Flat Preloader Icon Loading...

Inson – aziz, mehnati – qadrli

olim oqigan maktab

Har tongda quyosh o‘zining zarrin nurlari bilan yorug‘lik va issiqlik, tinchlik va osoyishtalik ulashib, yangi kunni boshlab berayotgan fayzli yurtimizda inson aziz, uning mehnati qadrli. Qo‘lida kitob, ko‘nglida ilm mayog‘ini tutgan inson hayot dovonlaridan oshib, ortga qarab bajargan amallarini sarhisob qilganda umr shunchaki, bekorga o‘tmayotganini his qilsa, ne baxt.

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida amalga oshirilayotgan ko‘plab tadbirlardan biri – inson qadrini ulug‘lovchi “Olim o‘qigan maktab” loyihasi ajoyib tashabbus bo‘lib, 2023 yil nomiga hamohang tarzda o‘tkazilmoqda. 

1974 yilda maktabni tugallab, qariyb 50 yildan so‘ng olim darajasida mahalladoshlariga, maktab jamoasi va o‘quvchilariga hamda sinfdosh, yor-u do‘stlariga yuzlanayotgan Samandarov Ilhomjon Rasulovich yana maktab ostonasiga qadam qo‘ydi.

        TDTU Olmaliq filiali dotsenti, texnika fanlari nomzodi Samandarov Ilhomjon Rasulovich o‘qigan Piskent tumanidagi Maqsud Shayxzoda nomli ixtisoslashtirilgan 28-sonli umumta’lim maktabida loyiha doirasida uchrashuv  bo‘lib o‘tdi. Ustoz o‘z hayot yo‘li bilan oddiy qishloq maktabi o‘quvchisi  katta maqsadlarni ko‘zlab, bu yo‘lda tinimsiz izlanishi, o‘qib-o‘rganishi natijasida ilm-fan olamida o‘z o‘rniga va so‘ziga ega bo‘lgan inson sifatida shakllanishi mumkinligini ko‘rsatib berdi.

Ilhomjon Rasulovich 1974-1979 yillarda Toshkent davlat universiteti Amaliy matematika fakultetida tahsil oldi. Matematika fani asoslarini va xususan hisoblash matematikasi metodlarini chuqur o‘rgandi. Fanlarni yaxshi va a’lo o‘zlashtirgani uchun hisoblash kafedrasi tomonidan bir guruh talabalar safida I.R.Samandarov ham Leningrad davlat universitiga 5-kursni yakunlash uchun yuborilgan va u erda ta’limni muvaffiqiyatli davom ettirgan. 1989 yilda aspiranturani  muvaffaqiyatli tugatib, 05.01.13-Texnik sistemalarda boshqaruv (Upravlenie v texnicheskix sistemax) yo‘nalishida “Issledovanie, razrabotka i prakticheskoe primenenie algoritmov predvaritelnoy obrabotki i vыdelenie strukturnыx priznakov izobrajeniy dlya ix analiza i raspoznavaniya” mavzusida kandidatlik dissertatsiyasini yoqlab, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi. I.R. Samandarov ilmiy ishlarining natijasi tibbiyot, biologiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat sohasida  uchraydigan tasvirlar yordamida echiladigan masalalarda qo‘llanilgan. Ustoz xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘plab ilmiy konferensiyalarda o‘z ilmiy xulosa va natijalari bilan ishtirok etgan. Ilmiy-tadqiqot yoki ishlab chiqarish tizimida mehnat qilganlarida ham tinimsiz izlanish, o‘qib o‘rganish ularning asosiy shiori bo‘lgan.

Tadbir davomida filial rahbariyati va jamoa a’zolari, ustozning oila a’zolari, o‘qituvchilari, sinfdosh do‘stlari, Milliy universitet Fizika va matematika fakulteti professori A.Xoljigitov so‘zga chiqib, Ilhomjon Rasulovich faoliyati haqida so‘z yuritib, ularga ijodiy bardavomlik tiladilar. Maktab o‘quvchilari va filialning iqtidorli talabalari ishtirokida kuy-qo‘shiq, raqslar ijro etildi.

Filial jamoasi nomidan maktab kutubxonasiga kitoblar to‘plami taqdim etildi.

Scroll to Top