Flat Preloader Icon Loading...

Ilm-u mehnati bilan inson ulug‘dir

ljvkf

Inson – aziz, uning umri va mehnati muqaddasdir. Insoniylik, xalqimizga xos oliyjanoblik mujassam bo‘lgan bunday qadriyatlarimiz mazmun-mohiyatida  inson qadri ulug‘lanadi. Xalqimizda pir-u badavlat degan kalom bor. Bu juda ulug‘, hammaga ham nasib qilavermaydigan ne’matdir.

Qutlug‘ 80 yosh arafasida bardam-baquvvat, sog‘-salomat, solih farzandlar qurshovida, umr yo‘ldoshining tirgagida, jamiyatning hurmat-u ehtiromida yashayotgan, minglab shogirdlar hayotida shamchiroq bo‘lgan ustoz Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali professori, texnika fanlari doktori Soyib Abdurahmonovich Abdurahmonov ana shunday pir-u badavlat inson. Inson muvaffaqiyatining siri mehnatda yashiringan. Olimlik martabasining yuksakka ko‘tarib ulug‘lanishi bejiz emas, chunki ilm aql chirog‘idir. Soyib Abdurahmonovich O‘zbekiston metallurgiya sanoatining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, yetuk mutaxassis sifatida ilm-fanda ilmiy maktab yaratgan ustozdir. Sohaga oid o‘quv va ilmiy adabiyotlarni birinchilardan bo‘lib o‘zbek tilida yaratib, tog‘-kon sanoati sohasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan.

Ustoz ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirgan mehnatlari natijasida 1997- yilda “Shuxrat” medali, 2022 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Ellik yildan ortiq vaqt mobaynida ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida bilimi, mehnati bilan katta ilmiy maktab yaratgan Soyib Abdurahmonov hayoti haqiqiy fidoyilik namunasidir.

TDTU Olmaliq filiali jamoasi o‘z an’analarini davom ettirgan holda Soyib Abdurahmonov tavallud topgan Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi Ahmadbek qishlog‘ida va tahsil olgan  59-maktabda bo‘lishdi. Filial tashabbusi bilan “Olim oʻqigan maktab” loyihasi doirasida mazkur maktabda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda S.Abdurahmonov faoliyat koʻrsatayotgan oliygoh professor-oʻqituvchilari, olimning yaqinlari, mahalladoshlari, yoshlar vakillari ishtirok etdilar.Tadbirda tuman hokimi H.Dadaxonov, “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi hamda tuman maktabgacha va maktab taʼlimi  boʻlimi mas’ullari, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali rahbariyat vakillari, professorning do‘stlari, mahalladoshlari va shogirdlari ishtirok etishdi.  Mazmunan samimiylik va chuqur hurmat bilan o‘tkazilgan tadbirda ustozning  hayoti, ilmiy faoliyati, mamlakatimiz togʻ-kon sanoati rivojiga, metallurgiya taʼlim yoʻnalishi va ilm-fanga qoʻshayotgan munosib hissasi haqida soʻz yuritildi.

 Taniqli professorning mashaqqatli va sharafli hayot yoʻli haqidagi xotiralari, bugungi kunda yurtimizda ilm-fan taraqqiyotiga berilayotgan yuksak eʼtibor, yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, kelajagimiz egalarining vaqtning har bir daqiqasidan unumli foydalanib, ilm-fan, kasb-hunar sirlarini mukammal egallashlari lozimligi xususidagi fikr-mulohazalari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

 Maktab oʻquvchilari va talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy dastur uchrashuvga yanada fayz kiritdi. Tadbir yakunida olim oʻzi tahsil olgan maktabga zamonaviy kompyuter jamlanmalari va badiiy adabiyotlar sovgʻa qildi. Shuningdek, TDTU Olmaliq filiali tomonidan ham maktab kutubxonasiga kitoblar to‘plami taqdim etildi.

Muqaddas Ergasheva,

TDTU OF matbuot xizmati

Scroll to Top