘p ko‘rgan ustozlar hamda yosh ijodkorlar bilan uyg’unlikda tashkil etilgan uchrashuvdagi ma’ruzalar, samimiy muloqotlar yoshlarga vatanparvarlik hislarini singdirish, ularda yot g‘oyalarga nisbatan immunitet shakllantirishga xizmat qiladi.

Scroll to Top