TDTU Olmaliq filialida shunday loyihalar amalga oshirilmoqdaki, bu loyihalar zamirida ilmli inson qadri namoyon.
Filialda Prezident stipendiatlari hamda nomdor stipendiyalar sohiblari yil sayin oshib bormoqda. Ular erishayotgan muvaffaqiyatlar filialning ham yutug‘idir. Mana shunday filial ilmiy salohiyati oshib borishida o‘zining bilimi bilan hissa qo‘shib kelayotgan salohiyatli talabalardan biri Iroda Ashirmatova. Kuni kecha TDTU OF jamoasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendianti sohibasi, Konchilik ishi talabasi Iroda Ashirmatova tahsil olgan Olmaliq shahridagi 20 – ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida «Talaba o‘qigan maktab» loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Tadbir avvalida maktab direktori Inoyat Ergasheva so‘zga chiqib, bu tadbir bitiruvchi o‘quvchilarga ijobiy ta’sir qilishini aytib, sobiq o‘quvchining erishayotgan yutuqlari maktab uchun ham juda katta faxr ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng TDTU Olmaliq filiali direktori, texnika fanlari doktori, professor A.Samadov so‘zga chiqib, filialning yutuqlari, ilmiy salohiyati, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari hamda filialda talabalarga yaratilgan sharoitlar, ular erishayotgan muvaffaqiyatlar haqida so‘zladi. Shuningdek, ilmi, iqtidori bilan boshqalarga namuna bo‘lib kelayotgan talabalarni ruhlantirish va tengdoshlariga o‘rnak sifatida ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan “Talaba o‘qigan maktab” loyihasi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Iroda Ashirmatovaga boshlang‘ich ta’limni bergan Elmira Imonberdiyeva hamda yuqori sinfdagi sinf rahbari Barno Bazarboyevalar ham so‘zga chiqib, talabaning bolaligidan ilmga chanqoq va intiluvchan qiz bo‘lganligini aytishdi. O‘qituvchi uchun eng katta muvaffaqiyat bu o‘quvchisining kelajakda ilm yo‘lida erishgan natijalaridir.
Tadbir davomida iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar ishtirokchilarga xushkayfiyat ulashdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, talabalar uchun tashkil etilayotgan «Talaba o‘qigan maktab» loyihasi nafaqat talabaga motivatsiya beradi, balki u tahsil olgan maktab jamoasi, ustozlari, hatto o‘sha yerdagi o‘quvchilarga ham o‘rnak, namuna, iftixor va faxr tuyg‘ularini singdirishga xizmat qilmoqda. Tadbir so‘ngida maktab ma’muriyati, o‘qituvchilari va Iroda Ashirmatovaganing ota-onasiga filial rahbariyatining tashakkurnomalari hamda kitoblar to‘plami taqdim etildi.