Flat Preloader Icon Loading...

U magistr, u stipendiant, u Yoshlar akademiyasi lideri…

bek

Talabalik oltin davr. Bu jumla juda eskirgan bo‘lsada, amalda talabalarimiz hanuz bu jumlani mehr bilan qo‘llashadi. Shu davrning ichiga oltinga teng onlarni kirgizish, chindan yodda qolarli damlarni o‘z tarixiga muhrlash esa har bir talabaning o‘ziga bog‘liq.

TDTU Olmaliq filialida tahsil olayotgan, tinimsiz izlanish, ilmiy tadqiqotlar yo‘lida harakat qilish bilan birga turli tanlovlarda o‘z bilimini sinab ko‘ruvchi ilmli, iqtidorli talabalar filial e’tiborida. Xususan, “Talaba o‘qigan maktab” loyihasi doirasida talaba ta’lim olgan maktablarda turli tadbirlar o‘tkazish nafaqat maktab uchun namuna, balki talaba uchun juda katta motivatsiya hamdir.

Buni Yoshlar akademiyasi lideri, Prezident va Islom Karimov nomidagi davlat stipendianti, Energetika va mashinasozlik fakultetining muhandis-mexanik mutaxassisligi bo’yicha uslubchisi va magistranti Behzod Abdurafiqov misolida ko’rishimiz mumkin. “Talaba o’qigan maktab” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir bilimga chanqoq Behzod Abdurafiqov ta’lim olgan Nurobod shahridagi 52-sonli maktabda bo’lib o’tdi.

Yuzlarida iliqlik va o‘z o‘quvchilariga nisbatan faxr hissi sezilib turgan o‘qituvchilar va maktab o‘quvchilari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir avvalida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari Behzod Jamiyev hamda 52-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Bahrom Sayfullayev so‘zga chiqib, o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.

Tadbir davomida maktabning iqtidorli o‘quvchilari hamda filialning iste’dodli talabalari Abduxalil Ismatov va Bunyod Mahmudovlarning chiqishlari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

Shuningdek, ilm sohibi bo‘lishga intilayotgan kun qahramoni Behzod Abdurafiqov ham so‘zga chiqib, TDTU Olmaliq filialidagi yutuqlari, qanday qilib stipendiya sohibi bo‘lganligi, «Zakovat» intellektual o‘yinidagi ishtiroklari va boshqa tanlovlarda g‘olib bo‘lgan onlari to‘g‘risida gapirdi.

Talabaning ona tili va adabiyoti fan o‘qituvchisi Malohat Yunusova ham tadbirda so‘z olib, o‘zining Behzod haqidagi samimiy fikrlarini bildirib o‘tdi. Onasi Dilbar Ashuraliyevna esa o‘g‘lining yoshligidan kitobsevar bo‘lib ulg‘aygani, erishayotgan muvaffaqiyatlaridan minnatdor ekanligini ta’kidlab, ilm yo‘lida ko‘makdosh bo‘layotgan ustozlarga tashakkurini izhor qildi.

Kecha yakunida maktab uchun filial tomonidan badiiy kitoblar to‘plami hadya etildi hamda B.Abdurafiqovning ota-onasi va ustozlariga tashakkurnomalar topshirildi.

Scroll to Top