Flat Preloader Icon Loading...

Tog‘ bag‘ridan chiqqan olima

olima

Lashkerak – Angren shahridan 28 km uzoqlikdagi chekka bir hudud. Archa bilan qoplangan purviqor tog‘larning etagidagi 120 o‘ringa mo‘ljallangan va ayni kunda 87 nafar o‘quvchisi bo‘lgan maktab. Gap shu maktabni salkam 45 yil avval tamomlagan va filologiya fanlari nomzodi, dotsent Zamira Mirzakarimova haqida ketmoqda.

TDTU Olmaliq jamoasi “Olim o‘qigan maktab” loyihasi doirasida tarixi 7-8 asrga borib taqaladigan, Qurama tog‘lar bilan o‘ralib, dengiz sathidan 1800 metr balandda joylashgan, tabiati toza, bahavo, tog‘lar bilan o‘ralgan Lashkerak qishlog‘ining ziyoli oila vakilasi, oilada 3-farzand bo‘lgan Zamira Dadamatovna tahsil olgan maktabda bo‘lishdi.

Maktab hovlisidan kirib borar ekanmiz, ikki yuzlari qip-qizil, toza havo va mehnatda toblangan o‘quvchilar e’tiborimizni tortdi. Zamira Mirzakarimova ham shu maktabda o‘qigan yillari huddi shu o‘quvchilar kabi tog‘dan toqqa hech qanday qiyinchiliklarsiz chiqa oladigan, tabiatning moʻjizasiga to‘la qishloqning asl farzandi bo‘lib, ham mehnatda, ham bilimda qishloq ahliga namuna bo‘la oladigan darajagi o‘quvchi bo‘lganligi bugungi natijalaridan ma’lum.

Tadbir avvalida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari B.Jamiyev Zamira Mirzakarimovaning bugungi erishgan muvaffaqiyatlari hamda filialdagi faoliyati xususida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng, professor-o‘qituvchilar, olima ayolning sinfdoshlari, aka-singillari hamda shogirdlari so‘zga chiqib, Zamira opa haqidagi iliq fikrlarini bildirib o‘tishdi. Shuningdek, iqtidorli talabalar va o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan musiqali va she’riy chiqishlar ishtirokchilarga o‘zgacha kayfiyat ulashdi.

Ayniqsa, TDTU Olmaliq filiali talabasi Abduxalil Ismatovning tog‘lar qo‘ynida olis bolalik xotiralarini yodga soluvchi qo‘shiqlari, Bunyod Mahmudovning o‘qituvchilar haqidagi hazil aralash yozilgan she’rlar ijrosi barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Oilada 10 farzandning barchasi oliy ma’lumotli, eng e’tiborlisi hozirda ularning barchasi o‘qituvchi. Shu farzandlar orasida umrini ilm-fan yo‘liga baxshida etgan, fanning sir-asrorlarini chuqur o‘rganib, olimlik martabasiga erishgan hamda bu boylikni yosh avlodga yetkazishda salmoqli hissa qo‘shayotgan Zamira Mirzakarimova ota-onasi, ustozlari haqidagi fikrlarini bildirish bilan birga, shunday kunlarni ko‘ra olmagan ota-onasi uchun doim duodaligini, ular tufayli bugun barcha farzandlar el koriga yaraydigan insonlar bo‘lib, o‘z faoliyatlarida ma’lum bir yutuqlarga erishayotganliklarini ta’kidladi.

Bu tadbir nafaqat Zamira Mirzakarimova va ularning yaqinlari uchun, balki o‘quvchilar, maktab jamoasi uchun ham faxr tuyg‘ulariga to‘la onlarni baxsh etdi.

Sharqiroq soylar, yam-yashil archalar, osmonga tutash cho‘qqilar bag‘rida ulg‘aygan Zamira opa Mirzakarimova o‘zi tahsil olgan maktab o‘quvchilar orasidan o‘zi kabi olima ayollar chiqishiga umid bildirib, ularga o‘zining kitoblar to‘plamini hadya etdi.

Scroll to Top