Flat Preloader Icon Loading...

“Talaba o‘qigan maktab” loyihasi boshlandi

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali o‘z qadriyatlariga ega bo‘lgan ilm-fan dargohidir. Professor-o‘qituvchilar, talabalar tomonidan amalga oshirilayotgan shunday loyihalar borki, uning mazmun-mohiyati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. “Olim o‘qigan maktab”, “Bir kunlik talaba” loyihalari mana bir necha yillardan buyon amalga oshirilib kelinmoqda. 

Yоshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z iqtidorini namoyon etishlari uchun sharoitlar yaratish, ma’naviy barkamol shaxsni shakllantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan masaladir. Mazkur vazifalarni hal etish maqsadida TDTU Olmaliq filiali jamoasi yana bir tashabbusni boshladi. Oliygoh ijtimoiy-ma’naviy hayotida faol bo‘lgan, o‘zining yaxshi o‘qishi bilan namuna bo‘layotgan talabalar tahsil olgan maktab jamoasi va o‘quvchilari bilan “Talaba o‘qigan maktab” loyihasi doirasida uchrashuvlarni o‘tkazish rejalashtirildi. Ana shunday dastlabki uchrashuv Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti 3-bosqich talabasi Bunyod Mahmudov ta’lim olgan O‘rtachirchiq tumani 47-son umumta’lim maktabida tashkil etildi. Tadbirda filial va fakultet rahbariyati, ijodkor talabalar guruhi, “Ibrat” teatr truppasi a’zolari maktab o‘qituvchilar va o‘quvchilari jamoasi bilan uchrashdilar.

Filial texnika yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritsa-da, ijodkor talabalar rahbariyat va jamoa tomonidan har tomonlama qo‘llab quvvatlanadi. Oliygohda talabalarga jahon standartlari darajasida ta’lim berish uchun barcha imkoniyatlar bor, sharoitlar yaratilgan. Professor-o‘qituvchilar jamoasi yoshlarga mutaxassislik sirlarini o‘rgatish bilan birga har bir iqtidorli talabani e’tibordan chetda qoldirmay, o‘qish, ilmiy yo‘nalishlar hamda ijod sohasida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Har bir ta’lim muassasasining eng katta kuchi, boyligi bu uning iqtidorli, ijodkor talabalaridir. Filialimizda o‘zining a’lo o‘qishi, xorijiy tillarni egallagani, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Islom Karimov, Beruniy nomidagi davlat stipendiyalariga ega bo‘lgan talabalar bor. Shuningdek, oliy ta’lim olish bilan birga o‘z ijodini ham yuksaltirayotgan talabalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bunyod Mahmudov, Abduxalil Ismatov, Sevinch Abdug‘ofurova, Mardonbek Nuralibekov, Asadbek Abdazim va boshqa ko‘plab iqtidorli yoshlar filial ma’naviy-ma’rifiy faoliyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan talabalardir.

Tadbir davomida filial rahbari A.Samadov yoshlarning barkamol inson bo‘lib voyaga etishishida ota-ona, ustozlar, bir so‘z bilan aytganda jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhimligini, yoshlarning kamol topishida kattalarning so‘zi, o‘rni, mehnati beqiyosligini ta’kidlab o‘tdi. 

Tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Nazirqulov so‘z olib, bugungi kunda olib borilayotgan ta’lim islohotlari, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zladi. 

Shuningdek tadbir so‘ngida maktab ma’muriyati, o‘qituvchilari va Bunyod Mahmudovning ota-onasiga filial jamoasining tashakkurnomalari hamda kitoblar to‘plami taqdim etildi.

TDTU OF jamoasi boshlagan mazkur loyiha iqtidorli talabalar tahsil olgan ko‘plab umumta’lim maktablarida davom etadi.

Scroll to Top